“Mendirman Jaloliddin!”
Shu kunlarda xalqimiz ajib bir koʻtarinki kayfiyatda. Goʻyo koʻpdan buyon intiq kutayotgan qadrdoni, jigargoʻshasi bilan diydorlashgandek. Ha, aslida ham shunday. Shoh va shoir, buyuk sarkarda bobomiz Zahiriddin Muhammad Bobur tavallud kuni nishonlanayotgan 14-fevral kuni “Milliy” telekanali bu bayramni yana bir ajoyib shodlikka ulab yubordi.
Yengilmas sarkarda, dovyurak inson, xalqparvar sulton, moʻgʻullar istilosiga qarshi ayovsiz kurashgan soʻnggi Xorazmshoh Jaloliddin Manguberdi haqida turk qardoshlarimiz bilan hamkorlikda suratga olingan “Mendirman, Jaloliddin” serialining ilk qismini namoyish qildi. Millionlab oʻzbek tomoshabini koʻzida yosh bilan mustaqillik sharofati tufayli bor boʻy-basti bilan ona diyoriga qaytgan vatanparvar oʻgʻlini bagʻriga bosgisi, hurmat va minnatdorchiligini izhor qilgisi keldi.
Bundan yigirma yil avval toʻngʻich oʻgʻlim maktabdan kela solib: “Oyijon, bizni Jaloliddin Manguberdi degan dovyurak bobomiz boʻlgan ekan-a, tarix oʻqituvchimiz aytdi. Sarkarda oʻn olti yoshidayoq moʻgʻul bosqinchilariga qarshi kurashga kirishgan, ularni zir titratgan ekan. Oyijon, men Manguberdi haqida koʻproq narsa bilishni istayman”, – dedi hayajon bilan. Shunda uning qoʻliga tarixchi olim Hamdam Sodiqovning “Sulton Jaloliddin Manguberdi” nomli kitobini tutqazdim. Oʻgʻlim bu kitobni takror-takror oʻqir ekan, bizga oʻzligimizni qaytargan Mustaqillikning nechogʻlik buyuk neʼmat ekanligini yurakdan his qilgandim. Ming shukr, bugun dadasidan buyuk sarkarda haqidagi ajoyib hikoyalarni tinglab oʻsayotgan nabiram xayolidagi pahlavon Manguberdini oʻz koʻzi bilan koʻrdi, u haqda mehr bilan yaratilgan serialni hayajon bilan tomosha qilyapti. Oʻzini, oʻzligini yanayam chuqurroq anglayapti. Vatan degan ulugʻ maʼvoni, vatanparvarlik fazilatining masʼuliyatini dil-dilidan anglayapti. Bu sanʼatning, kinoning buyuk xizmati!
Toʻgʻri, “Mendirman, Jaloliddin” seriali tarixiy voqealar asosida olingan boʻlsa-da, toʻliq tarixiy reallikni tiklamaydi. Balki tarixga erkin, ijodiy yondoshilgan. Bu tabiiy. Chunki badiiy asar tomoshabinni zeriktirib qoʻymasligi uchun toʻqima obrazlar, voqealar kerak. Axir kino fan emas – badiiy ijod. Rejissor unga oʻzgacha bir tasavvur bilan ijodiy yondoshgan. Ilk qismidayoq yetti yoshdan yetmish yoshgacha boʻlgan tomoshabin qalbini zabt etgan bu serialning asl maqsadi – dunyoga Jaloliddin Manguberdining insoniyat oldidagi, xalqi, vatani oldidagi ulkan xizmatini, vatanga boʻlgan muhabbatini, bosqinchilarga boʻlgan nafratini, vatan ozodligi uchun jon fido qilgan farzandlar nomi mangulikka daxldorligini, avlodlarga kimlarga qarab qad rostlash kerakligini anglatish.
Biz aktyorlar mahorati, ijodiy yutuqlar, hamkorlik haqida toʻxtalib oʻtirmadik. Bu alohida mavzu. Ammo bizga xalqparvar sulton, dovyurak bobomizni yaqindan tanitgan, millatparvar, jasoratli kino ijodkorlarga qoʻlimizni koʻksimizga qoʻyib minnatdorlik bildiramiz!
Muhabbat HAMIDOVA