Katta maqsadlar bilan
Bo‘lajak ixtirochilarni, fizik olimlarni tayyorlaydigan maktab haqida eshitganmisiz? Bu yerda bilimli, yangilikka intiluvchi o‘quvchilar doimo qo‘llab-quvvatlanadi, qiziqishlari e’tibordan chetda qolmaydi. Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tuman ixtisoslashtirilgan maktabi ana shunday ta’lim dargohlaridan biri. Yaqinda maktabning 7-sinf o‘quvchilari Nafisa Dilmurodova, Nurillo Nurmurodov hamda Muhammadaziz Mamajanovlar robototexnika fani o‘qituvchisi Sojida Qobulova ko‘magida muqobili bo‘lmagan, urug‘ yetishtirish texnologiyasiga asoslangan innovatsion qurilma yaratdilar.
“Seed house” (Urug‘lik uyi) nomli ushbu texnologiya atigi 24 soat mobaynida ikki mingga yaqin har qanday sabzavot va o‘simliklar urug‘larini 99% xatosiz unib chiqishini ta’minlaydi.
“Qiz bola ham robototexnikaga qiziqadimi, yana 7-sinf o‘quvchisi-ya?!” deysizmi? Keling, yaxshisi jamoa sardori Nafisa haqida gaplashamiz.
Dastlab Nafisa robototexnikaga deyarli qiziqmas edi. Darslarning birida shu fan ustozi Sojida opa fotorezistor (yarim o‘tkazgichli qurilma)ni qanday ishlatishni o‘rgatdi. Bu mashqni o‘quvchilar ham takrorlashdi. Ammo birgina Nafisa ziyraklik bilan bu ishning uddasidan chiqdi. Ustozning maqtovini aytmaysizmi! Bir kuni xonasidagi stol lampasi ishlamay qoldi. Nima qilsa bo‘ladi?! Shu paytda u qandaydir “kashfiyot” yaratgisi keldi. O‘zi bilganicha fizikadan “mashg‘ulot” o‘tkazdi. Kichkina lampochkani yechib, ichidagi simlarini boshqatdan ulab chiqdi. Qarabsizki, natija a’lo! Stol lampa yana yorita boshladi! Uydagilari “Bu ketishda ixtirochi bo‘lsang kerag-a?!” deyishdi hayron bo‘lib. Shu bo‘ldi-yu Nafisa mashg‘ulotlarga juda qiziqib ketdi. 2023-yilda ekosayt yaratish bo‘yicha o‘tkazilgan olimpiadaning respublika bosqichida 2-o‘rinni qo‘lga kiritdi. 2024-yilning oktyabr oyida esa Nafisa va jamoadoshlari ayni yuqoridagi ixtiro bilan “ROBBO FEST-2024” musobaqasida Respublikada faxrli 1-o‘rinni egallashdi.
Aytgandek, Nafisa raqsga chiroyli tushadi. Maktabda uni “raqqosa” deyishadi. Tadbirlar uchun video yasash, chellenjda qatnashish – hammasida u faol. Jussasi kichkina bo‘lsa-da juda g‘ayratli qiz. U ingliz tilini o‘rganishga kirishgan. Shu yil IELTS sertifikatini olmoqchi. Jamoadoshlari Nurillo va Muhammadaziz ham ingliz tilida ravon gaplasha olishadi. Yaqqol misol: “ROBBO FEST-2024” robototexnika musobaqasida Buyuk Britaniyadan kelgan vakilga ikkalasi “Seed house” qurilmasi haqida ingliz tilida gapirib berishdi. Demak, kelajakda fizik yoki muhandis bo‘laman, menga xorijiy tilning keragi yo‘q, degan o‘quvchi yanglishadi. Nafisa, Nurillo va Muhammadaziz fizika va matematikasiz kelajaklarini tasavvur qila olmaydilar. Chunki ularni oldinda xalqaro olimpiadalar, katta tanlovlar kutmoqda.
Endi maktab hayotiga qaytsak. Maqolani tayyorlash jarayonida Nafisaning sinf rahbari Muhayyo opa Sultonovadan xushxabar eshitdik. Prezident, ijod, ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlari o‘quvchi qizlari o‘rtasida matematika fanidan olimpiadaning Agentlik bosqichida 8-sinf o‘quvchisi Komila Mirzomiddinova 2-o‘rinni qo‘lga kiritibdi.
Yurtimiz maktablarida zamonaviy bilimlarga ega, erkin fikrlaydigan, barcha fanlarda jahondagi tengdoshlari bilan raqobatlasha oladigan o‘quvchilarimiz soni yanada oshaversin!
Dilafro‘z ZAYNIYEVA