Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Bir soatlik katta tanaffus

Turkiya boy tarixiy merosi bilan dunyoga mashhur davlat. Turk millati bilan tilimiz, urf-odatlarimiz juda yaqin. Aziz bolalar! Ushbu mamlakatda yashayotgan tengdoshlaringiz, ularning hayot tarzini bilish sizlar uchun juda qiziq boʻlsa kerak-a? Bu haqda Turkiyada istiqomat qilayotgan hamyurtimiz Kamola ARSLONOVA hikoya qilib beradi.

 

Turkiyaning taʼlim tizimi biznikidan biroz farq qilsa-da, bu yerdagi bolalar ham maktabga xuddi bizdagidek 6-7 yoshdan borishadi. 1-sinfdan 4-sinfgacha oʻqigach, 4 yillik oʻrta taʼlimni boshqa maktabda 4 yil mobaynida davom ettirishadi.

Baholash tizimi 5 ballik boʻlib, oʻquvchilar maktab davrida ingliz, fransuz, nemis tillarini oʻrganishadi. Shanba va yakshanba kunlari oʻqishmaydi. Ajablanarli tomoni, har bir dars qirq daqiqa oʻtilsa-da, katta tanaffus naq bir soat qilib belgilangan. Bu vaqt oraligʻida oʻqituvchi va oʻquvchining yashash manzili maktabga yaqin boʻlsa, bemalol uyiga borib ovqatlanib kelishi ham mumkin. Uzoq tumanlardan qatnaydigan oʻquvchilarning ota-onalari esa oʻzaro kelishgan holda, navbati bilan uydan tushlik olib kelishadi. Bu ularga aslo malol kelmaydi. Chunki, aytaylik sinfda 30 nafar oʻquvchi boʻlsa, har bir ota-onaga oyda bir marotaba navbat keladi. Odatda, ular bolalar uchun yengil hazm boʻladigan taomlar olib kelishadi.

Har bir maktab, har bir litseyning oʻz maxsus formasi bor. Taʼlim muassasalaridagi aksariyat formalar koʻpincha qizil rangda boʻladi. Kofta qizil, yubka yoki shim qora rangda boʻlishi lozim.

Sababini bilmadim-u, turk bolalari oʻzlari tanimagan insonlarga kamdan-kam salom berishadi. Bu menga juda gʻalati tuyuladi.

Oʻzbek maktablarida oʻrta sinflardan boshlab biologiya, fizika, kimyo fanlari oʻtiladi. Ammo, bu fanlar Turkiyaning oliy oʻquv yurtlarida oʻtiladi.

Turk maktablarida ajoyib bir tizim mavjud. Uzoqdan qatnaydigan oʻquvchilarga maxsus mikro avtobuslar xizmat qiladi. Ularni uylaridan maktabga olib kelib, olib qaytishiga tarbiyachi biriktiriladi.

Olti yoshdan oʻn toʻrt yoshgacha boʻlgan turk bolalarining maktabda oʻqishi majburuy qilib belgilangan. Farzandlarini taʼlim olishiga qarshilik koʻrsatgan ota-onalarga davlat tomonidan maʼlum jarimalar belgilangan. Maktab taʼlimi davlat nazoratida boʻlib, oʻqish bepul.

Shu vaqtga qadar turk maktablarida oʻqish jarayonida faqat ikki marta, yaʼni qishki va yozgi taʼtillargina berilar edi. Bu yildan boshlab ularning ham oʻquv tizimi 4 chorakka boʻlindi. Endi bu yerdagi bolalar ham oʻquv yili davomida 4 marta dam olishadi.

8-sinfni tugatgan bolalar litseyga borishadi. Har bir litseyning belgilangan bahosi boʻlib, oʻquvchining maktabda toʻplagan ballari qaysi litseyga mos kelsa, oʻsha yerga joylashtiriladi. Litseyda ham toʻrt yil oʻqiladi. Turkiyada davlat, xususiy hamda kasbga yoʻnaltirilgan litseylar mavjud. Oʻquvchi istagan litseyiga kirishi uchun unga yetarli darajada ball yigʻishi kerak boʻladi.

Kasbga yoʻnaltirilgan litseylar qanday boʻladi deb oʻylayotgandirsiz-a? Bu haqida qisqacha maʼlumot berib oʻtaman. Bu litseylarda oʻquvchilar hamshiralik, hunarmandlik, injenering kabi sohalarni oʻrganishlari mumkin. Litseyga umumiy imtihon orqali qabul qilinadi. Mazkur litseylarning oʻziga yarasha imtiyozlari boʻlib, 1-kursdan boshlab oʻquvchilar hunar sirlarini oʻrganishayotganligi bois kamroq boʻlsa-da, pul bilan taʼminlanadi.

Demak, turk tengdoshlaringiz umumiy hisobda 12 yil tahsil oladi. Soʻngra oʻrta maxsus maʼlumot olish uchun yakuniy imtihon topshirishadi. Bu ularga universitetning biror fakultetiga kirishi uchun muhim shart sanaladi. Qoidaga koʻra, imtihon 4 yoʻnalishning bittasida oʻtkaziladi: turk tili-matematika, matematika-tabiiy fanlar, ijtimoiy fanlar va chet tillari.

Turkiya talabalari sonining koʻpligi boʻyicha Yevropaning ikkinchi mamlakati sanaladi.

Turk xalqi tabiat va jonzotlarga nisbatan juda ham ehtiyotkorlik bilan munosabatda boʻlishi tahsinga loyiqdir. Masalan, koʻchalarda egasiz qolgan it va mushuklar uchun maxsus uychalarni uchratish mumkin. Bu hayvonlarni sovuqdan, yogʻingarchiliklardan, issiqdan saqlaydi. Ular uchun non boʻlaklari, maxsus ovqatlar beriladi. Idishlarda ichish uchun suv qoʻyiladi.

Lola guli bu mamlakatning ramzi hisoblanadi. Bu yerda har yili Xalqaro lolalar festivali boʻlib oʻtadi.

Turk qardoshlarimiz koʻp choy ichishda dunyoda yetakchi. 8000 km. gacha choʻzilgan uzun sohillari bilan dong taratgan ushbu davlat oʻzining tarixiy-madaniy meroslari bilan ham bemalol maqtana oladi. Har yili minglab sayyohlar dunyoga mashhur tarixiy inshootlarni koʻrish maqsadida Turkiya tomon oshiqishadi.

Poytaxt Anqara shahrida buyuk bobokalonimiz Amir Temur nomidagi istirohat bogʻi hamda “Toshkent” koʻchasi bor. Kuniyada esa Toshkent tumani, Istanbulda Oʻzbek mahallasi va “Samarqand” madaniyat markazi mavjud. Shuningdek, Istanbul shahrida Samarqand nomi bilan ataluvchi teleradiokanal faoliyat yuritadi. Mamlakatning qator shaharlaridagi oʻzbek oshxonalarida tayyorlanuvchi milliy taomlarimiz xalqimizning pazandalik madaniyatini Turkiya va butun dunyodan keluvchi sayyohlarga mashhur qilmoqda.

Turklar oʻzbekistonliklarga qardoshim, deb alohida ehtirom koʻrsatadi. Ular yurtimizni ulugʻlab, “Ota makon”, “Ota yurtimiz” deb murojaat qilishadi. Turk fuqarolaridan oʻz yurting haqida bunday mehrli soʻzlarni eshitish, yuksak hurmat koʻrish kishi qalbida chuqur hayajon va gʻurur uygʻotadi.

 

Xurshida MUHAMMAD yozib oldi.

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.