Biryoʻla uchta oʻrin
Ozarbayjon poytaxti Boku mezbonlik qilgan eng yosh maqomchilarning XIII Xalqaro mug‘om festivali nihoyasiga yetdi. Xalqimizning bebaho xazinasi bo‘lmish maqom san’ati qudratini qo‘shni zaminda namoyish etgan iste’dodli o‘g‘il-qizlar faxrli o‘rinlarni egallab yurtimizga yorug‘ yuz bilan qaytib keldilar.
Har ikki yilda o‘tkaziladigan “Maqom festivali” doirasida shu sohada faol ijod qilayotgan katta-yu kichik hofizlarga turli nominatsiyalar bo‘yicha mukofotlar ta’sis etilgan. Bokuda o‘tkazilgan bu yilgi mug‘om festivalida yurtimiz sharafini Madaniyat va turizm vazirligi tasarrufidagi R. Gliyer nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa maktabi, Namangan viloyati 1-son Bolalar musiqa va san’at maktabi, Buxoro viloyatining maqom san’atiga ixtisoslashtirilgan maktab-internati hamda Romitan tumanidagi 12-son Bolalar musiqa va san’at maktabidan 16 yoshgacha bo‘lgan 6 nafar o‘quvchi munosib himoya qildi.
Festival yakunida o‘nga yaqin davlatlar orasidan 1-o‘rin R.Gliyer nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa maktabi o‘quvchisi Umarjon Akmalovga berildi. Uni “Eng yosh mug‘om ijrochisi” sifatida alohida e’tirof etishdi.
2-o‘rinni esa Namangan 1-son Bolalar musiqa va san’at maktabi o‘quvchisi Madina Karimjonova hamda R.Gliyer nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa maktabi o‘quvchisi Sardor Narzullayevlar egalladi. Abdurauf Fitrat nomidagi Buxoro maqom san’atiga ixtisoslashtirilgan maktab-internat o‘quvchisi Og‘abek Axtamov esa faxrli 3-o‘ringa sazovor bo‘ldi.
– Dunyoning eng zo‘r yosh maqomchilari bilan bellashuvda bir emas, biryo‘la 3 ta o‘rinni egallash hammaga ham nasib etavermaydigan baxt! Bu o‘zbek maqom san’ati qanchalik yuksalib borayotganining xalqaro miqyosdagi e’tirofidir, – deb intervyu berdi yosh maqomchilarni Toshkent xalqaro aeroportida tantanali kutib olgan Madaniyat va turizm vaziri Ozodbek Nazarbekov OAV vakillariga.
Vazirlik tanlovning g‘olib va sovrindorlariga maxsus diplom va qimmatbaho sovg‘alarni topshirdi.
Darhaqiqat, biryo‘la uchta o‘rin! Hayron qolasan kishi. G‘oliblarni esa barcha “gulxan”chilar va jurnalxonlar nomidan “Barakalla!” deb olqishlaymiz. Ishonamiz, ular kelgusida milliy maqomimizni yanada yuksaklarga ko‘taradilar.