Maktabda uchrashuv
Buxoro viloyati Gʻijduvon tumanidagi 26-maktabda taniqli ijodkorlar: Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzolari Zikrilla Neʼmat, Chorshaʼm Roʻziyev, Sirojiddin Rauflar bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Ushbu uchrashuv Respublika maʼnaviyat va maʼrifat markazi Gʻijduvon tuman boʻlimi hamkorligida tashkil qilindi. Oʻquvchilarni milliylik ruhida tarbiyalash, vatanparvarlik gʻoyasini singdirishga bagʻishlangan tadbir “Uch adib bilan uchrashuv” deb ataldi.
Tadbirni maktab direktori Shavkat Toʻxtayev ochdi. Mehmonlar oʻquvchilarga oʻzlarining ijodkor boʻlib yetishishlarida kitobning oʻrni va ahamiyati haqida soʻzlab berishdi. 10-sinf oʻquvchisi, “Yosh qalamkash” toʻgaragi aʼzosi Aziza Faxriyeva oʻzi yozgan sheʼrlarini ustozlar eʼtiboriga havola etdi. Ustoz shoir Zikrilla Neʼmat Azizaning mashqlaridagi yutuq va kamchiliklar haqida kerakli yoʻl-yoʻriqlarni berdi. Shoirning koʻrsatmasi oʻquvchi qizni “Yosh kitobxon” koʻrik-tanlovida qatnashishga ruhlantirdi. Tadbir jarayoni oʻquvchilar bilan qizgʻin savol-javobga ulanib ketdi.
Mirzo AHAD,
Buxoro viloyati