Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Qulay fursatni kutib

Karantin kunlarida oʻquvchilardan biri telefon qilib qoldi.

– Hozir hammamiz uydamiz. Hamisha ishda boʻladigan dadam ham uyda qolganlaridan sevinib, ular bilan shaxmat, shashka oʻynashni xohladim. Shaxmat, shashka taxtachalarini olib yonlariga borgandim, keyinroq oʻynaymiz, dedilar. Rosa kutdim, lekin dadam yonlariga chaqirmadilar. “Dada, qachon oʻynaymiz?” deb yana bordim. Ular, “Hozir vaqtim yoʻq, keyinroq”, deb yana rozi boʻlmadilar. Juda xafa boʻldim. Oyim oshxona va uy yumushlaridan ortmaydilar. Ustoz, men dadam bilan doʻstlardek suhbatlashishni, “Oʻqishlaring qalay?” deb soʻrashlarini, “Qanday kitoblar oʻqiyapsan, olamda nima gaplar?” deb qiziqishlarini xohlayman. Lekin, dadam menga hamisha yosh bolaga qaragandek muomala qiladilar. Oʻqishim bilan qiziqmaydilar, tushunmagan darslarimni soʻrasam: “Ana, oyingdan soʻra”, deydilar. Men oʻgʻil bolaman, shuning uchun boʻsh vaqtimni koʻproq dadam bilan oʻtkazishni istayman. Ustoz, balki men dadam bilan qanday gaplashishni bilmayotgandirman? Faqat, iltimos, telefon qilganimni uydagilarimga aytmang.

Bunday savollar oʻsmirlik pallasida tez-tez uchrab turadi. Ming afsuski, ota-onalar orasida ham bolasini tushunmaydigan, aynan oʻsmirlikka oʻtish davrida bolalar bilan yanada yaqinroq boʻlish zarurligini bilmaydiganlar ham topiladi. Lekin men jurnal orqali yuqoridagi oʻquvchimning savollariga oʻxshash savollar oʻylantirayotgan bolalarga quyidagi fikrlarimni aytmoqchiman.

Avvalo, sukut saqlamay, muammolariga javob topishni istagan oʻquvchi menga qoʻngʻiroq qilib juda toʻgʻri qilgan. Bunday pallada oʻzi ishongan kishisidan maslahat soʻrash yoki dildan suhbatlashib olish har bir bolaga dalda beradi, kuch bagʻishlaydi. Yuqorida aytib oʻtilganidek, bolaning otasi hamisha ishda boʻlgan va oʻgʻlining katta boʻlib qolganini yoki oʻsmir yoshga yetganini payqamagan. Aziz oʻquvchilar, bir narsani unutmang, otangizni suhbatga tortish, uni shaxmat-shashka oʻynashga undash sizga ham bogʻliq. Aytaylik, otangizning ishi ogʻir, masʼuliyatli yoki jismoniy kuch-quvvat talab qiladigan ish. Uyda boʻlgan paytlarida ham xayoli davlat ishlari yoki ishxonadagi muammolari bilan band. Shunday vaqtlarda uning eʼtiborini tortadigan, mehrini tovlantiradigan yaxshi natijali ishingizni ayting. U kishi siz bilan faxrlanib ketadi va gaplaringizga quloq tutadi. “Kundalik” daftaringizdagi aʼlo baholaringizni koʻrsating yoki “Dada, shaxmat oʻyinida men sizni yutib olaman”, deb qiziqtirib qoʻying, qulay fursatni kuting. Oʻylaymanki, shunday paytda otangiz albatta, “I-ye, shunaqami, qani, bir oʻynab koʻraylik-chi”, deb siz bilan shaxmat oʻynashga kirishadi. Shaxmat oʻynayotgan chogʻingiz oxirgi oʻqigan kitobingizning qiziqarli lavhalaridan ozgina soʻzlab bering va otangizni suhbatga torting. Tashabbusni qoʻlga olib, dadangizga yanada yaqinroq boʻlib oling. Aminmanki, keyingi safar u kishi: “Qani, shaxmatni olib kel-chi”, deb sizni yonlariga chaqirib oladilar.

Aziz oʻquvchilar, ishoning, ota-onangiz sizni juda yaxshi koʻrishadi. Ular siz uchun hamma narsaga tayyor. Faqat, ularning ayrimlarini gohida oʻzlari oʻralashib qolgan uy-roʻzgʻor tashvishlari, koʻchadagi muammolaridan biroz chalgʻitish kerak boʻladi. Bunday paytda ota-onangizning siz tomonga qadam tashlashlarini kutib oʻtirmang, balki oʻzingiz ota-onangiz tomon qadam tashlang. Faqat avval nima haqida gapirishingizni yaxshilab oʻylab oling. Aslo yolgʻon ishlatmang. Asosiysi, ularni hurmat qiling va ular siz uchun hamisha doʻst ekanligini unutmang.

 

Sayyora ISLOMOVA,

Toshkent shahar Olmazor tumanidagi

249-maktab psixologi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.