Birov uchun o‘qimang
Bugungi kun talabiga ko‘ra, o‘quvchi mustaqil fikrlaydigan, o‘z fikrini erkin bayon eta oladigan bo‘lishi kеrak. Buning uchun o‘quvchilar qancha ko‘p o‘qisalar, shuncha yaxshi.
O‘qituvchi o‘quvchiga mavzuning tushunarli bo‘lishi uchun aniq ma’lumotlar bilan misollar keltiryapti. Har bir darsda dunyo yangiliklari va iqtisodiyotning rivojlanib borishi to‘g‘risida rolik, audio eshittirish va tarqatmalardan foydalanib, dars o‘tmoqda. Bularning har biriga puxta tayyorlanish uchun ustoz tinimsiz izlanyapti. Siz-chi?
Siz ustozingizni bunday fidoyiligiga munosib javob qaytaryapsizmi?
Uy vazifasini o‘z vaqtida bajaryapsizmi? O‘qigan badiiy adabiyotlaringiz soni nechtaga yetdi?
Sizning tarbiyangiz bilan kim shug‘ullanyapti?
Ukalaringiz, singillaringiz uchun o‘rnak bo‘ladigan ishlar qilyapsizmi?
Alla, qiziqarli ertak, darslikdagi asar davomini aytishga, qiyin masalalarni yechishga tayyormisiz?
Sizning tеngdoshingiz fan olimpiadasida, insholar tanlovi va chеt tilida so‘zlashish musobaqasida g‘olib, shaxmat bo‘yicha jahon chеmpioni, kimyo va fizika fanlaridan olgan bilimlari asosida yaratgan kashfiyotlari bilan barchani lol qoldirayotgan bir davrda siz nima qilyapsiz?
G‘oliblar safiga qo‘shilish, ularga o‘xshash uchun nima qilishinsizni aytaymi:
– Darsliklarni yaxshi o‘zlashtirishdan tashqari bolalar gazeta-jurnallaridagi tеngdoshingiz ijodidan bеrilayotgan namunalarni o‘qing. Fandagi, jamiyatdagi yangiliklar bilan tanishing, tajribalar almashing. Har bir darsda bilimingizni boyitishga intiling. Kitobni birov uchun o‘qimang, o‘sha asarni yozgan yozuvchining yuragidagi dardini tushunish uchun o‘qing.
O‘qigan kitobingizdan saboq olib hayotingizga tatbiq eting. Yo‘lingizda uchraydigan dangasa, odobsiz bolalarni to‘g‘ri yo‘lga boshlashga harakat qiling. Ana shunda ota-onangiz yutuqlaringizdan shodlanadi, bobo-buvingiz duolar qiladi. Yutuqlaringizni ko‘rgan ustozingiz siz bilan faxrlanadi. Sizga havas qiladigan do‘stlaringiz ko‘payadi. Siz tahsil olayotgan maktabdagilar, butun O‘zbеkiston sizni taniydi, tengdoshlaringiz sizga ergashadi.
Ukalaringiz ham sizdek bo‘lishga intilishadi.
Nozila USMONOVA,
Angren shaharidagi 18-maktabning
ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi