Ertangi kun uchun
9-iyul kuni yurtimizda siyosiy jarayon – muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo‘lib o‘tdi. Xalqimiz farovonligi, taraqqiyoti uchun nihoyatda muhim bo‘lgan bu saylov jarayonlari juda qizg‘in o‘tdi. Dunyoning 50 ga yaqin mamlakatidan kelgan kuzatuvchilar jarayonlarga yuqori baho berdi. Vatanimiz, xalqimizning ertangi kuniga befarq bo‘lmagan har bir yurtdoshimiz saylovda faol qatnashib, munosib nomzod uchun ovoz berdilar. Unga ko‘ra, 87,05 foiz ovoz to‘plagan Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylandi.
O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining nomzodi Shavkat Mirziyoyevning saylovoldi dasturida quyidagi beshta maqsad g‘oyasi ilgari surildi:
Birinchi maqsad: Ta’lim, ya’ni har bir insonga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun munosib sharoit yaratish;
Ikkinchi maqsad: Odamlarni hayotdan rozi qilish uchun barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash;
Uchinchi maqsad: Suv resurslarini tejash va atrof-muhitni muhofaza qilish;
To‘rtinchi maqsad: Qonun ustuvorligini ta’minlash, xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish;
Beshinchi maqsad: Yangi O‘zbekiston – xavfsiz va tinchliksevar davlat.
O‘tgan yillar mobaynida yurtimiz rivoji, tinchligi, kelajagi ravnaqi yo‘lida mamlakatimiz rahbari tomonidan juda ko‘p xayrli ishlar amalga oshirildi. Saylovoldi dasturidagi maqsadlardan ko‘rinib turibdiki, bundan keyin ham O‘zbekiston yanada taraqqiy topadi, yoshlarning kelajagi hamda mamlakat taraqqiyoti uchun bor kuch va imkoniyatlar ishga solinadi. Bu borada yurtimizning har bir fuqarosi Prezidentimizga qanot bo‘lib, O‘zbekistonning dunyolarga bo‘ylashishiga harakat qilishiga ishonamiz.