Mirmuhsin
Oʻzbek sheʼriyati va nasrining koʻzga koʻringan vakillaridan biri, sermahsul ijodkor Mirmuhsin (Mirsaidov) 1921-yil 3-mayda Toshkentning qadimiy Saqichmon mahallasida kulol oilasida dunyoga keldi.
Toshkent davlat pedagogika institutida tahsil oldi. Mehnat faoliyatini Toshkent tramvay trestida chop etiladigan koʻp adadli gazeta muharrirligidan boshladi. Oʻzbekiston radiokomitetida ishlash jarayonida Toshkent davlat pedagogika instituti aspiranturasida ham oʻqidi. Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida adabiy maslahatchi, masʼul kotib vazifalarida faoliyat yuritdan.
Turli yillarda “Sharq yulduzi”, “Mushtum”, “Guliston” jurnallariga bosh muharrirlik qilgan.
Adibning ijodiy faoliyati 30-yillarda boshlanib, “Ispan yigitiga” degan birinchi sheʼri “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” jurnalida eʼlon qilindi. Shundan soʻng “Er yurak” nomli hikoyalar toʻplami (1942), “Vafo” nomli sheʼriy majmuasi (1945) chop etildi. Mirmuhsin birin-ketin “Usta Gʻiyos”, “Doʻnan” (1947), “Yashil qishloq”, “Qadrdonlar” (1954), “Shiroq”, “Nevara” (1970) kabi dostonlar, “Ziyod va Adiba” nomli sheʼriy roman (1958), “Dorbozlar” (1956), “Jamila” (1957), “Oq marmar” (1958), “Hikoyalar”, “Choʻri” (1959), “Tungi chaqmoqlar” (1961), “Sozanda” (1963) kabi sheʼriy, nasriy kitoblarini nashr ettirdi.
Mirmuhsin romannavis sifatida ham samarali ijod qildi. “Meʼmor” (1974), “Temur Malik”, “Turon malikasi” (1997) kabi tarixiy, “Umid” (1969), “Chiniqish” (1970), “Degrez oʻgʻli” (1972), “Chotqol yoʻlbarsi”, “Ildizlar va yaproqlar”, “Ilon oʻchi” (1995) nomli zamonaviy mavzudagi romanlari adabiy jamoatchilik hamda kitobxonlar eʼtiborini qozondi. “Umid” romani uchun Respublika davlat mukofoti berildi.
Yozuvchining bir qancha asarlari rus, ukrain, qozoq, ingliz, qirgʻiz, arab tillariga tarjima qilingan.
Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Mirmuhsin mustaqillik yillarida “El-yurt hurmati” ordeni bilan taqdirlandi.