Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Taʼtilning totli tashvishlari

Keling, yozgi taʼtilni qanday tasavvur qilishingizni oʻzim ayta qolay! Salqin sayilgohlar, sersoya xiyobonlar, istirohat va hayvonot bog‘lari, bolalar maydonchalari... Bunga ishonchimning boisi, ayni kunlarda poytaxtimizning “Ashxobod”, “Anhor-Lokomotiv”, “Dream Park”, “Magic City” kabi ko‘ngilochar maskanlari bolalar bilan gavjum. U yerda ko‘pgina tengdoshlaringiz attraksionda uchish, favvoralar raqsini kuzatish, interaktiv o‘yinlar o‘ynash, ayrimlari esa o‘rindiqda kitob o‘qish bilan mashg‘ul. Biz ham tabiati jo‘shqin yoshlarni ko‘rib, ta’til rejalari bilan qiziqdik.

                                    

 Ismoil ABDURAHMONOV,

Yangiyo‘l tumanidagi 44-maktab o‘quvchisi:

      — Yoz — yangi bilimlarga ega bo‘lish, o‘rganganlarimizni esa takrorlash mavsumi. Shu bois, uch oylik ta’tilimni dam olishga emas, aksincha, chet tilini o‘rganishga sarflamoqchiman. Chunki ingliz tilini yaxshi ko‘raman, ushbu fandan bo‘lib o‘tadigan “Bilimlar bellashuvi”da muntazam qatnashaman. Ta’til vaqti yangi o‘quv yilida yaxshi natijaga erishishim uchun eng qulay imkoniyat. Shu imkoniyatni boy bermasdan, bor kuchim bilan tirishmoqchiman. Ba’zan bir yumushni qilaverib zerikish tabiiy hol, albatta. Shu sababli javonimda Erkin Vohidov, Pirimqul Qodirov kitoblarini saqlayman. Biroz chalg‘ish va ruhimni yengillatish uchun she’r  o‘qiyman. Darsliklarda asarlardan berilgan parchalarni o‘qib ularning ijodiga qiziqib qolganman. Mabodo, qaysidir romanga juda qiziqsam, to topilmaguncha internetni “to‘ntarib” tashlayman. Hozirda inson ongini rivojlantiruvchi inkor etilmas xazinani telefon orqali o‘qiyman. Demak, telefon, kompyuter, internet kabi vositalardan unumli foydalanish mumkin.

 

Sherzod MINGQOBILOV,

Respublika olimpiya zaxiralari kolleji o‘quvchisi:

— Yetti yoshimdan buyon kurash bilan shug‘ullanaman. Bu vaqtgacha bo‘lgan 7 yillik mehnat “Dream Park” bog‘ida o‘tkazilgan “Prokuror kubogi” musobaqasida faxrli 3-o‘rinni egallashimga omil bo‘ldi. Endi respublika musobaqalarida ham g‘olib bo‘lishga intilyapman. Musobaqagacha kurashning turli xil usullarini o‘rganaman. Bu “hiyla”lar raqibni yengishda asqatadi.

 

Sarvinoz RAHMATOVA,

Yangiyo‘l tumanidagi 22- maktab o‘quvchisi:

— Kelajakda shifokor bo‘lmoqchiman. Hozirda biologiya fanini chuqur o‘rganishga bel bog‘laganman. Maktabni tugatgach AQSHning nufuzli universitetlariga hujjat topshiraman. Buning uchun shubhasiz, xalqaro sertifikat — IELTS kerak! Ingliz tilini ham tibbiyotga oid fanlar bilan birga o‘rganyapman. Maqsadim — tibbiyotda innovatsion texnologiyalarning o‘rni, unda elektronika yutuqlarining tatbiq etilishini puxta o‘rganib, tibbiyotimizda qo‘llash.

 

Ana, kichik yelkasiga kelajakning katta maqsadlarini yuklab olgan tengdoshlaringiz allaqachon harakatni boshlab yuborishibdi. Siz-chi? Siz ayni kunlarda nima bilan bandsiz?

 

M. ANVAROVA,

SH. ERGASHEVA,

O‘zMU filologiya fakulteti 3-bosqich talabalari

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.