Normurod Norqobilov
Normurod Norqobilov 1953-yil 7-iyunda Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanidagi Qishliq qishlog‘ida tug‘ildi. Harbiy xizmatdan qaytgach (1971-1973) zavod, fabrikalarda slesar, temir yo‘l depolarida vagon tuzatuvchi, stansiyalarda yuk tushiruvchi bo‘lib ishladi. Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zMU)ning jurnalistika fakultetida tahsil oldi (1976-1982).
1982-1983-yillarda “Toshkent oqshomi” gazetasida, 1983-2016-yillarda O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasida faoliyat yuritdi. U yerda “Temur g‘ori”, “Ikki daryo oralig‘ida”, “Tamaddun izlari” nomli ekspeditsiya yo‘nalishidagi ko‘rsatuvlar tayyorlash jarayonida O‘zbekistonning ko‘pgina tog‘-adirlari, qirlari, dala-dashtlarini qadamba-qadam kezib chiqdi. Hayvonot-nabotot dunyosini o‘rgandi va bu narsa keyinchalik yaratilgan “Changalzor iti”, “Oqbo‘yin”, “Tog‘ odami”, “Paxmoq”, “Ovul oralagan bo‘ri” kabi qissalarida o‘z aksini topdi. Bulardan tashqari, adibning yana “Unutilgan qo‘shiq”, “Zangori ko‘l”, “Yuzma-yuz”, “Temur g‘ori”, “Arazchi chumchuq”, “Sariqgul”, “Jo‘shqin daryo”, “Bekatdagi oq uycha”, “Bo‘ron qo‘pgan kun”, “Dasht-u dalalarda”, “Tog‘dagi yolg‘iz odam”, “Amir Temur izidan”, “Chetdagi odam” kabi roman, qissa, hikoya va maqolalar to‘plamlari nashr etildi. Bir qator asarlari rus, qozoq, qirg‘iz, turk, tatar, ingliz, arab tillariga tarjima qilindi. Bolalarga bag‘ishlangan hikoyalari 7-sinf adabiyoti qirg‘iz, qozoq maktablari boshlang‘ich sinflar darsliklariga kiritildi. “Quyoshi botmaydigan yurt”, “Belbog‘“, “Shim yoxud xotinlar janjali” kabi videofilmlar uning asarlari asosida tasvirga olindi.
Normurod Norqobilov “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” unvoni hamda “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan.