Yoʻlbarsvoylar, yoʻl boshlang
Shu kunlarda 12 yoshga qadam qo‘ygan bolalarning uylarida bobo-buvilari, ota-onalari bayramga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rishyapti.
Navro‘z bayramigami, deysizmi? Shunaqa desa ham bo‘ladi-yu, aslida, ular nabiralarining muchal to‘ylarini chiroyli o‘tkazish harakatida. Chunki yilboshi hisoblangan navro‘zda yangi muchal boshlanadi. Iye, muchal nima deysizmi? Qoyil, rostdan bilmaysizmi, yoki mening bilimimni sinayapsizmi? Ha mayli, sinasangiz sinay qoling. Aytib beraman. Qadim zamonda Sharqda yil boshi Navro‘z 21-martda boshlangan. Ana shunda odamlar har bir yilga nom berishga kelishishgan. Bo‘lmasa yillardan adashib ketishlari mumkin edi-da. Keyin o‘zlari tug‘ilgan paytni bilmay qolishdan ham qo‘rqishgan. Qanday nom qo‘yishni o‘ylashganda, yaxshisi yillarga hayvonlar nomini beramiz, degan qarorga kelishgan. Barcha hayvonlarni o‘rmondagi sayhonlikka chaqirishgan.
Yil tartibini hayvonlarning yig‘ilishga yetib kelishiga qarab belgilamoqchi bo‘lishgan. Birinchi bo‘lib sichqon kelgan. Va muchal hisobining to‘riga chiqishga muyassar bo‘lgan. Keyin sigir harsillab, gursillab buzog‘ini yetaklab kelib qolgan. Semizgina sigirni ortidan quvib, yo‘lbars kirib kelgan. Keyin... uyog‘ini sal keyin bilib olasiz. O‘tgan 2021-yil sigir yili ekanligi yodingizda. Chunki sizdan bir yosh katta aka-opalaringiz bultur o‘n ikki yoshlarini – ya’ni bir muchal to‘yini nishonlashgan edi. Ha barakalla, har bir muchal 12 yilda bir marta keladi. 12 yoshga to‘lganlar bolalik bilan xayrlashib, o‘smirlik ostonasiga qadam qo‘yishadi. Demak, bu yil Sharq taqvimi bo‘yicha 21-martda Yo‘lbars yili boshlanadi. 2010-yilda tug‘ilgan bolalar aniqrog‘i, yo‘lbarsvoy va yo‘lbarsoylar ilk muchal to‘yini o‘tkazishadi. Ularga bobo-buvi, amaki, amma, tog‘a-xolalar bosh-oyoq sarpo – chiroyli liboslar sovg‘a qilishadi. Bu muchal egalari yo‘lbarslardek ehtirosli, jasur, tadbirkor, mag‘rur, biroz maqtanchoq bo‘lishadi. Keksalarning aytishicha, har bir yilning o‘z xususiyati bo‘lib, u boshqa muchal egasi hayotiga ta’sir ko‘rsatadi. Qani ko‘raylik-chi, Yo‘lbars muchali boshqa muchal egalariga qanday sovg‘alar bilan keldi ekan.
SICHQON – bu muchal egalari rejalashtirgan (sportda chempion bo‘lish, maktabda a’loga o‘qish, tanlovda g‘olib bo‘lish kabi) ishlarini amalga oshiradilar.
SIGIR – Muchal taxtidan tushgan “sigirlar” yo‘g‘-ye buzoqchalar biroz jahldor bo‘lib qolishadi. Ular bilan ehtiyot bo‘lib muomala qiling.
YO‘LBARS – bu yil hamma ishingiz besh bo‘ladi.
QUYON – sal ehtiyotkorroq, sal hushyorroq bo‘lmasa...
BALIQ – kutilmagan sovg‘alar oladi. Jamiyatda obro‘si ko‘tariladi.
ILON – Biroz ter to‘kib ishlasagina darslardan besh baho olishi, sport musobaqalarida g‘olib bo‘lishi mumkin.
OT – o‘zgarishlar yili, yaxshi tomonga.
QO‘Y – Kishilarni xafa qilib qo‘ymaslik uchun ko‘proq mehnat qilishi, shirin muomalali bo‘lishi kerak.
MAYMUN – Bu yil ortiqcha sho‘xlik qilmaganlari ma’qul.
TOVUQ – O‘rtoqlaringiz bilan inoq bo‘lsangiz, ishingiz yurishadi.
IT – do‘ppingizni osmonga oting. O‘zingizni kimligingizni atrofdagilarga ko‘rsatib qo‘yadigan payt keldi.
TO‘NG‘IZ – Dangasalik qilmay harakat qilsangiz, barcha rejalaringiz ro‘yobga chiqadi.
Ana jasur, mard, halol Yo‘lbarsning niyatini bilib oldingiz. Biz ana shunday ezgu maqsadli muchal sohiblari – “Yo‘lbars”chalarni o‘smirlik sari chorlayotgan 12 yoshlari bilan tabriklaymiz.