Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Birinchi vazifa

Bugun kitob o‘qib, ota-onasiga “Spark” avtomobili sovg‘a qilishni orzu qilayotgan o‘quvchilar talaygina. Shuningdek, yaxshi bilimi, namunali xulqi bilan ota-onasiga rahmat keltirayotgan, maktabning faxriga aylangan bolalar ham ko‘pchilikni tashkil etadi. Toshkent shahar Uchtepa tumanidagi 44-maktab o‘quvchilari – aka-uka Jahongir va Javohir Ahmadovlar shunday o‘quvchilardan. Jahongir 5-sinfda, Javohir 7-sinfda o‘qiydi. Ular darsdan bo‘sh vaqtlarida matematika, ingliz tilini o‘rganishadi, badiiy kitoblar o‘qishadi. Sportning kikboksing turi bilan shug‘ullanishadi, shaxmat-shashka o‘ynashadi.

– A’lochi o‘quvchi bo‘lish uchun nima qilish kerak? – so‘radim aka-ukalardan.

– Ko‘p kitob o‘qish kerak, – dedi ular baravariga. – Keyin, uy vazifalarini vaqtida bajarish va o‘z oldiga aniq maqsad qo‘yish hamda unga erishish uchun intilish shart! O‘quvchining eng birinchi va eng muhim vazifasi yaxshi o‘qish, – deb qo‘shib qo‘yishdi.

Ochig‘ini aytsam, maktab o‘quvchilaridan bunday aniq javobni kutmagandim.

Ular Xudoyberdi To‘xta­boyevning “Sariq devni minib”, Chingiz Aytmatovning “Oq kema”, G‘afur G‘ulomning “Shum bola” asarlarini qayta-qayta mutolaa qilishgan. Jek London, Lev Tolstoy asarlarini sevib o‘qishadi.

Jahongir Ahmadovning o‘zgacha qi­ziqishlari bor. U “kubik-rubik”ni juda qisqa fursatda, 50 soniyada yig‘a oladi, rasm chizishni, she'r yodlashni yaxshi ko‘radi. Yomg‘ir va qordan, har bir faslning o‘ziga xos tarovatidan ilhomlanadi. Buni u chizgan suratlar ham isbotlab turibdi.

– O‘qishda ko‘p narsani bilish va o‘rganish uchun o‘quvchida ozgina qo‘rquv ham bo‘lishi kerak. “Agar shu vazifani uddalay olmasam, ota-onamning yuziga qanday qarayman?” degan savolni o‘z-o‘ziga berishi kerak, – deydi Javohir.

– Har kuni uy­quga yotishdan oldin 10 bet badiiy asar o‘qiyman. Uyda ba’zan akam bilan ingliz tilida suhbatlashib turamiz. Bu bizga tilni yanada yaxshiroq o‘zlashtirishimizda yordam beradi. Birgalikda testlar yechamiz. Akam shaxmatda 2 va 3 yurishda yutish yo‘llarini o‘rgatib qo‘yganlar. Suhbatni davom ettiradi Jahongir. – Hatto, yuqori sinfda o‘qiydigan bolalarni ham yutishga muvaffaq bo‘lganman. Ko‘p telefonga qarash ko‘zga zarar bo‘lganligi uchun bir kunda yarim soat ijtimoiy tarmoqlardan foydalanamiz.

Ular boshqa aka-ukalarga o‘xshab huda-behudaga tortishishmaydi. Aksincha, juda ahil va inoq. Bilmaganlarini bir-biriga o‘rgatadi.

Javohir va Jahongir Ahmadovlar bilan suhbatlashish jarayonida iliq mehr-oqibatning guvohi bo‘ldik. Ular bilan oramizda siz kabi bilimli, xushxulqli, oqibatli, intiluvchan o‘g‘il-qizlar ko‘paysin, deb xayrlashdik.

 

Ma’pura NABIYEVA,

Toshkent shahar Uchtepa tumanidagi 44-maktabning ijodiy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha targ‘ibotchisi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.