Umida Abduazimova
Umida Abduazimova 1953-yil 31-mayda Toshkent shahar Yunusobod tumanidagi “Bobodehqon” mahallasida tugʻildi. Oʻrta maktabni oltin medal bilan tugatgach Toshkent davlat universiteti (hozirgi OʻzMU)ning jurnalistika fakultetida tahsil oldi (1970–1975).
Shoira mehnat faoliyatini Oʻzbekiston televideniyesi Adabiy-dramatik koʻrsatuvlar tahririyatida muharrirlikdan boshladi. Soʻngra respublika Yoshlar gazetasi, “Yosh kuch” jurnali, “Maʼrifat” gazetalarida turli lavozimlarda faoliyat yuritdi. Respublika bolalarining “Gʻuncha”, “Tong yulduzi” nashrlarida bosh muharrir vazifasida xizmat qildi.
“Sevilganda” nomli ilk sheʼriy toʻplami 1977-yilda bosildi. Shundan soʻng shoiraning “Ishqli umrim” (1979), “Kurtak” (1982), “Umrim ziynati” (1990), “Oymomabogʻ” (1991), “Sevinchim” (1992), “Behruz yangi kun demak” (1997), “Oydin orzular” (1998), “Seni koʻrgim kelaveradi” (1998) nomli publitsistik asarlari, badiiy va sheʼriy kitoblari nashr etildi. Bolalarga atab yozgan sheʼrlarida bolalik dunyosining qaytalanmas farahli onlari, ruhiyat olami, betakror oʻyinlari-yu oʻy-xayollari jonli ifodalangan.
Umida Abduazimovaning ijodi mustaqillik yillarida yanada barakali boʻlib, “Arazlamang” (2002), “Oʻn sakkizdan oʻtgim yoʻq” (2003), “Shirintoy” (2005), “Tikilib-tikilib qaraysan” (2006), “Oʻn olti yoshimda” (2007), “Yozilmagan kitob” (2007) nomli toʻplamlari nashr etildi.
Shoiraning yuzga yaqin sheʼriga kuy bastalanib taniqli bastakor va xonandalar tomonidan ijro etilgan.
Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi Umida Abduazimova “Shuhrat” medali (1997) hamda “Mehnat shuhrati” (2019) ordeni bilan taqdirlangan.