Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Asli siz oftobim

  E’zozlar, ardoqlar uchun tashakkur,

  Asli Siz oftobim, men ziyosiman.

 Tonglaringiz kulsin dorilomon, hur,

  Baxtim shul – O‘zbekning Zulfiyasiman.

 

Bugun o‘zbekning sevimli shoirasi Zulfiyaxonim haykali qoshida bir guruh qizlar ona yurt, sevgi, bahor madhiga yo‘g‘rilgan ushbu misralarni aytishdan g‘ururlanadi. Sababi, ular o‘zbek ayoli timsoliga aylangan O‘zbekiston xalq shoiri Zulfiyaxonim izdoshlaridir.

Har yili 8-mart — Xalqaro xotin-qizlar bayrami arafasida yurtimizning iste’dodli, iqtidorli, izlanuvchan, tashabbuskor, zamonaviy bilim va malakasi, intellektual salohiyati o‘tkir bir guruh qizlar Zulfiya nomidagi davlat mukofoti bilan taqdirlanadi. Ular respublika miqyosida ta’lim, fan, adabiyot, san’at, madaniyat, sport sohalarida va jamoatchilik faoliyatida erishgan yutuqlari asosida saralangan eng kuchlilar hisoblanadi.

Quvonarlisi, 28 nafar Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sohibidan 8 nafari maktab o‘quvchilaridir. Ular orasida “Gulxan” kashf etgan iqtidorlilar bor. Bundan tashqari, nomzodlardan 15 nafari talaba.

Ayni damda oyinayi jahon, internet, radio orqali opa-singillarini kuzatayotgan har bir o‘zbek qizi ularga havas qiladi. Ularning noyob iste’dodi va erishgan yutuqlarini eshitib suyunadi.

Shunday ekan, aql-zakovati, iste’dodi, bardoshi, vafosi, irodasi, sadoqati bilan olamni lol qoldirgan Zulfiyaxonim izidan odimlayotgan Zulfiyachi qizlarimizga kelgusida muvaffaqiyat tilaymiz! Bugungi yutuq doimo munosib bo‘lishga xizmat qilsin!

 

O‘z muxbirimiz

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.