Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Buyuk shoirning bolaligi

Nafis majlislar

Bolalar, siz buyuk mutafakkir bobomiz Alisher Navoiy hayoti va faoliyati haqida yozilgan koʻplab badiiy asarlarni bilasiz. Ammo koʻpchiligingiz atoqli navoiyshunos olim, akademik Aziz Qayumovning tarixiy faktlarga asoslanib barchaga tushunarli, ommabop tilda yozgan “Alisher Navoiy” kitobini oʻqishga ulgurmaganingizni ham bilamiz. Ana shuning uchun ham bugun eʼtiboringizga ushbu kitobdan buyuk shoirning bolaligi tasvirlangan lavhalarni havola etyapmiz.

Alisher toʻrt yoshga qadam qoʻydi. U koʻpincha togʻasi Ali bilan birga yurardi. Ali sevimli jiyanini soya-salqin bogʻlarda oʻynatar, birgalashib bozor rastalarida, koʻchalarda kezishar, goho madrasadagi oʻrtoqlari yoniga ham olib borar edi. Ali uyda mutolaa bilan mashgʻul boʻlib oʻtirganda Alisher yoniga kelib ovoz chiqarib oʻqishni soʻrar edi. Sheʼrlarni qiroat bilan oʻqilganini eshitish Alisherga juda xush yoqar edi. Ali tanbur yoki dutor chalib ashula aytishni sevar edi. Alisher togʻasi aytgan qoʻshiqlarni miriqib tinglar, cholgʻu asboblarining qanday qilib ohang chiqarishini bilishga intilar edi.

Ali yaxshigina shoir ham edi. U Gʻaribiy taxallusi bilan sheʼr bitardi. Xuroson va Samarqand nazm ahli orasida Gʻaribiyning turkiy va forsiy tillarda yozilgan sheʼrlari ancha shuhrat topgan edi.

Alining akasi Mir Said – Alisherning katta togʻasi ham shoir edi. U Kobiliy taxallusi bilan sheʼrlar yozar edi. Kobiliyning turkiy tilda yaratgan sheʼrlari yigʻsa bir devon boʻlgudek edi.

Alisherning otasi Gʻiyosiddin garchand sheʼr mashq qilmagan boʻlsa-da, shoirlar, olimlar suhbatini juda yoqtirar edi. Shuning uchun Gʻiyosiddinning katta mehmonxonasi hamisha sheʼr, soz ahli bilan gavjum boʻlardi. Uzun qish kechalarida doʻstlar jam boʻlishib mushoira qilishar, ayrim bayt, misralarning mazmuni ustida bahslashishar, shashmaqom kuylarini tinglab zavqlanishar edi.

Gʻiyosiddin xonadonida sheʼr va musiqa, ilm va fazl hukmron boʻlib, Alisher mana shu musaffo muhitdan bahra olib oʻsdi.

(Barcha zodagon oilasidagi bolalar kabi Alisher ham turkiy va forsiy tillarda erkin soʻzlashar edi). Bir kuni odatdagidek Gʻiyosiddinning tashqari hovlisidagi mehmonxonasida shoir va musiqa ahli jam boʻldi. Bu gal suhbatni Mir Said Kobiliy boshqardi. Mehmonlar parqularga suyanib sheʼr shakllari toʻgʻrisida soʻzlashishar, poygakda Gʻiyosiddin bilan Gʻaribiyning yonida Alisher ham oʻltirar edi.

– Tuyuq, garchi gʻoyat qiziqarli boʻlsa-da, unda toʻla bir mazmun bayoni mushkuldir, – dedi mehmonlardan biri. – U faqat soʻz oʻyini uchungina mos.

– Har narsa shoirning qobiliyati orqali ayon boʻlur. Tuyuqda ham har qanday mazmun ifodasi joy ola bilar. Zotan, sheʼr mazmuni bilan qimmatlidir. Mazmunsiz sheʼr maʼnosiz soʻz demak, – deya boshqa bir mehmon unga eʼtiroz bildirdi.

– Har bir bahs hujjat ila isbot topur. Men yaqinda Mavlono Kobiliyning bir tuyuqlarini oʻqib erdim. U ham mazmun, ham shakl komilligiga ayni shohid boʻlur, – dedi boshqa bir mehmon va Kobiliydan oʻsha tuyuqni oʻqishni iltimos qildi.

Mir Said Kobiliy qoʻlidagi piyolani dasturxon ustiga qoʻyib, aytilgan sheʼrni yoddan oʻqidi:

 

Ey muhiblar, yetsangiz gar yoza siz,

Gul adoqinda xumori yozasiz.

Gar men oʻlsam turbatimning toshiga

Kushtayi bir shoʻx erur deb yozasiz.

 

(Ey doʻstlar, agar yozga yetib olsangiz, gullar bagʻrida xumor tarqatasizlar. Ammo agar (men oʻshanda) oʻlgan boʻlsam, mozorim toshiga bir shoʻx (nozanin) qurboni boʻldi, deb yozasizlar.

Majlis ahli Kobiliyning shaʼniga tahsin oʻqidi. Shu bilan tuyuq toʻgʻrisidagi bahsga chek qoʻyilib soʻz shashmaqom tarixi, qaysi vaznning qaysi ohangga mos kelishiga koʻchdi. Majlis ahlining iltimosiga koʻra, Ali Gʻaribiy qoʻliga tanbur oldi. Yana bir kishi dutorini sozlay boshladi. Xonada kishi ruhini allalovchi kuy taraldi.

Alisher otasining tizzasiga bosh qoʻyganicha kuy va qoʻshiqlarni huzur qilib tinglardi...

 

Maktabda

1445-yili toʻrt yashar Alisherni oliy nasab oilalarning farzandlari taʼlim oladigan maktabga berishdi. Gilam toʻshalgan chogʻroq xonada bolalar chordona qurib oʻltirishardi. Bolalarning hammasi yaxshi kiyingan, boshlarida sallacha, qoʻllarida Qurʼon, yonlarida kichkina qora taxta. Toʻrdagi koʻrpachada oʻqituvchi oʻtirar, uning boshida katta salla, yonida kitoblar. Oʻqituvchining yuzi nuroniy boʻlsa-da, qovoqlari chimrilgan, koʻzlari jiddiy va tahdidli boqadi. Uning koʻnglidagi mehr va otalarcha gʻamxoʻrlik ifodasi yuzidagi yasama gʻazab pardasi bilan berkitilgan. Chunki oʻquvchilar hamisha undan hayiqishlari kerak. Agar u tishining oqini koʻrsatib qoʻysa bas, bolalar darhol toʻpolonni boshlab yuborishadi.

“Garchi bular zodagon va oq suyaklik daʼvo qiladigan kishilarning bolalari boʻlsalar-da, ular oʻzlariga xoʻb bino qoʻyib farzandlarining aʼlo xulqi va tarbiyasiga ishonsalar-da, bari bir yosh bola yosh bolaligiga boradi. Shuning uchun ularni qattiqqoʻllik bilan ushlash shart, shundagina ular bilim oladilar”, – deb fikr qilar edi domla. Shuning uchun u yuragidagi bolalarga nisbatan boʻlgan mehrni iroda bilan jilovlab, ularga qattiqqoʻlik bilan muomala qilar edi. Uning kuni bolalar bilan olishib oʻtar, hamma vaqt uning qoʻli baland kelardi. Yumshoq tabiat, koʻngilchan bu odam butun umrini bolalarni shunday usul bilan tarbiyalab, ularga bilim berishga bagʻishlagan edi. Oʻquvchilar undan qoʻrqsalar-da, ammo nihoyatda hurmat qilishardi. U puxta bilim berar, odob va tavozeni “ezib ichirardi”.

Bolalar suralarni joʻr boʻlib oʻqiydi. (Alisher 6 yoshida 30 pora Qurʼonning 28 porasini yodlashga ulgurgan). Shu yoʻsinda bir qancha fursat oʻtgach, muallim bolalarni oʻqishdan toʻxtatadi. Yonidagi kitoblardan birini ochib xalfaga uzatadi. Bu Saʼdiy Sheroziyning “Guliston”i edi.

Xalfa oʻqiy boshladi. Hikoya gʻoyat qiziqarli. Soʻngra yana qiroat boshlanadi. Xonada yana suron koʻtariladi. Nihoyat saboq tugadi. Domla talabalarga xohlagan kitobini mustaqil mutolaa qilishni topshirdi. Alisher Fariduddin Attorning qushlar haqidagi “Mantiq ut-tayr” kitobini tanladi. Dostonni qayta-qayta sevib oʻqidi. Uning har bir misrasi xotiriga mahkam oʻrnashdi. Goho bolalar bilan soʻzlashganda qushlar haqidagi oʻsha kitobdan hikoyalar aytadigan boʻldi.

Maktabdosh talabalar orasida sheʼr va nafosatni chuqur his etadigan Husayn degan bir bolani Alisher oʻziga yaqin olib yurardi. U Alisherning qushlar haqidagi hikoyalarini diqqat bilan tinglardi. Ayrim bolalar Alisherning bu doston taʼsiriga berilib ketganiga istehzo bilan qarasalar, Husayn ularga tanbeh berar, Alisherning yonini olar edi. Koʻp oʻtmay, Husayn bilan Alisher qalin doʻst boʻlib ketdilar. Ular doim birga yurar, oʻtilgan darslarni birga takrorlashar, oʻqigan asarlarini muhokama qilishar edi. Husaynlarning oilasi ham Alisherlar oilasi bilan juda yaqin edi. Husaynning bobosi Mirzo Boyqaro Xuroson podshohi Shohruh xizmatida boʻlgan. Husaynning otasi Gʻiyosiddin Mansur esa davlat xizmatidan oʻzini chetga tortdi. Sulton Husayn yetti yashar ekanida otasi dunyodan oʻtdi. Bobosi esa undan oldin vafot etgandi. Shunday qilib Temur avlodi, Umar Shayx urugʻidan boʻlgan bu oilaning yagona vakili sifatida Husayn qoldi. U onasi Feruza – begim qoʻlida yaxshi tarbiya oldi. Feruzabegim Movarounnahr hukmdori Sulton Abu Saidning eng yaqin qarindoshlaridan edi. Alisherning ota va ona urugʻi bu podshohzodalar oilasi bilan azaldan yaqin munosabatda edilar.

Alisher va Sultonning doʻstligiga faqat ularning bolalikdan bir-biriga yulduzi toʻgʻri kelgani emas, balki ana shu oilalar oʻrtasidagi yaqinlik ham sabab edi. Ularning doʻstligi bir umr davom etdi.

 

Aziz Qayumov

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.