Ezgu amal, yaxshi daromad
Maktab o‘quvchisi edim. Bir kuni ustozimiz sinfga kirib, biz bilan kelajagimiz, tanlagan kasbimiz haqida suhbatlashdi. Biz ketma-ket o‘rnimizdan turib, orzumizdagi sohalarni ayta boshladik.
– Uchuvchi bo‘lmoqchiman, samolyotlarni boshqarib, bulutlar uzra parvoz qilaman, ustoz, – dedim men.
– Ustoz, men bankir bo‘laman, – dedi matematiklarga xos jiddiylik bilan Asadbek. Shu zaylda ko‘pchilik gapirib bo‘lgach, so‘z navbati Dilshodga keldi:
– Ustoz, men fermer bo‘laman, qancha qarasangizam oxiri ko‘rinmaydigan yerim bo‘ladi, u yerda har xil sabzavotlar, bug‘doy, jo‘xori, poliz ekinlarini ham yetishtiraman, – dedi. Butun sinf bolalari kuldi. Chunki qishloqda o‘sayotgan, fermerlarning ko‘pini ko‘rib, ularni “oddiy odam”lar qatoriga qo‘shgan, hecham ularga havas qilmaydigan biz bolalar uchun o‘rtog‘imizning so‘zlari juda kulgili edi-da. Ustozimiz birdan hammani tartibga chaqirib, dadil gap boshladi:
– Nega kulasiz, fermer bo‘lishni istasa, nima qilibdi? Fermerlar bo‘lmasa, hammangiz och qolishingiz haqida hech o‘ylab ko‘rganmisiz? Masalan, sen Shokir, kurashchi chempion bo‘lmoqchisan, tabiiy, foydali taomlarni yemasang, chempion bo‘la olasanmi? Yo‘q. Sen-chi, Nigora, mashhur oshpaz bo‘lmoqchi, yangi taom va shirinliklar ixtiro qilmoqchi eding. Sabzavotlar, un uchun bug‘doy bo‘lmasa, go‘sht bo‘lmasa, orzularingga erisha olasanmi? Yo‘q, albatta. Fermerlar bo‘lmasa, bizga tabiat noz-ne’matlarini yetkazib turmasa, orzularimiz tugul, hayotimiz xavf ostida qoladi. Axir, ovqat yemay yashay olamizmi? Shuning uchun, bilib qo‘yinglar, fermerlar butun insoniyat uchun muhim kasb egalaridir. Do‘stingizni ham, mahallamizdagi fermerlarni ham hurmat qiling, hali ulg‘aysangiz, mening gaplarimni yaxshiroq tushunasiz.
Hammamiz yeguliksiz qolishni, ocharchilikni o‘ylab qo‘rqib ketdik, shundan keyin dehqonlar, fermerlar naqadar ahamiyatli vazifalarni bajarishini tushundik.
Shuning uchun sizlarga “Kim bo‘lsam ekan?” ruknida eng ezgu kasblar, eng yaxshi bir soha haqida gapirib bermoqchiman. Bu – agrar soha.
“Agrar” so‘zi lotin tilidan olingan bo‘lib, “yerga oid, dalaga oid” ma’nolarida qo‘llaniladi. Demak, agrar soha – yer-suv, qishloq xo‘jaligi va unga bog‘liq tarmoqlar bilan shug‘ullanuvchi iqtisodiy faoliyat yo‘nalishi. U yerga ishlov berish, ekin ekish, chorvachilik, o‘simlikshunoslik, baliqchilik va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, sotish, eksport yoki import qilish kabi yo‘nalishlarni o‘z ichiga oladi.
Shunday ekan, bu keng tarmoqli soha ichida bir emas, bir qancha kasb egalari faoliyat yuritishadi. Ammo ularning barchasi tabiat, ona Yer bizga in’om etgan imkoniyatlardan unumli foydalanib, insoniyat uchun birlamchi, zaruriy oziq-ovqat mahsulotlari – sabzavotlar, poliz ekinlari, don-dun mahsulotlari va hokazolarni yetishtirish, ularni bizning iste’molimizga olib kirish uchun xizmat qilishadi. Barchaga foyda keltirish barobarida o‘zlari ham yaxshigina daromad topishadi, albatta. Keling, quyida shunday kasblardan ba’zilari haqida gaplashamiz.
Agronom – ekinlar ekish, parvarishlash, hosildorlikni oshirish va tuproq unumdorligini nazorat qilish bilan shug‘ullanadi. U ekinni o‘g‘itlash, sug‘orish, kasallik va zararkunandalarga qarshi kurashish, shuningdek, hosilni yig‘ish va saqlash jarayonlarini boshqaradi. Shu yo‘nalishlarda yangi va samarali usullarni kashf etish ustida izlanadi.
Agrokimyogar – tuproq va o‘simliklarning kimyoviy tarkibini o‘rganib, hosildorlikni oshirish uchun mineral va organik o‘g‘itlardan samarali foydalanish, zararkunandalarga qarshi kimyoviy vositalarni qo‘llash bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqadi. Ularni amalda sinab ko‘radi.
Zootexnik – chorvachilikni rivojlantirish bilan shug‘ullanib, hayvonlarning oziqlanishi, parvarishi, mahsuldorligini oshirish va naslchilik ishlarini boshqaradi. U hayvonlar ozuqasi tarkibini belgilaydi, ularni boqish texnologiyalarini takomillashtiradi.
Veterinar – fermadagi hayvonlarning sog‘lig‘ini saqlash va davolash bilan shug‘ullanadi. U kasalliklarning oldini olish, emlash, jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazish hamda chorva va uy hayvonlarining umumiy salomatligini nazorat qiladi.
Agrometeorolog (iqlimshunos) – ob-havo va iqlim sharoitlarining qishloq xo‘jaligiga ta’sirini o‘rganadi. U yog‘ingarchilik, harorat, namlik va boshqa meteorologik omillar asosida ekin ekish, sug‘orish, hosil yig‘ish hamda tabiiy ofatlarga qarshi choralar ko‘rish bo‘yicha tavsiyalar beradi.
Fermer – qishloq xo‘jaligi faoliyatini to‘liq boshqaruvchi shaxs bo‘lib, u ekin yetishtirish va chorva parvarishlash bilan shug‘ullanadi. Uning vazifalari agronom, zootexnik, veterinar, agrokimyogar, agrometeorolog kabilar bilan chambarchas bog‘liq, aniqrog‘i, fermer bu mutaxassislarning tavsiyalarini amaliyotda qo‘llab, fermer xo‘jaligini yuritadi, xalqqa xizmat qilish, sifatli mahsulotlar yetkazib berish, shu bilan birga daromad olishni ta’minlaydi.
Endi siz ham iste’mol qiladigan taomlarimiz uchun barcha birlamchi mahsulotlar qancha insonlarning mehnatlari evaziga kelishini yana-da yaxshiroq tushungan bo‘lsangiz kerak. Agrar soha bo‘yicha ham dastlabki bilimlarga ega bo‘ldingiz, to‘g‘rimi?
Hikoyamning davomini aytib bersam, men uchuvchi bo‘lmadim, jurnalist bo‘ldim, ammo sinfdoshim Dilshod hozir yosh fermer. Mahallamiz yaqinidan kattagina yer olgan, orzusidagidek insonlar uchun zarur mahsulotlarni yetishtirib, dasturxonlarimizga yetkazib bermoqda. Yoshligidanoq shunday faoliyat boshlagani uchun tuman hokimiyati, boshqa davlat organlari ham uni qo‘llab-quvvatlashmoqda. Hozir Dilshodning fermasida 10 dan ziyod mutaxassislar ishlayapti. Unga mahallamizdagi ko‘pchilik yigitlar, ukalarimiz havas qilishadi.
Agrar sohada faoliyat yuritish haqida o‘ylab ko‘rdingizmi? Agar viloyatlarda, tumanlarda yashasangiz, bu sohani o‘rganish siz uchun yana-da qulay, to‘g‘rimi? Nima bo‘lganda ham, o‘z qiziqishlaringizni to‘g‘ri yo‘naltiring, yaxshi kasb egasi bo‘ling, o‘zingiz va xalqingizga naf keltiring!
Muhammadali PO‘LATOV