Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Yoshlikdagi iqtidor – qaynar buloq

5-sinf oquvchisi Humoyun Bekmurodov shaxmat boyicha 7 karra Ozbekiston, 9 karra Osiyo va 4 karra jahon chempioni.

2020-yilda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tashabbusi bilan o‘tkazilgan O‘zbekiston chempionatida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritib, “Spark” avtomobili bilan taqdirlangan. Yaqinda u FIDE sport ustasi unvoniga sazovor bo‘ldi.

11 yoshli bolakayning bu yutug‘i ko‘pchilikni ayniqsa, buvisi Zuhra opani va ota-onasini behad quvontirdi.

– To‘rt yarim yoshida u tarbiyalanayotgan bog‘chada shaxmat to‘garagi ochildi, – deydi Humoyunning onasi Xurshida opa. – O‘shanda agar istasa to‘garakka qatnashishi mumkinligini aytdim. – Albatta qatnashaman, – dedi xursand bo‘lib Humoyun. Bir nechta mashg‘ulotlardan keyin to‘garak rahbari To‘lqin Eshboyev o‘g‘limda qobiliyat borligini, muntazam shug‘ullansa, yaxshi shaxmatchi bo‘lib yetishishi mumkinligini aytdi. 

Ota-onasi Humoyunga sharoit yaratib berishga harakat qildilar. Har xil vaziyatlar bo‘ldi, ammo ular imkon topishdi. Respublika chempionatida g‘olib bo‘lib, “Spark” av­tomobili, bilan taqdirlanganda, xushxabarni eshitgan borki, unga havas qildi. To‘g‘ri-da, 10 yoshida o‘z salohiyati bilan avtomobilli, ta’rifi tillarda doston bo‘lish har kimning ham qo‘lidan kelavermaydi. Bugun  bu mashinani  Xurshida opa boshqarayapti. “Shunday far­zandim borligidan faxr­lanaman”, deydi u g‘urur bilan.

H.Bekmurodov ja­hon­ning 12 yoshgacha bo‘l­gan shaxmatchilari ora­sida 2-o‘rin, Osiyoda 14 yosh­gacha bo‘lgan shaxmatchilar orasida 1-o‘rinni egallab turibdi. Ayni paytda, Yunusobod tumanidagi 51-maktabning 5-sinfida o‘qiydi, shu bilan birga Xalqaro shaxmat akademiyasi mashg‘ulotlariga ham qatnaydi. Futbol va stol tennisi, mate­ma­tika, chet tillarini o‘rga­nish­ga qiziqadi. Uning fikricha, shaxmat chet tillarini puxta o‘rganishiga, fanlarni yaxshi o‘zlashtirishiga yordam beradi.

– Shaxmat bilan shug‘ullana boshlagach, bu sehrli o‘yinni yaxshi ko‘rib qoldim, – deydi Humoyun. – Murabbiyim To‘lqin aka meni O‘zbekiston chempioni bo‘lgunimga qadar shug‘ullantirgan bo‘lsalar, Sirojiddin Zayniddinov Osiyo chempioni, xalqaro grossmeyster Marat Jumayev esa jahon chempioni bo‘lishimga katta yordam berdilar. Hozirgi murabbiyim – xalqaro grossmeyster Saydali Yo‘ldoshev. Ustoz bilan birgalikda bundan ham ulkan yutuqlarga erishishni rejalashtirganmiz.

Chempionning singlisi Yasmina musiqa va san’at maktabida o‘qiydi. Xalqaro tanlovda qatnashib, ilk ishtirokidayoq estrada vokal yo‘nalishida Gran-prini qo‘lga kiritdi.

Yoshlikdagi iqtidor – qaynar buloq, deb bejizga aytishmaydi. Bu davrda goh fazogir bo‘lib koinotga uchishni, goh geolog bo‘lib, xazinalar topishni orzu qilamiz. Aslida esa har bir bola o‘ziga xos iqtidor egasi. Vaqtni behuda sarflamasdan, o‘z ustida tinimsiz ishlash, izlanish, kitoblarga oshno bo‘lish  qobiliyatni yuzaga chiqaradi, shakllantiradi.

                                     

Dilafro‘z  ZAYNIYEVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.