Koʻngil koʻzgusida qotgan armonlar
Bilamiz, siz O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, O‘zbekiston xalq shoiri Zulfiyaning suyukli, sadoqatli shogirdi Qutlibeka Rahimboyevani yaxshi ko‘rasiz. Chunki boshlang‘ich sinflarning “O‘qish kitobi”da opaning O‘zbekiston haqidagi jajji hikoyalari, she’rlarini hayrat bilan o‘qigansiz. Ana shu asarlar tufayli siz Vatanni tanigansiz. Jajji qalbingizda Ona vatanga mehr, o‘zbek millatimizdan faxrlanish tuyg‘ulari uyg‘ongan.
Nima uchun sadoqatli deganimizni ham tushundingiz. Negaki Zulfiyaxonim muharrir bo‘lgan “Saodat” jurnalida mehnat faoliyatini boshlagan Qutlibeka opangiz hanuz shu jurnalda ishlamoqda.
Har qanday buyuk inson, mashhur kishilar ham hayajonga, hayratga to‘la bolaligini bot-bot sog‘inadi. Bolalik xotirasidan kimdir quvonadi, kimdir chuqur xo‘rsinadi. Qani, ardoqli shoiramizning bolaligiga quloq tutaylik-chi, nimalarga guvoh bo‘lar ekanmiz.
KITOBGA MEHRIM ONAMDAN
Kitobxonligim harflarni bir-biriga urishtirib, so‘zlarni o‘qishga tushganimdan boshlangan, desam nokamtarlikka yo‘ymassiz. Bunga rahmatli onam – Poshshajon Normat qizi, sabab. Aslida o‘sha paytlarda onamning biz – uch aka-singillar bilan maxsus shug‘ullanishga mutlaqo vaqtlari ham, kayfiyatlari ham yo‘q edi. Gap shundaki, rahmatli dadam – Reyimboy Bozorboy o‘g‘li xo‘jaligimiz raisi bo‘lib, men to‘rt-besh yoshga chiqqanimda qamalib qolgan edi. Ikkinchi jahon urushidan keyingi qahatchilik yillari dadam xirmon ko‘tarilganda qaytarish sharti bilan xo‘jalik omboridagi urug‘lik donlarni kolxozchilarga tarqatib bergan ekanlar. Bu noqonuniy ish bo‘lgani uchun dadam jazoga tortilgan. Maktabda muallima bo‘lib ishlaydigan onamning boshiga katta ro‘zg‘or yuki tushgan. Uchta ukasi, uchta qaynisi, onasi, qaynonasi... Hammasining bir uyda turishining ham sababi bor: onamning otalari o‘ttizinchi yillarda quloq sifatida Ukrainaga surgun qilingan. Onamdan keyingi uchta tog‘am ham Ukrainada tug‘ilgan. Onam Ikkinchi jahon urushi tugamasdan oldin yurtimizga qaytgan. Uy-joyi sho‘ro hukumati tarafidan musodara qilingani uchun, yana ham to‘g‘rirog‘i, o‘zlarining uylari bo‘lmagani uchun tog‘asining uyiga kelgan. Oradan bir-ikki yil o‘tib tog‘alari, ya’ni bobom o‘zlarining o‘g‘illariga – dadamga to‘y qilib, o‘zlariga kelin qilib olib qo‘ya qolganlar. Urushdan keyin surgundan qaytgan buvimlar ham uchta farzandi bilan akasinikiga, yana bir tomondan qizinikiga sig‘indi bo‘lib o‘rnashgan. (erlari – ona tomondan bobom surgun qilinganlar qatori konda og‘ir ishlarda ishlab, xastalanib vafot etgan) Onam ana shu g‘avg‘olarning ichida edi. Lekin shunday paytda ham qayerga borsalar, bizga kitob olib kelardilar. Kechqurunlari, ayniqsa, uzun qish kechalari dars qilib bo‘lganimizdan so‘ng kitob o‘qirdik. Ikkinchi, uchinchi sinflarda “Zoya va Shura” (Partizan qiz Zoya Kosmedemyanskaya haqida), “Oleg va uning o‘rtoqlari” (“Yosh gvardiya”chi Oleg Koshevoyning bolaligi haqida), “Josuslar izidan” (Bolgar yozuvchisiniki edi, ismi sharifi esimda yo‘q) kabi kitoblarni o‘qiganman. Quvonchdan avval iztirobni taniganman. Onam bilan yilda ikki bor Turkmanistonning Toshhovuzidan Toshkentning Chirchig‘iga dadamni ko‘rgani kelardik. Men, akam, singlim hamisha onamning yonida bo‘lardik. Bizdan tashqari yonimizda doim birorta amakim bo‘lardi. Hozir o‘ylasam, onamga, nihoyatda, qiyin bo‘lgan ekan. Chunki faqat onam maosh oladigan ishda ishlardi. Amakilarim ham, tog‘alarim ham o‘smir yigitchalar edi. Onam ularning birini duradgorga shogirdlikka, boshqasini haydovchilik kursiga bergan. Tirikchilikka tomorqamiz yarardi. To‘qqiz yil jazo olgan dadam intizomi yaxshiligi uchun besh yilda chiqib kelganlar. Ammo, to‘rt yarim oydan keyin yurak xastaligidan vafot etgan. Men to‘ng‘ich qiz sifatida onamning yoniga kirganman. Maktab, maktabdan so‘ng dala ishlari (beshinchi sinfdan boshlab hamma o‘quvchilar majburan dalaga chiqardi), bahorda qatqaloq, o‘toq, yozda pomidor, bodring terimi (xo‘jaligimiz sabzavotchilikka moslashgan edi), kuzda kanop o‘rimi... Buning orasida uyimizdagi tomorqa zahmati... Men bozorga ham chiqqanman, stakanlab qovurilgan kungaboqar (pista) sotganman. Shuncha yugur-yugurlar orasida ham dars tayyorlash, kitob o‘qishga vaqt topardim. Vaqtim tig‘izlik qilganida yig‘lab yurib o‘qiganlarimni eslayman. Onam ba’zan qo‘limda kitob bilan yo‘qolib ketsam:
– Kitob olsin sening joningni, – deb urushsalar ham, kitob sovg‘a qilishni kanda qilmasdilar. Sadriddin Ayniyning “Odina”, Oybekning “Bolalik”, bir Tehron yozuvchisining “Bark xonimning qo‘g‘irchog‘i” kabi kitoblarini olib kelganlari yodimda. O‘qigan kitoblarim ta’sirida bo‘lsa kerak uzoq vaqtgacha:
– Razvedkachi bo‘laman, – deb yurganman.
Dalaga borganimizda o‘rtoqlarim tinimsiz:
– O‘qiganlaringni gapirib ber, – deyishardi. Mahallamizdagi sinfdoshlarimning beshalasi ham o‘g‘il bola bo‘lgani uchun ularga ko‘proq shpionlar haqidagi detektiv kitoblar yoqardi. O‘zim ham shu mavzularga moyilligim uchun rosa maza qilib hikoya qilardim. Sinfdoshlarim sevimli qahramonlarining o‘lib qolishini istamas, shuning uchun men ham ularni “o‘ldirmay”, kitoblarning kelgan joyidan to‘qib yuboraverardim. Ehtimol, ijodkorligim shunday boshlangandir....
ADABIYOT OʻQITUVCHIM
Baxtimga, faqat onam emas, adabiyot o‘qituvchimiz – Otajon Tojiboyev, domla ham o‘z fanining ustasi edilar. Dars boshlamaslaridan avval besh-o‘n daqiqa qaysidir bir adabiy asarning eng qiziq joyidan parcha aytib berardilar va:
– Bu kitobni topib o‘qing, – derdilar. Faqat o‘qishga da’vat qilib qolmay, kitob keladigan joyniyam topib berganlar. Bu Toshkentdagi Kalinin ko‘chasida joylashgan “Kitob pochta bilan” degan tashkilot edi. Domla qo‘limizga kitoblar ro‘yxatini tutqazgach, biz o‘zimizga yoqqan kitoblarni so‘rab, xat yo‘llardik. Kitoblarni pochtalyon kajavali mototsiklida olib kelar, pulini to‘lab olardik. “Oltin zanglamas,” “Shinelli yillar”, “Ellik bitta bahodir”, “Jannat qidirganlar” kabi kitoblar o‘sha kajavali mototsiklda kelgan. Maktabimiz shu qadar kitobxon bo‘lib ketganki, o‘sha tashkilot keyinchalik so‘rashga ulgurmasak ham yangi chiqqan kitoblarni bizga jo‘natadigan bo‘lgan. Yettinchi sinfda ekanligimda kuzda kanop o‘rish bo‘yicha maktablararo musobaqada maktabimiz birinchi o‘rinni oldi. Shunda direktorimiz meni chaqirib: – Adabiyot mualliming aytdi, u-bu yozib yurarkansan. G‘olib bo‘lganimiz haqida nimadir yozib, gazetaga chiqar, – degan. Sakkiz qator she’r yozib tuman gazetasi – “Paxtakor”ga jo‘natganman, bir haftada chiqqan. Musobaqada g‘oliblik uchun bizga bayroq topshirilgan edi, she’r ham bayroq haqida edi. Keyinchalik ustozimiz Oydin opa:
– Qutlibekaning ilk she’ri bayroq haqida bo‘lgan, shuning uchun vatanparvarlik mavzusida “jo‘shib” yozadi, – degan edilar. Shu-shu “Paxtakor”ning faol muallifiga aylandim.
– O‘zini bir ko‘rib, suhbatlashaylik. Shu she’rlarni o‘zi yozayotganmikin, – bosh muharrir shunday degan ekan, go‘ri nurga to‘lgur, adabiyot muallimimiz meni shaharga – tahririyatga olib borganlar. Ilk bor Olim To‘rayev, Reyimboy Sobirov, Sa’dulla aka, Ro‘zimboy aka kabi yozganlarini gazetadan o‘qib yurganim toshhovuzlik yozuvchi, shoirlar bilan tanishdim. Hatto, menga qalam haqi ham berishgan.Muallimimning tavsiyasi bilan qalam haqimga onamga ro‘mol sotib olganman.
ILK NOHAQLIK
Biz yuqori sinflarga o‘tganimizda “Zehn”, “Zakovat” degan bellashuvlar paydo bo‘ldi. Shoir Hamza tavalludining 100 yilligi munosabati bilan “Sotsializm” kolxozidagi 25-maktab o‘quvchilari bilan bellashganmiz. Biz loyli, yomg‘irli kunda 15-20 kilometr piyoda yo‘l bosib “Zakovat” o‘ynagani borganmiz. Biz “Hamza”, ular “Nihon” bo‘lib maydonga chiqqanmiz. Raqiblarimizning ko‘rinishi chiroyli edi, ular shaharga yondoshligi uchun tashqi ko‘rinishlariga katta e’tibor berishgan edi. Bizda (eng chekka qishloqdan edik-da) shu masala sal oqsardi. Ammo biz bilim jihatdan ulardan ancha ustun edik. Qo‘shimcha kitoblardan bergan savollarimizga umuman javob topisha olmadi. Biz ularning barcha savollariga javob berdik. Boz ustiga, “Nihon”da shahardagi boshqa maktabning bolalari ham bor, degan gapni eshitganmiz. Ammo ular buni tan olishmadi. Xullas, u qilishdi, bu qilishdi, bir ball kamiga biz yutqazdik. Men komanda kapitani bo‘lganman. Rosa qon bo‘lib yig‘laganman. Yillar o‘tib, institutni bitirgach, shahardagi 14-maktabga o‘qituvchi bo‘lib kelganman. Po‘lat ismli jismoniy tarbiya fani o‘qituvchimiz:
– O‘shanda rosa sizlarni chuv tushirganmiz. Bizdan besh a’lochi o‘quvchi “Nihon”ga yordamga borganmiz, chunki hay’at a’zolarining biri o‘sha maktabda o‘rindoshlik asosida ishlar ekan. Bizni u chaqirgan, – deb gapirib qoldi. Men Po‘lat sirni aytmasa ham tanigandim, chunki u bellashuvda Hamzaning dramasidan sahnalashtirilgan parchada rol o‘ynagan edi.
Shu tarzda hayotimdagi ilk adolatsizlik, ilk yolg‘onga duch kelganman. Yuragimda o‘chmas jarohat bo‘lib qolgan. Ammo keyinchalik hayotda juda katta yolg‘onlar, juda katta adolatsizliklar borligini ko‘rganman. “Birinchisi hech narsa emas ekan-u...”, deganman-u, lekin bu voqea baribir bolaligimning og‘rig‘i bo‘lib qalbimda yashab qolgan.
Bolaligim... ko‘ngil ko‘zgularimdan mo‘ralab turadi. Ana u ...mahbuslar kiyimidagi dadam bilan diydorlashuvni kutib kutish xonasida mo‘ltirab turibdi...
Ana u... Onam yeguliklar xarid qilgani Eski Jo‘va bozoriga ketganida, singlimni bag‘rimga olib Toshkentdagi ijara uyimizda oyog‘ini o‘ynatib yotib, mo‘jazgina televizorda “Tanya” degan film tomosha qilyapti...
Ana u tomdagi quritish uchun bir-biriga suyab qo‘yilgan jo‘xoripoyalar ichida yig‘lab (Kumush o‘ldi-da) “O‘tkan kunlar”ni o‘qiyapti...
Ana u, bir qatorda o‘zi bilan qovurilgan pista sotadigan Sora ismli ayolga: – Siz nega tagiga shisha qo‘yilgan, ichiga kam pista sig‘adigan stakanda sotasiz, – deya “bilag‘on”lik qilib, uni uyaltiryapti... O‘toq o‘tayapti, kanop o‘ryapti, ipak qurtiga barg teryapti..
Tushlariga matematika fanidan olingan yozma ish, jahli tez matematika o‘qituvchisi kirib cho‘chib uyg‘onyapti...
Men ana shunday bolalikdan chiqib kelganman...
Qutlibeka RAHIMBOYEVA