Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

O‘smirlik pallasida

O‘smirlikka qadam qo‘ygan, aziz muxlislar! Bu davr psixologiyada eng muhim bo‘lgan davrlardan biri hisoblanadi. Shu bois biz sohaning yetuk mutaxassisi, taniqli psixolog, dotsent Nigora Shomurodovaga qo‘ng‘iroq qilib, bu haqida o‘quvchilarga batafsilroq ma’lumot berishlarini iltimos qildik. O‘ylaymizki, mutaxassisning quyidagi fikr-mulohazalarini o‘qigach, muammoli savollaringizga javob topasiz, o‘smirlikning past-u baland zinalaridan qoqilmay o‘tib olasiz.

–    O‘smirlik davrida inson hayotida yosh bilan bog‘liq inqirozning ikkinchi krizis davri boshdan kechiriladi. O‘smirning fe’l-u atvoridagi keskin o‘zgarishlar yaqqolroq, aniqroq namoyon bo‘ladi va bu ko‘pincha o‘quvchining oilasidagilar, ota-ona yoki do‘stlari bilan doimiy munosabatlardan o‘zgacharoq munosabatlar tizimining shakllanishiga ta’sir qiladi. Masalan, ota-onangiz sizga xuddi avvalgidek uy yumushlaridan birini bajarishni buyurdi, deylik. Bu har doimgi qilib yurgan ishingiz bo‘lsa ham, sizga malol keladi va siz ularga “Nega ish buyuraverasizlar, mendan boshqa odam yo‘qmi?” deb ters javob  qaytarasiz. Yoki “Jonga tegdi shu ishlar” deysiz qo‘pollik bilan. Shunday paytda jizzaki, dag‘al bo‘lib qolganingizni, bu javob bilan ota-onangizni xafa qilib qo‘yganingizni o‘zingiz ham bilmay qolasiz. Ular nega bunday qilayotganingizni so‘rashsa, gap ko‘tarolmay, xonangizga kirib eshikni ichkaridan yopgancha hech kim bilan muloqotni istamay, hammadan uzoqlashib, hatto o‘z-o‘zingiz bilan ham kelisholmaysiz. Shu kayfiyat bilan maktabga borasiz. Tajangligingiz sabab, o‘qituvchingizning birgina tanbehiga chiday olmay, ustozingiz bilan ham bahslashib qolasiz. Sinfdoshlaringizning ayrimlarini ko‘rgingiz kelmaydi va siz buni ilgari aytmagan bo‘lsangiz-da, shu paytda ko‘z qarashingiz bilan oshkor qilib qo‘yasiz.

O‘smirlik davrida inson tanasidagi gormonal o‘zgarishlar, organizmning bio­fiziologik va psixologik taraqqiyotdagi o‘z­garishlarning bir vaqtga to‘g‘ri kelib qolishi, bir nuqtada uchrashishi va a’zolardagi o‘ziga xos taraqqiyotning tezlashgan darajaga o‘tishi  ruhiyatda juda nozik, o‘ziga xos, doimgidan o‘zgacha bo‘lgan holatlarning yuz berishiga olib keladi.

Bu davrda murakkab mazmundagi menlik shakllanadi, ya’ni jismoniy jihatdan, aqliy va ma’naviy jihatdan kattalar bilan o‘zini teng tuta olish istagi kuchayadi. Mening orzularim, mening kelajagim, reja va maqsadlarim degan murakkab mazmunga ega bo‘lgan, menlik bilan bog‘liq maqsadlar, g‘oyalar yuzaga kela boshlaydi. Shuningdek, bu davr shaxsning har tomonlama mustaqil bo‘lishga, o‘zini jamiyat hayotida ko‘rsatishga, namoyon qilishga moyillikning yuqori bo‘lgan davri hisoblanadi. Shu boisdan tobelik yoki boshqalar fikri bilan hisoblashish, o‘zgalar fikri bilan qadam tashlash, reja qilish g‘aliz holat sifatida anglanadi. Albatta, bu davrdagi holatlarni tushungan ota-ona, o‘qituvchilar shunga qarab siz bilan muomala qiladilar. Siz anglab yetmagan o‘zgarishlarni ular tezda ilg‘ab oladilar. Ming afsuski, ba’zan seniki emas, mening aytganim bo‘ladi, deb vaziyatni keskin holatga olib keladigan ota-ona, o‘qituvchilar ham uchrab turadi. Ular bolasi katta bo‘lib qolganini bilmay qoladilar. Xuddi ilgarigidek uni kichik bolalar kabi yetaklashga intiladilar. Shunday paytda o‘zidagi holatlarni tushunib, tahlil qilishga aqliy salohiyati yetadigan o‘smirlar, ya’ni yaxshi o‘qigan, badiiy kitoblarga oshno bo‘lgan bolalar kattalarning bu xatti-harakatlari, gap-so‘zlarini bosiqlik bilan qabul qiladilar. Bunday o‘smirlar hech kimdan gina qilmay, qanday qadam tashlashni yaxshi biladilar. Ular bolalik olamidan chiqib, kattalar olamiga qadam qo‘yayotganlarini atrofidagilarga astalik bilan o‘zlari anglatib boradilar.

Aziz o‘quvchilar, o‘smirlik davrining o‘ziga xos jihatlari juda ko‘p. Ularni keyingi suhbatimizda davom ettiramiz.

 

Nigora SHOMURODOVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.