Qutlov
Bugun oʻzbek bolalarining boshlarini “qotirib” oʻylashga, hozirjavoblikka, mantiqan fikrlashga, izlanishga undab kelayotgan Fargʻona viloyati Beshariq tumanidagi 19-maktab oʻquvchisi Anvar Mirzayevning ilk topishmoqlari “Gulxan” jurnalida eʼlon qilinib, jurnalxonlar tomonidan iliq kutib olinganiga naq 60 yil boʻlibdi. Endi u kishiga Anvarjon deb emas, Anvar Mirzazoda, Anvar bobo deb murojaat qilishadi. Ha topdingiz, bu oʻsha – siz darsliklarda, bolalar nashrlarida topishmoq va tez aytishlarini, sharada va rebuslarini qiziqib oʻqib, javoblarini topishga uringaningiz Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi Anvar Mirzazoda (Anvar Mirzayev) boʻladilar.
Anvar Mirzo yoʻgʻ-e, Anvar bobo hamon “Gulxan” bilan hamkorlar. Aytmoqchi, u kishi fargʻonacha askiyaga, soʻz oʻyiniga juda mohirlar. Ana shu mahoratlari tufayli sharadaning oʻzbekcha varianti – qoʻshtopishmoq janrini oʻylab topganlar. Bunday topishmoqlarni topish har biringizga maʼqul mashgʻulotligini bilamiz. Boshqotirmachi bobongiz bugun oʻzining qutlugʻ 75 yoshini nishonlamoqda. Biz ustozni tavallud kunlari bilan chin qalbdan tabriklaymiz.