Izlagan imkon topar
Yaqinda tahririyatimizga Xorazm viloyatining chekka tumanidan bir maktub keldi. Uni maktab o‘quvchisi yozibdi. Maktub quyidagi mazmunda edi:
“Men o‘qiyotgan maktabda rus tili o‘qituvchisi yo‘q. Dars jadvalida ko‘rsatilgan rus tili soatida qaysi o‘qituvchining bo‘sh vaqti bo‘lsa, o‘sha kirib bilganicha saboq beradi. Lekin men rus tilini puxta o‘rganishni istayman. Chunki hozir butun dunyo yoshlari rus va ingliz tilini yaxshi o‘rganishmoqda. Televizorda yoshlar uchun berilayotgan ko‘rsatuvlarda chet tillarini bilish juda muhim ekanligini har kuni takrorlashmoqda. O‘ylab-o‘ylab qishlog‘imizda yashaydigan, rus tilini harbiy xizmatga borganida o‘rgangan otaxondan iltimos qildim. U kishi men bilan rus tilida gaplashishga rozi bo‘ldilar. “Rus tili kitobingni olib kel, birga dars qilamiz”, – dedilar.
Afsuski, bizga rus tili kitobi berishmagan. Shuni aytgan edim, otaxon “Otangga ayt, viloyat markaziga borganida rus tilidagi kitoblar bo‘lsa, olib bersin”, – dedilar. Hozir men har kuni 5-10 ta so‘z yodlayapman. Boboning bir-ikkita gaplarini tushunadigan bo‘lib qoldim”.
Xorazmlik tengdoshingiz yozgan maktub bizni o‘ylantirib qo‘ydi. 3-4 yil avval Surxondaryo viloyatining Boysun tumaniga xizmat safari bilan borganimizda tog‘lar oralig‘ida joylashgan, 60 ta o‘quvchisi bor kichik maktabda ingliz tili o‘qituvchisi yo‘qligi haqida maktab rahbari afsus bilan aytgandi. Biz o‘sha paytda bu haqda Xalq ta’limi vazirligini xabardor qilgan edik. Hozir esa mamlakatimiz Prezidenti oliygohni tamomlagan pedagog yoshlarga mutaxassislar yetishmayotgan uzoq tuman yoki qishloqlarga borib bolalarga saboq bersa, ikki hissa oylik maoshi tayinlanishini ta’kidladilar. Juda ko‘p joylarda bu kabi masalalar ijobiy hal qilinmoqda. Hademay bizga maktub yo‘llagan ko‘hna Xorazmning chekka qishlog‘iga ham rus tili o‘qituvchisi borib qolsa, ajab emas.
Afsuski, bu singari holatlar ayrim maktablarda hali-hamon uchrab turibdi. Xorazmlik tirishqoq o‘quvchining bu muammoga o‘z holicha yechim topgani esa biz – tahririyat xodimlarini juda quvontirdi. Izlagan imkon topar, deganlaridek, bu bola rus tilini o‘rganishni juda istagan ekan. Shuning uchun ham bu masalani qanday yechishning yo‘lini topdi. O‘ylaymizki, qishloqqa o‘qituvchi kelguncha u rus tilida binoyidek gaplashadigan bo‘lib qoladi, biz bunga ishonamiz.
Siz nima deysiz, aziz muxlislar? Siz ta’lim olayotgan o‘quv maskanida ham shu kabi muammolar bormi? Ular qanday hal etilmoqda? Shu haqdagi fikr-mulohazalaringizni kutib qolamiz.
Gulxanjon