Bir asrning ikki dahosi
Ajdodlar merosini oʻrganish, ularni xotirlash tafakkurimizga cheksiz ruhiy ozuqa beradi. Ularning ijodini anglagan, oʻgitlariga amal qilgan yoshlar maʼnan boy boʻladilar, kamolotga yetishadilar. Hech mubolagʻasiz aytish mumkinki, gʻazal mulkining sultoni Alisher Navoiy, uning zamondoshi temuriyzoda shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur bobolarimiz tavallud topgan fevral oyi yoshlarimizning mumtoz adabiyotimizga boʻlgan muhabbatlarining namoyishiga aylandi. Mamlakatimizdagi har bir maktabda allomalarimiz hayoti va ijodiga bagʻishlangan adabiy kechalar boʻlib oʻtdi.
Toshkent viloyati Chirchiq shahridagi maktablarda ham Navoiy tavalludining 580 yillik yubileyi mumtoz adabiyot bayrami sifatida keng nishonlandi. Bu borada rus va qozoq tiliga ixtisoslashtirilgan 16-umumtaʼlim maktabi oʻquvchilari oʻzbek mumtoz adabiyotiga boʻlgan qiziqish va mehrlari bilan boshqalarga oʻrnak desak xato qilmagan boʻlamiz. Maktabning 6-”B” sinfida darslar rus tilida oʻtsa-da, oʻzbek tili jonkuyari Navoiy ijodiga boʻlgan muhabbat ularni alloma bobolar tavalludiga bagʻishlab “Bir asrning ikki buyuk dahosi” deb nomlangan ajoyib kecha oʻtkazishga undadi. Kechani oʻzbek tili va adabiyoti oʻqituvchisi Munira opa Boltayeva ochib ulugʻ ijodkorlarning turkiy adabiyotda tutgan oʻrni, ahamiyati haqida soʻzladi.
Oʻquvchilar ustozlari Munira Boltayeva, Laylo Kushakovalar yordamida alloma bobolarining gʻazal va ruboyilarini davlat tili – oʻzbek tilida yod olishdi. Ular hayoti va ijodidan hikoya qiluvchi “Navoiy va usta”, “Andijon qovuni” deb nomlangan sahna koʻrinishlarini namoyish etdilar. Navoiy hikmat va maqollarini yoddan aytdilar, mumtoz qoʻshiqlar, milliy raqslar ijro etib, isteʼdodning millati boʻlmasligini, u barcha insoniyatga birday yoqimli, kerakli ekanligini namoyish qildilar. Alloma shoirning:
Olibmen taxti farmonimgʻa oson,
Cherik tortmay Xitodin to Xuroson
deganlarida nechogʻlik haq boʻlganliklarini isbot qildi. Ayniqsa, oʻquvchilar egnidagi liboslar, sahna bezaklari yigʻilganlarni sof oʻzbekona muhitga, XV asr shoir-u ijodkorlari davrasiga yetaklab, tadbir ishtirokchilari qalbida Navoiy va Bobur shaxsiga boʻlgan hurmatlarini yana ham oshirdi.
Badiiy kechadan soʻng maktab jamoasi va Milliy gvardiya masʼul xodimlari Chirchiq shahrida joylashgan Zahiriddin Muhammad Bobur haykali poyiga ehtirom sifatida gulchambar qoʻydilar.
Dilafroʻz ZAYNIYEVA