Biz “Temurbek”larmiz
Bayrog‘ing boshingda hilpirar,
Yashnagay Istiqlol mash’ali.
Xumo qush, Oy, Yulduz yaltirar
Qalqondir o‘zbekning askari!
Bu biz – yosh temurbeklarning saf qo‘shig‘i! Har gal jo‘rovozlikda marsh bilan uni kuylaganimizda, qalbimiz jo‘shib ketadi! O‘zimizni ulg‘aygandek his qilamiz! Harbiycha libosimizga ko‘pchilik havas bilan qaraydi! Ba’zilar hatto o‘qiydigan maskanimizga qiziqib, so‘rab-surishtirishadi ham.
Ha, aytgancha, sizlarni maktabimiz bilan yaqindan tanishtirsam! Bizning Toshkent shahar Yunusobod tumanidagi 272- A (58) o‘rta umumta’lim maktabimiz Milliy gvardiya tasarrufida.
Maktabda harbiy yo‘nalishga ixtisoslashgan sinflar tashkil etilgan. Iste’fodagi polkovnik Bahrom aka Jumaniyozov maktabimiz direktori, podpolkovnik Asqar aka Bo‘riyev esa direktorimizning harbiy vatanparvarlik tarbiyasi bo‘yicha o‘rinbosari.
Mashg‘ulotlar guruhlarga qarab tashkil etilgan. Masalan, “Yulduzchalar” – 1-4-sinfning harbiy yo‘nalishga ixtisoslashgan sinf o‘quvchilaridan iborat bo‘lgan guruh nomi! 4-9-sinf o‘quvchilaridan tashkil topgan guruhimiz esa “Temurbeklar” deb nomlangan.
Fanlardan bo‘ladigan darslarga qanday tayyorlansak, boshlang‘ich harbiy tayyorgarlik mashg‘ulotlariga ham xuddi shunday, mas’uliyat bilan hozirlanamiz! Chunki, harbiy ustozlarimiz aytganidek: mas’uliyat, intizom, tartib muvaffaqiyatga dadil qadamdir!
Bu qoida ayniqsa, harbiy sport musobaqalarida qo‘l kelishiga ishonch hosil qilganmiz. Har o‘quv yilida ixtisoslashgan sinf o‘quvchilari o‘rtasida yugurish, turnikka tortilish, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish kabi bir qancha yo‘nalishlarda musobaqalar o‘tkaziladi. Biz harbiy sport musobaqasining “Yosh qutqaruvchi” yo‘nalishida Toshkent shahar bosqichida faxrli 2-o‘rinni egalladik.
Sportning karate, dzyudo, qo‘l jangi turi bo‘yicha tashkil etilgan musobaqalarda esa harbiy yo‘nalishga ixtisoslashgan sinf o‘quvchilari Milliy gvardiya qo‘mondonligi tashakkurnomasiga sazovor bo‘ldi.
Faqatgina bu emas, direktorimiz aytganlaridek, vatanparvarlik nafaqat jismonan chiniqish, balki fanlarni o‘zlashtirish, bilim, zakovat bilan rivojlanadi!
Maktabimizdagi “Voris”, “Yosh tarixchi”, “Mutolaa”, “Mohir qo‘llar” to‘garaklarida bilimimizni rivojlantirib, iqtidorimizni namoyon etishga intilyapmiz.
“Voris” to‘garagining ijodkor va notiq a’zolari “O‘zbekiston” radiokanalining “Bolalar uchun” nomli eshittirishlarida faol qatnashadi.
2021-yilning dekabr – “Vatanparvarlik” oyligi doirasida Toshkent shahar Olmazor tumani 106-son zaif eshituvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatida bo‘lib, marsh qo‘shiqlarimiz, ijodimiz va harbiy-sport ko‘rgazmali chiqishlarimizni namoyish etib, tengdoshlarimizni xursand qildik.
“Tong yulduzi” gazetasida maktabdoshimiz, 8-sinf o‘quvchisi Abdurashid Shokirovning “Mening pulemyotchi bobom” nomli maqolasi va bobosining ko‘ksi to‘la ordenlar bilan tushgan surati chop etildi. Abdurashid maqolada Ikkinchi jahon urushida pulemyotchi bo‘lgan katta bobosining qahramonliklari haqida iftixor bilan hikoya qilgan.
Bizning niyatimiz ham botir bobolarimiz bilan g‘ururlanibgina qolmay, ularga munosib voris bo‘lish. Ustozlarimiz o‘rgatgan malaka va ko‘nikmalarni rivojlantirib, Vatanimizga, ona xalqimizga sadoqat bilan xizmat qilish!
Afro‘z RUSTAMOV,
Yunusobod tumanidagi 272-maktab o‘quvchisi