Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Namunali boʻlish masʼuliyati

Toshkent shahar Sergeli tumanidagi 300-maktab Respublikadagi  eng yirik, eng namunali maktablardan sanaladi. Undagi 5343 ta o‘quvchiga 245 ta oliy ma’lumotli o‘qituvchi bilim beradi. Pedagoglarning 62 foizi oliy va birinchi  toifa egasi. 2020/21-o‘quv yilida  maktabni bitirgan yoshlarning 82 foizi  oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirdi. 10 dan ortig‘i muddatidan avval xorijiy universitetlar talabasi bo‘ldi. 10 nafar o‘quvchi  sinovlardan o‘tib,  Prezident maktabiga o‘qishga qabul qilindi. Ushbu ilg‘or maktabga  O‘zbekiston xalq o‘qituvchisi Nigora Saidxo‘jaeva rahbarlik qiladi. Maktabda qo‘lga kiritilgan yutuqlarni sanab sanog‘iga yetib bo‘lmaydi.

Ana shunda savol tug‘iladi.  Bu yutuqlarning kaliti nimada?

Albatta, birinchi navbatda, mamlakat rahbarining maktab ta’limi sohasiga qa­ratayotgan yuksak e’tibori va g‘amxo‘rligi. Qolaversa,  pedagoglar jamoasining chuqur bilimi va fidoyiligi  hamda  o‘quvchilarning bilim olishga bo‘lgan ishtiyoqi. Yana bir muhim tomoni, O‘zbekiston Milliy universitetining kimyo-biologiya fakulteti professor-o‘qituvchilari bu yerga kelib mahorat  darslari  o‘tishadi. Uchinchidan,  maktabda o‘quvchi-yoshlarga  sifatli bilim berish, ular ongiga insoniy tuyg‘ularni, ezgu fazilatlarni chuqurroq singdirish, ular salohiyatini  aniqlab, ro‘yobga chiqarish uchun turli fan va yo‘nalishlar bo‘yicha to‘garaklar soni ko‘paytirildi. Axir axborot kommunikatsiya texnologiyalari jadal ri­vojlanayotgan davr bolalari nihoyatda qiziquvchan, ziyrak. Ularga bir xillik  yoqmaydi. O‘qituvchi  yangiliklardan doimo xabardor bo‘lishi, zamonaviy innovatsion usullarni qo‘llab, dars o‘tishi kerak. Ana shu maqsadda maktab rahbari  darsdan keyingi mashg‘ulotlar  muddatini uzaytirdi. Bu  esa maktabda ta’lim sifati  yaxshilanishiga, iqtidorli, iste’dodli bolalar soni ortishiga zamin bo‘ldi.

Iqtidorlarni kashf qilishda 2005-yilda direktor o‘rinbosari, olima Malika Abdullayeva sa’y-harakati bilan tashkil qilingan maktab “Kichik akademiya”sining ham alohida o‘rni bor. Akademiyaga 900 nafarga yaqin o‘smir-yoshlar qamrab olingan. U o‘ziga xos ixtiyoriy-ijodiy uyushma bo‘lib, iqtidorli o‘quvchilar, fan sohasidagi ijodkor-izlanuvchilar, ilmiy tadqiqotchilar, ixtirochi va dasturchilar, madaniyat va sport kabi  beshta yo‘nalishda ish olib boradi. O‘quv yili nihoyasida  “Kichik akademiya” a’zolari yil davomida amalga oshirgan ilmiy izlanishlari, ixtiro va yutuqlarini Pedagoglar kengashi oldida himoya qiladi.

Baralla aytish joizki, maktab “Kichik akademiya”si a’zolari tuman, shahar, respublika olimpiadalarida, fan olimpiadalarida, xal­qaro musobaqalarda g‘oliblar safidan joy olishmoqda. Usmonjon Erkinov sportning suv polosi yo‘nalishida, Nargiza Rahmonqulova milliy kurash bo‘yicha O‘zbekiston chem­pionatida ikkinchi o‘rinni egalladi. Nargiza Tohirova karate bo‘yicha ikki karra, muay-taydan bir karra Osiyo chempioniga aylandi. Qilichbozlik bo‘yicha o‘tkazilgan mintaqa chempionatida uchinchi o‘rinni zabt etgan Shahnoza Tog‘aymurodova Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibi sifatida ham elga tanildi. Yosh dasturchi Izzatilla Otajonov Jahon banki va BAA tomonidan respublika miqyosidagi “Novathrones” jamoasining “School Net Browser” loyihasi bo‘yicha 1-o‘ringa loyiq deb topildi, 7-sinf o‘quvchisi Viktoriya Soy Parij shahrida o‘tkazilgan “Salyut talantov” xalqaro tanlovida 2-o‘rinni egalladi. Uning tengdoshi Bobur Ortiqov esa Janubiy Koreyaning Dongxey shahrida bo‘lgan “GRAND CHALLENGE” nomli xalqaro robototexnika musobaqasida “Eng yaxshi robot ustasi” nominatsiyasini qo‘lga kiritdi. Maktabning yana bir yosh sportchisi Samandar G‘aniyev Qozog‘istondagi mu­sobaqada yakka kurash bo‘yicha Osiyo chempioni bo‘ldi. Toshkent shahrida uyushtirilgan xalqaro matematika olim­piadasida 5-“J” sinfining bir yo‘la ikki o‘quvchisi muvaffaqiyatli ishtirok etdi. 1-o‘rinni zabt etgan Abdulbosit Sharifjonov oltin medal, Muhammad Muhammadsaidov esa kumush medal sohibiga aylandi. 2020-yili ularning izdoshi Sultonali Raupov Boku shahrida tashkillashtirilgan Yevropa chempionatida karate sporti bo‘yicha, 9-sinf o‘quvchisi Sayyora Abduhamidova Sankt-Peterburgda bo‘lgan turli yo‘nalishdagi bellashuvlarda g‘oliblik shohsupasini egallab, O‘zbekiston nomini ulug‘ladilar. Yuqoridagilar maktabda qo‘lga kiritilgan yutuqlardan tomchi, xolos. Bugungi kunda viloyatlardagi ko‘plab xalq ta’limi bo‘limlari rahbarlari, maktab direktorlari va o‘qituvchilar 300-maktabning ish tajribasini o‘rganmoqda.

– Hozirda maktabda  kapital ta’mir ishlari olib borilmoqda. Yangi o‘quv yilidan  ilmsevar bolalar  ta’mirdan chiqqan eng zamonaviy maktabda o‘qishadi. Ana o‘shanda ta’lim maskanimiz brend maktabga aylantiriladi. Bu borada  yangi va juda katta loyihalarni tayyorlab qo‘yganmiz, – dedi  fidoyi direktor Nigora Saidxo‘jayeva ishonch bilan.

Qani ayting-chi, bunday  mehribon, fidoyi ustozlardan bilim olayotgan bolalar a’lochi bo‘lmay, kim a’lochi bo‘lsin!

 

Shoista DUSHEBOYEVA,

300-maktab o‘qituvchisi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.