Vatanparvarlik darsi
Oila aʼzolari bir davraga jam boʻlib yuzlariga fotiha tortishsa, «Tinchlik xotirjamlik boʻlsin”, deb duo qiladilar. Bu hikmatli duo bir kunda necha bor takrorlanmasin, hamisha kishiga huzur bagʻishlaydi. Yaqinda afgʻon urushi qatnashchisi Qosimjon Soʻpiyev tashabbusi bilan «Vatanparvarlik darsi” dasturi ishlab chiqildi. Dastur «Gulxan” jurnali ijodkorlari bilan hamkorlikda ish boshladi. Ilk tadbir Toshkent shahar Chilonzor tumanidagi 217-maktabda «Mardlik – mangulik” nomi bilan boʻlib oʻtdi. Maktabning katta zaliga yigʻilgan ustozlar va oʻquvchilar toʻrt nafar afgʻon urushi faxriysiga ehtirom koʻrsatib kutib olishdi. Tadbirni maktab direktori ochib berdi. Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha rahbar oʻrinbosari Nigora Boʻronova davradagilarni mehmonlar bilan tanishtirdi. Ilk soʻz faxriy jurnalist, uzoq yillar Oʻzbekiston teleradiokompaniyasida «Mardlar qoʻriqlaydi Vatanni”, «Vatanimga xizmat qilaman”, «Vatanparvar” va bolalar uchun ham koʻrsatuvlar tayyorlagan, oʻnlab hujjatli filmlar, dolzarb mavzular muallifi, qator shogirdlarni tarbiyalagan afgʻon urushi qatnashchisi, loyiha muallifi Qosimjon Soʻpiyevga berildi:
– Bolalar, ota-onalaringiz siz tugʻilganda yaxshi niyatlar bilan, oʻgʻlim jasur, mard, ona Vatanini, ota-onasini himoya qila oladigan yigit boʻlsin deb juda chiroyli ismlar qoʻyishgan. Masalan, Pahlavon, Jasur, Temur, Bahodir, Rustam singari. Buning tag zamirida juda katta maʼno yotadi. Biz afgʻon urushida qatnashdik. Bu urush sobiq tuzum davrida boʻlib oʻtdi. Loyihaning ilk tadbirini bu maktabda oʻtkazishimizning boisi bor. Afgʻon urushida halok boʻlgan safdoshlarimizdan Deneld Iskandarov va Oleg Poisovlar shu maktabda oʻqishgan. Maktabga kiraverishda ularning nomlari bitilgan yodgorlik toshi ham oʻrnatilgan. Oʻzbekiston tarixi darsidan yaxshi bilasiz. Afgʻoniston bizga qoʻshni davlat. Temuriylar davrida bu mamlakat saltanatning bir qismi boʻlgan. Alisher Navoiy bobomiz Hirot shahrida tugʻilgan. Qabrlari ham oʻsha yerda. Siz aʼlo baholarga oʻqib, shunday vatanparvar, mard oʻgʻil-qizlar boʻlib yetishingki, bundan keyin Vatanimiz faqat yuksalsin, yurtimizda faqat tinchlik hukm sursin. Biz boshlagan loyihaning asl maqsadi ham shu – bolalar va yoshlarning ong-u shuuriga vatanparvarlik tuygʻusini singdirish.
– Bu tinchlik va hurlik zamoniga yetganlar va yetmaganlar bor. Urushda qancha safdoshlarimizdan ayrildik, qanchasi nogiron boʻlib qaytishdi. Xayolimga urush yillari kelib qolsa, haligacha choʻchib tushaman. Mudhish xotiralar hech qachon oʻchib ketmas ekan. Bilasizlarmi, oʻsha yillari afgʻon urushiga armiya xizmatiga chaqirilgan eng sogʻlom, baquvvat yigitlarni tanlab joʻnatishgan. Meni hozir bir narsa juda quvontiradi. Mustaqillikka erishganimizdan keyin harbiyga chaqirilgan yigitlarimiz xizmatni yurtimizda oʻtashyapti. Oʻzbekistonni, oʻz chegaralarimizni qoʻriqlashyapti. Harbiydan nafaqaga chiqqanimdan soʻng 18 yildan beri mana shu maktabda oʻquvchilarga dars beryapman. Aziz oʻgʻil-qizlarim, tinchlikning qadriga yetinglar. Yaxshi oʻqinglar, Vatan ravnaqiga hissa qoʻshinglar, – dedi shu maktabning harbiy tayyorgarlik boʻyicha oʻqituvchisi, afgʻon urushi qatnashchisi Muhiddin aka Imomov.
Maktabning 5-»E” sinf oʻquvchilari ijrosidagi Vatan madhiga bagʻishlangan sheʼrlar bolalarning Vatan degan ulugʻ nomni naqadar teran tushunishlarini namoyish etdi.
– Vatan himoyachisi boʻlish, unga xizmat qilish har bir yigitning muqaddas burchi, – deb gap boshladi Sarvar Elmurodov, – men ham 1984 – 1985-yillarda harbiy askar sifatida Afgʻonistonda boʻlganman. Vatandan uzoqda yurib uning, tinchlikning qadriga koʻproq yetadigan boʻldim. Urushni biz koʻrdik, sizlar koʻrmanglar. Onalar bolam, deb boʻzlab qolmasin. Hech kim bevaqt xazon boʻlmasin. Oʻn yildan ortiq davom etgan urushda 2000 dan ortiq oʻzbek oʻgʻlonlari nobud boʻldi. Omon qolganlarimiz ham yildan yilga kamayib ketyapmiz. Endi sizlar tinchlikda, hurlikda oʻsib-ulgʻayinglar. Yaxshi oʻqinglar, telefon, kompyuterdan meʼyorida foydalaninglar. Koʻproq badiiy kitob oʻqinglar. Chunki ular hayot sabogʻi, bitmas-tuganmas xazina.
Boshlovchi Nigora Boʻronova yozuvchi Abdurashid Nurmurodovning afgʻon urushi haqidagi «Qonli yoʻrgaklar” kitobini oʻqib, dahshatga tushgani haqida soʻzlab berdi. Shundan soʻng 5-»E” sinf oʻquvchisi Oʻroq Asilbekov ozodlik kurashchisi Jaloliddin Manguberdi haqidagi «Mendirman oʻsha” qoʻshigʻini ijro etdi.
– Meni shu tadbirga taklif etganingizdan juda xursandman, tashkilotchilarga ming rahmat. Bolalarga ibrat boʻladigan bunday uchrashuvlar tez-tez boʻlib turishi kerak. Ana shunda ular tinchlikning, mustaqilligimizning qadriga yetib ulgʻayadilar. Aziz farzandlarim, doim yaxshi oʻqinglar. Yurtimiz rahbari, yangi Oʻzbekistonni yana-da yuksaltiramiz, deyaptilar. Ana shu xayrli ishlarga sizlar ham hissa qoʻshinglar, – dedi Chilonzor tuman «Katta xirmon” mahallasi oqsoqoli Mansur aka Qosimov.
Tadbir soʻnggida maktab rahbari Nargiza Turdialiyeva afgʻon urushi faxriylariga minnatdorchilik bildirib, «Tashakkurnoma”lar taqdim etdi.
Afgʻon urushida jami ikki milliondan ortiq odam nobud boʻlgan. Garchi oradan 40 yilga yaqin vaqt oʻtgan boʻlsa-da, uning jarohatlari hali-hamon minglab oilalarning yuraklarini tirnab, qalblarini larzaga solib kelmoqda. Soʻzga chiqqan faxriylarni tinglar ekanman, meni bir narsa hayron qoldirdi. Ular negadir oʻquvchilarga urushning mudhish voqealarini, jang maydoni tafsilotlarini batafsilroq gapirishni istamadilar. Shunday boʻlsa-da, oʻquvchilar urush davrida safdosh doʻstlaridan ayrilgan, porox hididan koʻngli ketgan, onasi va oilasidan yiroqda sogʻinch hissida yashagan jangchi faxriylarning xotira va oʻgitlarini diqqat bilan tingladilar.
Zahro Hasanova