O‘qilishi shart bo‘lgan eng yaxshi kitoblar

Anvar Obidjonning “Oltin yurakli avtobola” qissasi
Anvar Obidjon qalamiga mansub “Oltin yurakli avtobola” qissasi 1981-1985-yillarda yozilgan bo‘lsa-da, hanuz o‘z dolzarbligini yo‘qotmagan. Asarda Kamol Kamtariy ismli kibernetik olim pul va moddiy boylik hech qachon chinakam insoniy mehr-oqibat, vijdon va insof, g‘urur va iffat, e’tiqod va tafakkurdan ustun bo‘la olmasligini o‘z ilmiy faoliyati orqali isbotlaydi. Tabiat unga zehn va idrok ato etgan bo‘lib, bu bilan u olamning yuragini tinglashdek ulkan saodatga erishgan.
Unga qarshi turuvchi Bekxo‘ja zargar, Ko‘rshapalak, Supersur kabi qahramonlar esa dunyoda hamma narsani pul hal qiladi, deb o‘ylaydi. Ular boylik orttirishning halol yo‘lini emas, balki talonchilik va qaroqchilik bilan pul topishni afzal ko‘radi va bundan faxrlanadi. Hatto Xudoni ham unutib, pulga sig‘inish darajasiga yetgan bu kimsalarning fikrlari asardagi quyidagi parchada yaqqol aks etgan:
– Pul kishining hamma nuqsonini yashiradi: nodonni donodan hurmatliroq qiladi, nimjonni polvon ustidan hukmron etadi, sichqonni qoplonga aylantiradi. Bilimda bunaqa imtiyoz yo‘q. Aqalli kamxarjligingni ham begona ko‘zdan berkita olmaydi.
– Bundoq o‘ylab qaralsa, bu sho‘rliklardayam ayb yo‘q, – ziyolilarga hamdardlik bildirdi Ko‘rshapalak. – Ularni institutlar buzyapti. Muttaham falsafachilar baxt boylikda emas, halol mehnatda, deb g‘o‘r o‘spirinlarni laqillatishadi...
Bu shaxslar o‘z maqsadlari yo‘lida professorning o‘g‘li Xoldor va u yaratgan robot Avtobolani o‘g‘irlab ketishadi. Ammo ularning rejasi barbod bo‘ladi. Chunki professor Avtobolaning yuragini oltindan – mehr, oqibat va sadoqat atalmish oltin qadriyatlardan bino qilgan edi. Hatto robot ham insoniylikni his qila olgan bir paytda, bu shafqatsiz odamlarning qalbida zarracha insof va iliqlik qolmaganmi, degan savol o‘quvchini o‘ylantirib qo‘yadi.
Anvar Obidjonning yozuvchilik mahorati shundaki, u bunday toshyurak odamlar qanday shakllanishini ham asosli tarzda ochib bera olgan. Masalan, Bekxo‘ja bolaligida ota mehridan bebahra qoladi, onasi esa sil kasalligidan erta vafot etadi. U bolalikda ololmagan mehrni katta bo‘lgach, pul va mol-mulk bilan to‘ldirishga harakat qiladi. Pulning barcha muammolarni hal qilishi va unga baxt olib kelishiga ishonib qoladi. Uning butun hayoti ota-ona mehrini qo‘msash va boylik orttirish o‘rtasida arosatda kechadi. Bu holat Bekxo‘janing quyidagi so‘zlarida yaqqol ko‘rinadi:
– Yo‘q! Olamda shunaqa narsalar borki, ularni laborotoriyalarda yasab bo‘lmaydi. Ko‘z o‘ngimda qanchadan-qancha jahonshumul kashfiyotlar qilindi, lekin biron-bir kashfiyotchi menga ota yasab berolmadi. Bolalik va o‘spirinlik davrlarim mung‘ayish, farzandini erkalatib turgan otalarga ichikib termilish bilan o‘tdi. Sen buni tushunasanmi, olim?
Asar insoniyat uchun eng katta boylik moddiyat emas, balki mehr-oqibat va insoniylik ekanligini chuqur ochib beradi. Anvar Obidjonning bu asari bugungi kunda ham o‘z qadrini yo‘qotmagan, u nafaqat fantastik qissa, fikr qilishga undaydigan bebaho asardir.
Frank Baumning “Sehrgar o‘z mamlakatida” asari
Biz odatda o‘z muhitimizdan kelib chiqib, hamma biz kabi yashaydi, biz kabi fikrlaydi deb o‘ylaymiz. Jahon bolalar adabiyotining mumtoz namunalaridan biri hisoblangan “Sehrgar Oz mamlakatida” asari esa bizni biz bilmagan, tasavvur ham qilmagan o‘zgacha olam sari yetaklaydi. Kitobning asosiy qahramonlari – Doroti, Temir odam, Guruch, Qoramag‘iz – har biri qandaydir nuqson va kamchilikka ega bo‘lishiga qaramay, bir-birlariga yordam berishadi va birgalikda katta maqsadga erishishadi. Bu bolalarga do‘stlik, yordam va jamoaviy ishning ahamiyatini o‘rgatadi. Asarda Doroti va uning do‘stlari o‘zlarining ichki kuchlarini, haqiqiy ehtiyojlarini anglashadi. Temir odam qalbni, Guruch aqlni, Qoramag‘iz esa mardlikni izlaydi. Bu barcha qahramonlar o‘zlarining ichki qobiliyatlarini topishadi va o‘zgarishlarga erishadilar. Kitob bolalarga o‘zlarini tushunishga va shaxs sifatida o‘sishga ko‘maklashadi. Unga ko‘ra, haqiqiy baxt va muvaffaqiyat faqat maqsadlar yoki narsalarga erishish orqali kelmaydi. Shuningdek, asar do‘stlik, sevgi va jasoratning ahamiyatini anglashga undaydi.
Mark Tvenning “Tom Soyerning boshidan kechirganlari” asari
“Tom Soyerning boshidan kechirganlari” asari erkinlik va mustaqillikni qadrlashni o‘rgatadi. Kitobda Tom o‘zining hayotini, qarorlarini va sarguzashtlarini o‘zi boshqarishga intiladi. Bu bolalarga o‘zlarining hayotini boshqarish, mas’uliyatni o‘z bo‘yniga olish va o‘z yo‘lini topishga ilhom beradi. Tomning yovvoyi va erkin xarakteri aslida uning o‘sish jarayonining bir qismidir. Bu kitobxonlarga haqiqiy o‘zlikni topish va o‘zgarishlarga erishishning ahamiyatini ko‘rsatadi. Tom va uning do‘sti Geklberri Fin sarguzashtlari davomida ko‘plab muammolarni hal qiladi va qiyin vaziyatlarda dadillik va jasorat bilan qaror qabul qiladi. Bu bolalarga hayotdagi qiyinchiliklarga to‘g‘ri qarash, ular bilan kurashish va muvaffaqiyatga erishish yo‘lini o‘rgatadi.
Dilnavoz NAJIMOVA