Bahor tantanasi
1-mart – Bahorning ilk kuni. Biz orziqib kutgan kun. O‘zbekiston xalq shoiri Zulfiyaxonim tug‘ilgan kun. Shu munosabat bilan har yili yurtimizning barcha o‘quv maskanlarida bu qutlug‘ sana katta tayyorgarlik va tantana bilan nishonlanadi. Tahririyatga bo‘lgan adoqsiz qo‘ng‘iroq bizni shu ayyomni birgalikda nishonlash uchun bir necha maktabga yetakladi. Maktabning bayramlar o‘tkaziladigan katta zaliga kirib borar ekanmiz, ko‘klam kayfiyati, o‘quvchilar egnidagi milliy liboslar, Hamid Olimjon va Zulfiya she’rlari bilan aytiladigan bahor haqidagi qo‘shiqlarni eshitib har doimgidek ko‘z o‘ngimda millatimizning faxr-u iftixori, sadoqat va vafo timsoli, hayot kuychisi, o‘zbek she’riyatining buyuk namoyondasi Zulfiyaxonim bilan bo‘lgan uchrashuvlarni yodimga soldi. O‘quvchilar tayyorlagan sahna ko‘rinishlari, shoira ijodidan yod olgan she’rlari qalbimdagi g‘urur va iftixorni tilimga ko‘chirdi...
Bayram bayramlarga ulandi. Mamlakatimiz rahbari 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida keltirib o‘tgan quyidagi ma’lumotlarni siz o‘quvchilar ham bilib qo‘yishingiz zarur, deb o‘yladim.
“...Vatanimiz va xalqimiz oldidagi munosib xizmatlari uchun ayollarimizdan 17 nafari eng oliy mukofot – “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni bilan taqdirlangan.
Xotin-qizlarimiz orasida 5 nafar akademik, oliy ta’lim muassasalarining o‘zida 700 nafardan ziyod fan doktori, qariyb 3 ming nafar fan nomzodi, shuningdek, “O‘zbekiston xalq shoiri”, “Xalq artisti”, “Xalq o‘qituvchisi” va boshqa faxriy unvon va mukofotlarga sazovor bo‘lgan ko‘plab ayollarimiz bor.
Bunday jonkuyar opa-singillarimizni Yangi O‘zbekistonning oltin fondi, desak, har tomonlama to‘g‘ri bo‘ladi...”
Siz aziz muxlislarimizni ijodiy jamoamiz nomidan Sharq xalqlarining an’anaviy ulug‘ bayrami – Navro‘zi ayyom bilan tabriklaymiz.
Alloma bobomiz bu ulug‘ kunni sharaflab shunday deydilar:
Har tuning qadr o‘lubon
Har kuning o‘lsin Navro‘z.
Zero tunlar ichida qadr kechasi nechog‘lik muqaddas bo‘lsa Yangi kun – Navro‘z ham shunchalik ulug‘ kun. Shu kunda sharqda Yangi yil – demakki yangi orzular, yangi maqsadlar boshlanadi. Hammamiz hayotimizda, o‘qishimizda yangilik qilishga, yangilik yaratishga intilamiz. Bu esa hayotning yanada qizg‘in tus olishiga, jamiyatda yuksalishlar bo‘lishiga erishish demakdir. Darvoqe, 21-mart kuni sharqona yil hisobi bo‘yicha Quyon muchali kiradi. Demak 2011-yilda tug‘ilgan “Quyonvoylar” bir muchal to‘ylarini nishonlashadi.
Shu o‘rinda o‘quvchilik paytimda yozgan quyidagi misralar yodimga tushdi:
Men sevaman bahor faslini,
Fasllarning asli, aslini.
Sabab unda bayramlar sara,
Bahor mudom qilar tantana.
Bahoriy kayfiyat sizni hech qachon tark etmasin. Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bo‘lsin. Mamlakatimiz sharafini xalqaro miqyosda yuksaklarga ko‘tarayotgan yoshlarimiz safida qizlarimiz ko‘payaversin. Taraqqiyot yo‘liga chiqqan yangi O‘zbekistonda elim degan, yurtim degan vatanparvar insonlar ko‘payaversin!