Ne baxtki...
Bahor ayyomlari munosabati bilan yurtimizning barcha ta’lim maskanlarida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda. Shulardan biri Toshkent shahar Uchtepa tumanidagi 193-maktabda O‘zbekiston xalq shoiri Zulfiyaxonim tug‘ilgan kuniga bag‘ishlangan bayram bo‘ldi. Unda nafaqat ustozlar, o‘quvchilar, balki mahalla faollari, hokimiyat vakillari ham ishtirok etishdi. Tadbir mehmoni yosh xonanda, Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek Milliy musiqa va san’at institutining 2-bosqich talabasi Ozodaxon Ermuhammedova kuylagan “Oybuloq”, “Bahor nashidasi” kabi qo‘shiqlar barchaning olqishiga sazovor bo‘ldi. Tadbirdan so‘ng bu iste’dodli talaba qizni suhbatga tortdim. O‘ylaymanki, Ozodaning san’at yo‘lidagi qadamlari jurnalimiz muxlislari uchun qiziqarli bo‘ladi.
– Men Samarqand viloyati Oqdaryo tumanidagi 38-maktabda o‘qish bilan birga 7-sonli Bolalar musiqa va san’at maktabida “An’anaviy xonandalik” yo‘nalishi bo‘yicha bilim oldim. Ustozim Nasiba opa Shukurovadan maqom sirlarini o‘rgandim. Shu orada “Kamalak yulduzlari” sovrindori, 2018-yil “Iste’dod-2” Xalqaro ko‘rik-tanlov laureati bo‘ldim. Shu yili O‘zbekiston Davlat Konservatoriyasi qoshidagi “Iqtidorli bolalar” akademik litseyiga imtiyozli ravishda o‘qishga qabul qilindim. O‘qish davrida litseyning eng fidoyi ustozlari qo‘lida san’at sirlaridan ta’lim oldim. Ular nafaqat san’atdan, balki san’atkorga bir umr zarur bo‘ladigan ma’naviy tarbiya, ma’rifatdan ham saboq berishdi.
2019-yili Respublika “Yosh ijrochilar” ko‘rik-tanlovida maqom yo‘nalishi bo‘yicha 1-o‘ringa loyiq topildim. Litseyni tamomlagach, hozir o‘qiyotgan oliygohimning maqom yo‘nalishiga grant asosida qabul qilindim. Ne baxtki, bugungi kunda O‘zbekiston xalq artisti, dotsent Zamira Suyunovadan maqom bo‘yicha tahsil olyapman. Ustozim kuylagan, elimizga manzur bo‘lgan, xalqimizning ko‘nglidan joy olgan ko‘plab qo‘shiqlarini yoddan bilaman va bu bilan hamisha faxrlanaman. Zamira opa maqomning juda katta san’at ekanligini, uning tarixi, bu yo‘lda zahmat chekkan maqom ustalarining betakror ijodi haqida bizga erinmasdan o‘rgatmoqdalar. Maqom sirlarini bilganim sari, bu san’atga bo‘lgan hurmatim va qiziqishim ortib boryapti. Mamlakat telekanallarining ko‘plab ko‘rsatuvlarida goh ustozim bilan, goh tengdoshlarim qatorida ishtirok etmoqdaman. Vaqti kelib men kuylagan qo‘shiqlar ham xuddi ustozlarimniki kabi xalqimizga manzur bo‘lsa, o‘zimni baxtiyor hisoblayman.
Z.HASANOVA