Qobul va Bobur
Taniqli yozuvchi, Bobur nomidagi xalqaro ilmiy ekspeditsiya aʼzosi, qator kitoblar muallifi Qamchibek Kenjaning buyuk ajdodlarimiz nomlari bilan bogʻliq tarixiy joylarni oʻrganish yuzasidan olib borilgan izlanishlarda ishtirok etganidan xabarimiz bor. Uning shu xususda yozgan, afgʻon xalqi va Afgʻonistonda yashovchi oʻzbeklarning yashash tarzlari, orzu-oʻylari, urf-odatlari toʻgʻrisida hikoya qiluvchi sayohatnomalarini qiziqib oʻqiganmiz. Adibning ana shunday kitoblaridan biri “Buyuklar izidan” deb nomlanadi. Ushbu kitobdan joy olgan shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur haqidagi maʼlumotlar “Qobul va Bobur” boʻlimida hikoya qilingan. Oʻylaymizki, yozuvchining safar davomidagi mulohazalari va keltirgan dalillari sizga ham manzur boʻladi.
Maʼlumki, Afgʻoniston (Qadimgi Xurosonning bir qismi) Mirzo Bobur va boburiylar hayotida muhim oʻrin tutadi. Xususan, Qobul Boburshoh umr kitobining zarhal sahifalarini tashkil etadi. Oʻz Vatanidan ayrilgan Bobur Qobulda qoʻnim topadi, bir qadar osoyishtalik, xotirjamlik, qoʻshin, mol-dunyo va yana koʻp narsalarga erishadi.
Shahzoda Bobur Qobulga, avvalo ota mulk sifatida intilgan boʻlishi kerak. Zero, Abu Said Mirzo bu tarixiy shaharni oʻgʻli Umarshayx Mirzoga inʼom etgan edi. “Agar Boburning uchta uyi bor, desak – biri Andijonda, ikkinchisi Hindistondagi Agrada, uchinchisi Qobulda edi”, – deb yozadi boburshunos olim H.Hasanov. Boburshoh umrining yigirma yildan ziyodi Qobulda kechgan, oila aʼzolari shu yerda muqim yashaganlar, suyukli toʻngʻich oʻgʻli Humoyun va boshqa farzandlari Qobuldagi Bogʻi Boburda tavallud topishgan. Bobur Mirzo Qobulga oʻz yurtidek mehr qoʻygan. Bobur Qobul viloyati va uning atrofidagi tumanlar, qishloqlar va dovonlar, hatto dashtliklarning oʻziga xos tabiati va boshqa fazilatlarini batafsil, chiroyli soʻzlar, ramziy iboralar bilan taʼriflaydi: “Bisyor latif havosi bor. Bu kabi havoliq yer olamda maʼlum emas”. Eng asosiysi, Boburshoh Hindistonda yashar ekan, umri poyoniga yetayotganini sezgach, farzandlariga oʻtganidan soʻng uni Qobulga – oʻzi yaratgan va gʻoyat xush koʻradigan Bogʻi Boburga dafn etishlarini vasiyat qilgan. Savol tugʻiladi: Bobur nega aynan Qobul tuprogʻiga bosh qoʻyishni xohladi. Bu savolga javob izlagan boburshunos R. Vohidov “... umr boʻyi Vatan sogʻinchi iztiroblarini qalbida asragan shoh va shoir Bobur Mirzo abadiy uyqu uchun ham suronli tabiatiga mos suronli joyni tanladi”, deb yozgan. Ayni Qobul va uning tevaragida kechgan qariyb oʻn ikki-oʻn uch yillik voqealar “Boburnoma”da yoʻq. Boburshunoslar bu uzilishlarni shoh Boburning oʻsha davrdagi yurishlar va boshqa tashvishlar bilan nihoyatda band boʻlganligi bilan izohlaydilar. Shubhasiz, bu mulohazalar ham haqiqatga yaqin. Lekin “Xatti Boburiy”, “Mubayyin” kabi murakkab, zahmattalab asarlarini Bobur Mirzo ayni oʻsha pallalarda yaratgan. Balki, ayni Qobulda kechgan hayotida farogʻatli, tinch onlar koʻp boʻlgandir va shuning uchun ham Qobuldan koʻngil uzolmagandir.
Xullas, hozirgi Afgʻonistonning poytaxti Qobul Boburshoh hayotining ajralmas, katta bir qismiga daxldor mashhur tarixiy shahardir.