Urre, “Shum bola” jahon adabiyoti arenasida
Bilamizki, siz yevropalik Janni Rodari, Antuan de-Sent Ekzyuperi, Hans Kristian Andersen asarlarini sevib o‘qiysiz. Biroq hech o‘ylab ko‘rganmisiz? Xorijlik tengdoshlaringiz qaysi o‘zbek adiblarining asarini qiziqib mutolaa qiladi?
Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni arafasida ana shu savolga javob topildi.
BBC Culture nashrining xabar berishicha, dunyoning 56 ta mamlakatidan 177 nafar yozuvchi, illyustrator, jurnalist va olimlar barcha davrlardagi eng yaxshi bolalar kitoblarini so‘rovnoma orqali saralab berdi. So‘rovda har bir respondent 10 ta eng sevimli kitob nomini ketma-ketlikda baholagan. Ekspertlar baholarni umumlashtirishda 10 ballik tizimdan foydalanib, eng yuqori ball to‘plagan adabiyotlar tartibi bo‘yicha top 100 talik nomini taqdim qildi. Unga ko‘ra, nashr tomonidan taqdim qilingan ro‘yxatning yuqori o‘rinlaridan Lyuis Kerrolning “Alisa mo‘jizalar mamlakatida”, Astrid Lindgrenning “Kichkintoy va tomda yashaydigan Karlson”, Antuan de-Sent Ekzyuperining “Kichkina Shahzoda” asarlari o‘rin olgan. Quvonarlisi, ana shunday zalvorli ro‘yxatda xalqimizning suyukli ijodkori, akademik shoir G‘afur G‘ulomning 1936-yilda chop etilgan “Shum bola” qissasi ham joy olgan.
“Shum bola” asarini sizning bobolaringiz, otalaringiz, aka-opalaringizgina emas, o‘zingiz ham juda yaxshi bilasiz. Qissa asosida yaratilgan filmni hozir ham yuzingizda kulgi bilan tomosha qilasiz.
O‘zbek bolalar adabiyotining eng sara asarlaridan hisoblangan qissada XX asr boshidagi Toshkent hayoti tasvirlangan. Undagi ichakuzdi syujetlar zamirida davrning jiddiy muammolari, og‘riqli nuqtalari tilga olingan. Yozuvchi o‘zi yashagan davrning qiyofasini, mahallalardagi hayot tarzini, ish va ishsizlik, qashshoqlar va boylar hayotini maroq bilan tasvirlaydi. Asar asrdan asrga o‘z o‘quvchilari bilan birga o‘tib kelmoqda. Anglagandirsiz, demak siz “Alisa mo‘jizalar mamlakatida” kitobini qanchalik qiziqib o‘qisangiz, chet eldagi bolalar G‘afur G‘ulomning “Shum bola” qissasini ana shunday mehr bilan o‘qishar ekan. Bu o‘zbek bolalar adabiyotini dunyo tan olganini anglatadi.