Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Ajdodlar va avlodlar oʻrtasidagi koʻprik

Shunday insonlar borki, ular ajdodlar va avlodlar oʻrtasida ulkan koʻprik vazifasini oʻtaydi. Ular orttirgan bilim, tajriba, salohiyat va ilmiy tadqiqotlari bilan mutafakkir ajdodlarimizning maʼnaviy merosini xalqimiz xotirasida asrlar davomida yashab kelishida beminnat xizmat qilmoqda.

Ushbu sahifamiz orqali sizlarni filologiya fanlari nomzodi, “Naqshbandiya” jurnali bosh muharriri, “Buxoronoma”, “Naqshband va Navoiy”, “Luqmayi halol”, “Ishq, oshiq va maʼshuq”, “Burch” kabi qator kitob, risola, darsliklar muallifi Sultonmurod OLIMning bolalik xotiralari bilan tanishtirishni niyat qildik. Zero adabiyotimiz uchun katta koʻprik vazifasini bajarib kelayotgan, Alisher Navoiy ijodini mukammal oʻrganib, har bir bayt mohiyatini chuqurroq anglashimiz uchun beqiyos mehnat qilayotgan bunday olimlarning hayot yoʻllarini oʻrganishimiz, ulardan ibrat olishimiz zarur.

 

Cheksiz olam

Men 1954-yili Buxoro viloyatining Vobkent tumanidagi Qirgʻizon qishlogʻida tugʻilganman. Bolaligimdan nolimayman. Chunki u zavq-shavq, oʻqish-oʻrganish, yelib-yugurish, izlanish-ixtiro bilan oʻtgan.

Ota-onamiz, maktab, darsliklar va boshqa kitoblar bizga shunday kengdan keng, cheksiz-chegarasiz olamni tanitgan. Biz – farzandlar Yer yuzining aksar mamlakatlari poytaxtini, koʻpdan koʻp davlat rahbarlarini, qanchadan qancha daryo-yu dengiz-u okeanlarni, osmondagi ne-ne yulduzlarni nomma-nom bilar edik. Ota-onamiz ziyoli boʻlishgan. Ular sakkiz oʻgʻil va bir qizning oʻsib-ulgʻayishi, yaxshi oʻqishi uchun oʻsha davrlar qishloq sharoiti koʻtargan barcha imkoniyatlarni yaratib berishgan edi. Otam madrasada toʻrt yil taʼlim olgan mullaning oʻgʻli edilar. Asl kasblari hisobchilik boʻlsa ham, koʻp yillar rahbar lavozimda ishlaganlar. Onam hozirgi Qozogʻistonning Qiziloʻrdasida Rossiya va Buxoro buyumlari savdosi bilan shugʻullangan oʻqimishli tujjorning qizi edilar. Maktabimizda oʻzbek tili va adabiyotidan dars berardilar.

1-sinfga borganimda hovlimizdagi bir xonani bizga alohida darsxona qilib berishgan. Biz uni “kutubxona” der edik. Chunki onamning koʻp kitoblari shu yerda turar edi-da. Biz – bolalar navbatchilik asosida pechka yoqar, pol yuvar, stol-stullarni artib, tozalar edik. Natija shu boʻlganki, toʻqqiz farzandning hammasi Toshkent, Samarqand va Buxoro oliy taʼlim muassasalarining kunduzgi boʻlimlarida oʻqigan. Besh nafari maktabni medal bilan bitirib, uch nafari imtiyoz bilan, yaʼni yo imtihonsiz, yo bir fandan “aʼlo” baho olib, oʻqishga kirgan. Uch nafari oliy taʼlim muassasasini imtiyozli diplom bilan tugatgan. Ikki nafari filologiya fanlari boʻyicha nomzodlik dissertatsiyasi yoqlagan.

 

Luqmon bobo taʼrifi

Bugun bolalik suratlarimga qarasam, rosti gap, koʻzlarim oʻtkirgina boʻlganini sezib qolaman. Binoyigina mahmadana edim. Ayrim yoshi ulugʻ kishilar bilan ham bemalol gap talashib ketaverardim. Toʻrt-besh yoshligimdan tojikchani ham katta qiziqish bilan oʻrganishga kirishganman. 2-sinfdan boshlab eng sevib oʻqigan fanim rus tili boʻlgan.

Bir gal gʻoʻzapoya yigʻishtirish uchun chorshoxa koʻtarib chiqdim. Lekin gʻoʻzapoya uyumini unga ilib, tirkama ustiga yetkazishga kuchim kelavermas, bunga boʻyim ham hali ancha pastlik qilar edi. Luqmon bobo ishimni kuzatib turib: “Seni: “Yaxshi oʻqiydi”,deyishadi. Lekin, ochigʻi, bu ishga yaramayapsan. Kel, bir savol beraman, shuning javobini aniq topsang, seni bu ishdan ozod qilamiz”, – dedi. Keyin bir masala aytdi: “... Bir turnaning qanoti lat yeb, oʻz yurtiga qaytib ketolmay qolibdi. Bir kuni dalada yolgʻiz yursa, osmondan turnalar galasi uchib, vataniga joʻnab ketayotganini koʻribdi. Koʻngli gʻamga toʻlib: “Turnalar, hoy turnalar, yaxshi yetib boringlar. Yurtga salom aytinglar. Men ucholmayman. Qanotim lat yegan. Shu yerda qolib, qishlashga majburman. Sizlarga havasim kelyapti. Aytinglar-chi, nechtasizlar oʻzi? – debdi. Turnalar unga: “Bizga oʻzimizning sonimizni qoʻshsang, keyin unga yana yarmimizni qoʻshsang, soʻng unga yarmimizning yarmisini qoʻshsang, shundan keyin oʻzingni ham qoʻshsang, 100 ta boʻlami-i-i-z, – deb uchib ketishibdi. Shu qushlar qancha boʻlgan? “Shartta bir gʻoʻzapoya uyumiga oʻtirib olib, hisoblashga tushdim. Formulasi – aniq: x=(x+x)+(x: 2)+(x: 4)+1. Avvalo, natija, albatta, 4 ga boʻlinishi kerak. Buning uchun juft son tanlashga toʻgʻri keladi. 40 ni qoʻyib koʻrdim – koʻp. 38 ni qoʻyib koʻrdim – koʻp. 36 ni qoʻyib koʻrdim – rosa mos keldi: x=(36+36)+(36:2)+(36:4)+1=72+18+9+1=100. Shunday qilib, 1-2 daqiqada yechdim. Mukofotiga shundoq ham eplolmayotganim ishdan ozod etildim. Ertasiga Luqmon bobo dadamga: “Shuningizdan bir balo chiqadi”, – degan ekan.

 

Bedor oʻtgan kechalar

3-sinfda oʻqib yurganimda yangi ishga kelgan musiqa muallimi rubob koʻtarib kirib, birinchi marta bizga kuy joʻrligida qoʻshiq ayttirdi. U paytlar hali qishloqqa elektr toki kelmagan edi. Televizor degan narsani bilmaymiz. Rubobni toʻylarga kelgan otarchilarning qoʻlidagina koʻrganmiz, xolos. Koʻzimga shunday yaxshi koʻrinib ketdiki... Afsuski, bir-ikki oy oʻtmay, musiqa muallimi armiyaga chaqirildi. Kechqurun uyda dadamga: “Rubob olib berasiz!” – deb turib oldim. Qurgʻur tuman markazidagi madaniy buyumlar magaziniga hadeganda kelavermadi. Oradan bir necha oy oʻtib, bir kuni kutilmaganda dadam uyga rubob koʻtarib kelib qoldilar. Azbaroyi hayajonimdan umrimda birinchi marta oʻsha kecha ertalabgacha uxlamay chiqqanman. Har zamon devorga suyalgan rubobni silab-silab qoʻyaman, deng.

Bolalikda joʻralarim bilan nuqul soʻzlarga qofiya topish oʻyinini oʻynar edim. Hozir ham ishim – shu. Bir soʻzga qofiya izlash kerak boʻlsa, oʻzbek tilidagi unga ohangdosh deyarli barcha soʻzlarni tezda topib, yigʻib chiqaman. 4-sinfdan sheʼrlar yoza boshladim. 2-3 umumiy daftar toʻldi-yov. Toshkentdagi bolalar gazeta va jurnallariga yuboraman, hadeganda bosilavermaydi.

6-sinfda maqola yozib, tuman gazetasi tahririyatiga joʻnatdim. 1967-yilning 25-mayida bosilib chiqdi. Tasodifmi yoki pochtalyonimiz koʻrib qolganmi, ishqilib, butun qishlogʻimiz obunachilariga moʻljallangan bir qoʻltiq gazetani darvozaxonamizga tashlab ketibdi. Hayajonimdan oʻsha kechasi umrimda ikkinchi marta ertalabgacha uxlamay chiqqanman. Shu-shu sheʼr kamayib, maqola yozishga qiziqib ketdim. 8-sinfni bitirib, taʼtil mahali tuman gazetasi tahririyatida maosh olib, 2,5 oy ishladim. Maktabni tugatgunimcha, yaʼni 4 yilda 6 ta gazetada jami 187 ta maqolam chop etildi. Bir yilda 52 ta, toʻrt yil ichida esa 204 ta hafta bor. Demak, 7-10-sinflarda oʻqib yurgan kezlarim oʻrtacha qariyb har haftada bir maqolam chiqqan ekan. Mana, hozir sheʼriy mashqlarim soni ham mingtadan oshdi. Lekin bugun ham gap – oʻsha: sheʼr chiqarishdan maqola chiqarish – osonroq.

 

Darslikning qudrati

Maktab darsliklarining bir satrini ham qoldirmay oʻqir edim. Tushunib qolar edimki, darsliklardagi hamma narsa ham oʻquvchilarga yetkazilmas ekan. Masalan, musiqa boʻyicha bizga biror oʻqituvchi notalarni doskaga yozib koʻrsatmagan. Holbuki, 1-sinf darsligida ham notalar beriladi. Oʻzim oʻrganib, hatto, “Yulduzcham” qoʻshigʻi kuyini nota asosida chiqarib, rubobda chala boshlaganman. Oʻquvchilar dala ishlariga jalb qilingani uchun mehnat darslari qisqarib ketar edi. Oʻtilmagan boʻlsa ham, darslikdagi koʻrsatmalar asosida 5-sinfdan boshlab ketma-ket olti yil uyda parnik qilib, tomorqamizda yetishtirish uchun koʻchat tayyorlaganman. Iyunda pomidorlarimiz pishar edi...

“Oʻzbek adabiyoti”dan oʻquv dasturlari, 10-sinf uchun “Vatan adabiyoti” majmuasi, 8-sinf uchun “Adabiyot” darslik-majmuasi, 4-sinf uchun “Odobnoma” darsligini tuzishga toʻgʻri kelgan. Darslikning oʻquvchi hayotini oʻzgartirib yuboradigan qudratiga qattiq ishonaman.

 

Fotoapparat

8-sinfda oʻqiyotganimda akam Samarqand tibbiyot institutining 1-bosqich talabasi boʻldilar. Magazinda 12 soʻmlik “Smena” fotoapparatini koʻrganlarini aytib qoldilar-ku. Olib kelishlarini iltimos qildim. Fotoapparat kelguncha oradan oʻtgan ikki oy bir yil boʻlib tuyuldi-yov. Kechasi uni quchoqlab yotganman. Quvonchimdan yana ertalabgacha koʻz yumilmagan. Keyin rasmchilikka kerak boʻladigan hamma narsalarni oldik. Baxtimizga, usta Xoliq aka armiyada bu hunarni oʻrgangan ekanlar. Shogird tushdim. Minglab rasm ishlagan boʻlsam kerak. U davr uchun bu juda katta yangilik, hattoki, bir inqilob edi. Rasmchiligim shu darajaga yetganki, 10-sinfni tugatayotganimizda bitiruv vinyetkasini ham oʻzim ishlaganman. Men olgan suratlar matbuotda ham bosilgan. Hayotning tezligini qarangki, bugun qoʻlida telefoni borning hammasi – rasmchi.

 

Charxpalak

Tomorqamizga suv teparoqdan sharillab oqib tushar edi. Oʻylab-oʻylab, shu ariqchaga charxpalak oʻrnatgim keldi. Ikki taxtani bir-biriga kirishtirib, oʻzimcha bir charxpalakcha yasadim. Oʻrtasidan yogʻoch oʻtkazib, ariqchaga oʻrnatdim. Shunday aylana boshladiki, asti qoʻyaverasiz. Shapillagani uyimizgacha eshitilib turardi. Brigadir gʻoʻzani sugʻorish mahallari kolxoz arigʻidan tomorqalarga ketadigan ariqlarni berkittirib yurardi. Uyda oʻtirib, shapillash toʻxtaganini bilar edim. Demak, brigadir yoki u tayinlagan odam bizga oqadigan suvning yoʻlini berkitgan. Yugurib borib, yana ochib kelar edim. Oʻyin-oʻyin bilan yasalgan charxpalak ana shunday muhim “xizmat”ni bajarib turganidan quvonganimni koʻrsangiz. Ayniqsa, buning uchun dadamdan maqtov eshitganimni aytmaysizmi?!

 

“Ixtiro”

“Fizika” darsligida detektorli radiopriyomnik yasash yoʻllari koʻrsatilgan edi. “Shuni yasayman”, – deb, eh-he, necha-necha kunlarim-u tunlarimni sarflaganman. Avvaliga hech oʻxshamadi. Chunki ustoz yetishmadi. Muallimimizga aytsam, eshitgisi ham kelmadi. Unga hech ham qiziq emasligini sezib qoldim. Endi oʻylasam, aksar odamlar bilmagan narsasiga qiziqmaydi yoki qiziqmagan narsasini bilmaydi. Holbuki, teskarisi boʻlishi, yaʼni odam bilmagan narsasiga qiziqishi kerak emasmi? Lekin mehnatlarim zoye ketmadi. Qishloqda faqat bizning uyimizda telefon boʻlar edi. Eski telefonimiz goʻshagidagi ovoz chiqargichni yechib olib, bir klemmasini antennaga, bir klemmasini yerga uladim. Bir kuni birdan “yasagan” radiom ishlab ketsa, deng! Bu quvonchimni bugun soʻz bilan ifodalab bera olmayman. Hozir bunday sodda narsalar bolalarni aslo hayratga solmay qoʻygan. Axir, hech qanday toksiz, yaʼni batareyasiz radiongiz aytib tursa! Keyin sirini topdim. Men detektorli radiopriyomnik yasamagan ekanman. Qishloqlar yoppasiga radiolashtirilgan, hammaning tomi ustidan radio simlari oʻtar edi. Antennamiz undagi toʻlqinni qabul qilib olar, yerga ulangan sim orqali u oʻtgan zaryad kuchi bilan ovoz chiqargichda oʻsha tovushlar paydo boʻlar ekan. Keyinchalik telefon simi oʻtgan joyda ham radiom ishlashini bilib oldim.

Har kuni namozshomga yaqin tuman radiouzelidan eshittirish beriladi. Kutilmaganda: “Endi jamoatchi muxbirimiz Sultonmurod Olimovning Pushkin nomli 3-maktabdan yozib yuborgan lavhasini oʻqib eshittiramiz”, – deb qolar edi. Bilardimki, shu maqolam tuman gazetasining keyingi sonida bosilyapti. Radioeshittirishi boshlanadigan mahalda paxta dalasini tark etib, velosipedimni minaman-da, telefon yoki radio simlari oʻtgan joyga qarab uchaman. Velosipedimning oʻzi antenna vazifasini oʻtaydi. Bolalik-da, joʻralarimni yana ham qoyil qoldirish uchun ramaga ulangan simni velosipedning sumkachasi ichidan oʻtkazib, uni qulflab qoʻyganman. “Sumkaning ichida oʻzim yasagan radiopriyomnik joylashtirilgan”, – deyman. “Och, koʻraylik”, – deyishadi ular. Kaliti uyda qolib ketganini bahona qilaman.

Bir kuni tasodifan yana bir “ixtiro” qildim. Sim bilan kelgan radio kunduzi soat 15 dan to 17 gacha dam olar edi. Ana shu mahalda choʻntak chiroqchani yoqadigan batareyaning ikki klemmasini uyimizdagi radio rozetkasining ikki teshigiga suqdim. Narigi xonada osigʻliq turgan radiodan “toʻq-toʻq” etgan tovush eshitildi. Xoʻsh, shu qoʻshnilarning radiosi orqali ham eshitilarmikin? Yugurib, Mustafo degan joʻramnikiga bordim. “Hozir men radioni toʻqillataman, eshitilsa, borib aytasan”, – dedim. Koʻp oʻtmay, “xushxabar” yetib keldi – eshitilibdi! Ertasiga bolalarga falon soat-u falon daqiqada radiodan chiqib, gapirishimni aytdim. Kolxoz radiouzeli orqali rais soʻzga chiqadigan boʻlsa, avval “toʻq-toʻq” qilinar edi. “Avval “toʻq-toʻq” qilaman, keyin gapiraman”, – dedim. Bolalar ota-onalariga ham aytibdi. Hamma yigʻilib, eshitmoqchi boʻlishibdi. “Toʻq-toʻq” qilar emish-u, men gapirmas emishman-da...

Toshkentga oʻqishga kelib, shaharlik saboqdoshlarim bilan gaplashsam, ular orasida efirga chiqib, radiobezorilik qilganlar ham bor ekan. Kaminaning “ixtiro”lari buning oldida holva ekanini obdon tushundim. Lekin, baribir, bular menga olam-olam zavq-shavq ulashgan, qiziqishlarimni kuchaytirgan, harakatga undagan, hayotga oʻchlik paydo qilgan.

Mana, 70 yoshga yaqinlashyapmanki, bir ish boshlamoqchi boʻlsam, ruhimda aynan oʻsha bolalikdagidek zavq-u shavq paydo boʻlishini kutaman. Shu kayfiyatni topganim kuni mendan baxtli odam yoʻq-da. Shuning uchun bu xotiralarimni hech narsaga almashgim kelmaydi.

 

Romanning bosh gʻoyasi

Hozirgi Oʻzbekiston milliy universitetining Jurnalistika fakultetiga oʻqishga kirishda “Mening orzum” degan erkin mavzuni tanladim. Dotsentlar Fathiddin Nasriddinov va Ozod Sharafiddinovlar “5” qoʻyishibdi. Insho bahosi aytilganining ertasiga oʻzbek tili va adabiyoti fanidan ogʻzaki imtihon topshirdik. Bir tilshunos opa (afsus, yaxshi tanib olmagan ekanman) bilan dotsent Anvar Karimov “5” bahoga tavsiya qilishdi. “Aʼlo” baho olish uchun shu fan boʻyicha komissiya raisi Ozod Sharafiddinov bilan rais oʻrinbosari Umarali Normatov suhbatidan oʻtish kerak ekan. Ozod aka avval mening qayerda tugʻilib-oʻsganim, uning tuman markazidan necha chaqirim uzoqligi, kitob magazini bor-yoʻqligi, unga kirib, kitob sotib olgan-olmaganim haqida soʻradilar. Soʻng uchta savol berdilar. Birinchisi – buxorolik qalamkashlardan kimlarni bilishim. Ikkinchisi – chet el adabiyotidan nimalarni oʻqiganim. Uchinchisi – men oʻqigan Sohib Jamolning “Chinnigul” romani bosh gʻoyasi. Bugun eslashimcha, romanning bosh gʻoyasini taxminan mana bunday bayon etdim: “Arab mamlakatini fransuz bosqinchilari bosib oladi. Mamlakatda bunga qarshi milliy ozodlik harakati boshlanadi. Bir yigit bu harakatga rahbarlik qiladi. Fransuz bosqinchilaridan biri bu mamlakatga oilasi bilan kelgan edi. Uning qizi bilan haligi yigit bir-birini sevib qoladi. Sevgining kuchi bilan qiz haqiqatni anglab yetadi. Otasiga: “Biz – fransuzlar bu mamlakatni adolatsizlik bilan bosib olganmiz. Shuning uchun chiqib ketishimiz kerak”, – deydi va mustamlaka xalq tomoniga oʻtib, arablar milliy ozodligi uchun oʻz fransuzlariga qarshi kurashadi”.

Bu javoblarim maʼqul keldi, chogʻi, “5” oldim. Maktabni “Oltin medal” bilan bitirganim uchun “Tarix” va “Chet tili” fanlaridan imtihon topshirib oʻtirmasdan universitetga qabul qilindim. Shu-shu, qaysi asarni oʻqisam, hozirgacha ham avval uning bosh gʻoyasini aniqlab olishga urinaman...

 

Bogʻliqlik…

Koʻp tanqidiy maqolalar ham yozganman. Hammasi arxivimda saqlanadi. Ularning hayotdagi muayyan oʻzgarishlarga sabab boʻlganini yosh paytimdan his qilganman. Shuning uchun jurnalistikaning “toʻrtinchi” hokimiyat boʻlishi kerakligiga hammadan koʻp ishonsam kerak.

Ikki kolxoz chegarasidan oʻtgan ariq koʻprigi vayron holga kelib qoldi. Uni na u kolxoz tuzatadi, na bu kolxoz. Koʻprik tilidan shikoyat yozib, tuman gazetasida chiqartirdim. Koʻprik taʼmirlandi. Bir feldsher yakka-yolgʻiz chol-u kampirlarga uyga kelib ukol qilishdan bosh tortganini yozdim. U ishdan olinib, jazo sifatida bir necha yil uzoq choʻldagi ovullarga feldsher qilib yuborildi. 1966-yili qishlogʻimiz elektrlashtirilib, koʻchamizdagi simyogʻochlarga ham chiroqlar oʻrnatildi. Muddati kelib, lampochkalar kuyadi, albatta. Lekin hech kim kelib, ularni almashtirmaydi-da. Kechalari qishloq yana zim-ziyo qorongʻulik bagʻriga choʻmadi. Maqola yozdim. Kuygan barcha chiroqlar almashtirildi. Xayolimda koʻchalar emas, odamlarning koʻngillari charogʻon boʻldi. Bir gal qishning kuni qishlogʻimizning molxonasida kino qoʻyib berildi. Respublikaning eng mavqesi baland gazetasi boʻlgan “Sovet Oʻzbekistoni”ga yozdim. Maqola-ku bosilib chiqmadi, ammo chora koʻrildi – qishlogʻimizga ixchamgina kinoxona qurib berildi.

Bolalikdagi ana shu ishtiyoq hozirgacha ham kaminani ommaviy axborot vositalariga chambarchas bogʻlab turibdi...

Suhbatdosh Nilufar JABBOROVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.