“Biz boshladik!”
Karmana tumanidagi 19-maktabda 23 yildan beri informatikadan dars berib kelayotgan oliy toifali o‘qituvchi Nilufar Mahmudovaning feysbukdagi sahifasida shunday xabarga ko‘zimiz tushdi.
Nilufar opa nimani boshladilar ekan-a? Har jabhada faol bo‘lgan informatika ustozi “Bir million o‘zbek dasturchilari” loyihasida g‘olib bo‘lishni maqsad qilganlar!
“2019-yilda “Bir million o‘zbek dasturchilari” loyihasiga start berilganida men endigina maktabda ish boshlagan edim va bu kurslarda shu qadar qiziqish bilan o‘qiganmanki, hatto o‘quvchilar bilan uyimda ham birga ishlaganmiz. Undan keyin Coursera platformasi ochildi. Bu ikki platformada ham ishlash odamga o‘zgacha kuch bag‘ishlaydi. Loyiha ixtisoslashtirilgan onlayn portal orqali aholiga bepul masofaviy ta’lim olish imkoniyatini beradi. Barcha xohlovchilar ishtirok etish uchun ariza topshirishi mumkin. Dasturning asosiy maqsadi raqamli texnologiyalar bo‘yicha mutaxassislar avlodini tayyorlash va dasturlash bo‘yicha ularga kerakli bilim va ko‘nikmalarni berishdir.
“Bir million o‘zbek dasturchilari” loyihasida o‘quvchilarimni Coursera bepul kurslarida o‘qitishni boshladim, Xudo xohlasa, sertifikatlar olamiz, natijaga erishish uchun bor bilim va iqtidorimizni ishga solamiz”, — deydi Nilufar opa.
Loyiha doirasida 14 ta hududda eng yuqori natija ko‘rsatgan o‘quvchilarga 700 ta noutbuk, Top-10 nafar o‘qituvchilar chet elga sayohat, shuningdek, yaxshi natija ko‘rsatgan 100 nafar o‘qituvchiga 10 mln. so‘mdan pul mukofotlari beriladi.
Bundan tashqari, natijalari eng baland 2 ta maktabga Prezident sovg‘asi –elektromobil berilishi ko‘zda tutilgan!
Aziz ustozlar, siz ham Nilufar opa singari o‘quvchilaringizning zamonaviy bilimlarni egallashiga turtki bo‘lish bilan birga ajoyib sovg‘alarga egalik imkoniyatini qo‘ldan boy bermang!
Loyiha haqida batafsil ma’lumotlar @uzbekcoders_uzb telegram kanali orqali taqdim etib boriladi.
Sahifani Dilafro‘z ZAYNIDDINOVA
tayyorladi