Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Oppoq orzular sari qadamlarni toʻgʻri tashlayapsizmi?

Shu kunlarda maktab bitiruv­chilarining vaqti juda tig‘iz. Go‘yo 24 soat ham ularga kamlik qilayotgandek. Bi­tirish imtihonlariga tayyorgarlik, oliygohga kirish uchun test sinovlarini yechish, o‘quv markazidagi  mashg‘ulotlar, qo‘shimcha kurslar, repetitor talablarini bajarish... eh-he. Lekin bitiruvchi bunga ulguradi, o‘zida kuch topadi. Chunki uning niyati ezgu! Oliy o‘quv yurtiga kirib, ota-onasi, ustozlari ishonchini oqlash!

    Ammo, afsuski, uning bu ezgu orzusidan o‘z maqsadi yo‘lida foydalanadigan “mehribon” odamlar ham bor.  Ana shundan ehtiyot bo‘lish kerak.

    Chunki, bugungi bozor iqtisodiyoti sharoitida bilim ham biznesning bir tarmog‘iga aylangani, ta’lim biznesi eng foydabop tarmoq ekanini tan olmay iloj yo‘q. Ba’zi tengdoshlarimiz hech qanday imtihonsiz xorij universitetlariga kiritib qo‘yadigan firmalar orqali hujjat topshirib, bir yildan so‘ng o‘qishni O‘zbekistonga ko‘chirishni ma’qul ko‘rishadi. Da’vogar sust bo‘lsa, qozi muttaham bo‘ladi, deganlaridek ba’zi “uddaburon” odamlar bunday dangasa va bilimsiz tengdoshlarimizdan yaxshigina foyda ko‘rishadi. Yaqin ikki yilda urf bo‘lgan bu kabi firmalar, aslida, qanday faoliyat yuritadi, firmaning qonuniy yoki noqonuniy ekanini qanday aniqlash mumkin, hamma firmaga ham ishonsa bo‘ladimi, nega firmalar orqali kirishimiz mumkin bo‘lgan universitetlarda kontrakt summasi ancha arzon, firma to‘lovi esa qimmat? Bu to‘lovlar evaziga firma qanday xizmatlarni bajaradi? Bugungi suhbat orqali shu savollarga javob topamiz.

 

Nargiza Narzullayeva (talaba)

–    Ukam 2021-yil o‘qishga kirolmagach, bir yil vaqtini yo‘qotmasin, deb firmaga murojaat qildik. U firma rahbari dadamning tanish og‘aynisi edi. Shuning uchun ularga ishondik va DTM qog‘ozi, pasport, 3x4 rasm, attestat va 2000$ berdik. Ammo, kirgan-kirmagani aniq bo‘lmay turib u tanishimizni topib bo‘lmay qoldi. Yaqinda ko‘nglimizni xotirjam qilish uchun ma’lumotnoma yubordi. Unga ko‘ra, ukam Qozog‘istonning “Международный соврeменный университет” nomli oliygohida o‘qiyapti. Lekin men internetdan na universitet saytini, na u haqida ma’lumot topa olmadim. Axir, hozir dunyodagi barcha universitetning o‘z rasmiy sayti bor. Ammamning o‘g‘li ham boshqa firma orqali hujjatini shu tarzda Qozog‘iston milliy universitetiga o‘qishga topshirgan. Ular bizdan farqli o‘laroq 1000$ firma uchun va  600$ universitet kontrakti uchun to‘lagan. Uni o‘zi o‘qiyotgan guruhning telegramm guruhiga qo‘shishgan, masofadan ta’lim olishi uchun kod bergan. Lekin bizga hech gap aytilgani yo‘q.

 

Durdona Bultakova (mutaxassis)

–    Konsulting firmalarga murojaat qila­digan odamning birinchi qilishi kerak bo‘lgan ishi – firmaning litsenziyasi bor yoki yo‘qligini so‘rash. Yana bir muhim jihat, odatda qonuniy firmalar hech qachon o‘z xizmati uchun pulni bevosita olmaydi. Siz bankka to‘lov qilasiz. Bank firma hisob raqamiga tashlab beradi. Qonuniy firmalar talabaning o‘qishga kirishgacha bo‘lgan jarayonni o‘z bo‘yniga oladi va bu ikki xil usulda amalga oshiriladi. Birinchisi, talabaning o‘rniga firmadagi chet tilini yaxshi biladigan mutaxassis hujjatlarini ro‘yxatdan o‘tkazib topshiradi. Ikkinchi usulda, firma oldindan xorijga borib, u yerdagi universitetlar bilan kelishadi. Lekin firma vizaga javob bermaydi. Firma hujjatni o‘qishning kunduzgi bo‘limiga topshirgan talabalarga ish, yotoqxona topib berishni  zimmasiga olmaydi. Chunki, yuridik jihatdan bunday ishlar  firmaning vazifasiga kirmaydi.

 

Aziza Rustamova (CHDPI bitiruvchisi)

–    Bu yil o‘qishga kira olmadim. Keyin consulting firmaga murojaat qilib, ularga pasport nusxasi, attestat, ariza, firma xizmati uchun 1000$ to‘ladim. Chimkent univerisitetining kunduzgi bo‘limiga o‘qishga kirgach esa  shartnoma puli uchun 350$ to‘ladim. Biroq universitetga bormadim. U yerda o‘rnimga boshqa qiz o‘qiyapti. U qizga 150$ va yaqinda sessiyani yopishi uchun yana 1.5 million so‘m pul to‘ladim. Hozir Qozog‘istondagi vaziyat sabab, fevralda o‘qishimni ko‘chirish  niyatidaman. Men murojaat qilgan firma O‘zbekistonga o‘qishni ko‘chirishim uchun testdan kamida 65 ball to‘plashim kerakligini aytdi va testga tayyorlanishimga yordam berishni va’da qildi.

 

Sherali Ermatov (talaba)

–    Dadam Qirg‘izistonda ishlagani uchun hujjatlarimni Bishkekdagi I.Arabayeva nomidagi Qirg‘iziston davlat  universitetiga topshirdim. O‘zimizda o‘qishga kirish uchun qanday hujjat topshirilsa, u yerda ham jarayon shu tarzda bo‘ldi. Men xorijlik fuqaro sifatida imtihonsiz talaba bo‘ldim. Hech kimga hech qancha pul to‘laganim yo‘q. Faqat universitetning shartnoma pulini to‘ladim. Bir yildan so‘ng o‘qishimni O‘zbekistonga ko‘chirdim. Bu jarayon ham o‘qishga topshirishdan deyarli farq qilmaydi. Faqat sinov daftari (zachyotka) nusxasi ham topshiriladi. Mening soham tasviriy san’at bo‘lgani uchun ijodiy imtihon topshirdim. Hozir Chirchiq davlat pedagogika institutida o‘qiyapman.

 

Mohigul Mavlonova (o‘qituvchi)

O‘g‘lim xorijda o‘qishga ahd qilgach, ishni nimadan boshlash, u yerdagi qabul jarayonlari haqida ma’lumot olish uchun GekStudy konsulting firmasiga murojaat qildik. O‘g‘limdan tashqari yana 5 o‘quvchim bilan markazga bordim. U payt faqat Qobil ismli o‘quvchimdagina IELTSdan 8 ball bor edi. Firma bizga Seul National universitetiga kirishga yordam berishini aytib, ikki yarim million so‘m oldi. Biz ular so‘ragan barcha hujjatni yubordik. O‘quvchilar hali diplom olmagani uchun o‘qishni bitirishi to‘g‘risida ma’lumotnoma berdik. Qolgan o‘quvchilar ham IELTS imtihoni uchun tayyorgarlikni boshlab yuborishdi. Qabul muddati tugashiga oz qolgan bo‘lsa-da, firma jim edi. Firmaga borsam, u yerdagilar Qobilning IELTS sertifikatini “Mana bizning o‘quvchimiz IELTS dan 8 ball oldi”, – deb osib qo‘yishganini ko‘rdim, ham jahlim chiqdi, ham kulgim keldi. Xodimlar bizning o‘quvchilarni Pusanga joylashtirishayotganini aytishdi.  Dastlab reytinggi baland bo‘lgan Seul National universitetiga hujjat topshirishga yordam beramiz, degan odamlarning bu tarzda lafzdan qaytib reytingi past universitetni tavsiya etayotgani jahlimni chiqardi va pullarimizni qaytarishlarini  talab qildim. Ular pulimizni bo‘lib-bo‘lib qaytarib berishdi. Orada vaqt yo‘qotganimiz qoldi.  2020-yil o‘g‘limning o‘rtoqlari World.uz orqali Koreyaning INXA universitetida o‘qishga kirdi. “Sutga og‘zi kuygan qatiqni ham puflab ichadi” deganlaridek, men o‘g‘limga ruxsat bermagan edim. Do‘stlari o‘qishga kirganini ko‘rgach, bahorgi semestr uchun taraddudni boshladik. Sug‘urta ishlari, litsey diplomi tarjimasi, bankda hisob raqami ochish va unga pul tashlash kabi vazifalarni o‘zimiz qildik. U yerda Koreyadan kelgan ustozlar bilan suhbat bo‘ldi. Suhbatda bitta koreys tilidan va bir dona mutaxassisligiga oid savol berildi. Bu paytga kelib o‘g‘limda koreys tilidan Topik va IELTS dan 7 ballni qo‘lga kiritgani to‘g‘risidagi sertifikat bor edi.  Shuning uchun og‘limni nafaqat universitetga qabul qilishdi, balki bir semestr uchun to‘liq grant ajratishdi. Bir semestr davomida yaxshi o‘qigani uchun kelasi semestrga ham grant yutib oldi.

U yerda o‘qishning afzalliklaridan biri – agar talaba yaxshi o‘qisa grant beriladi, aksincha grantga kirsa-yu o‘qishlari pasayib ketsa, kontraktga tushib qoladi. Yana bir muhim jihati, Koreyada talabalar o‘qish darajasiga qarab kontrakt puli to‘laydi. Yaxshi o‘qiydiganlar bilim darajasiga qarab kontraktning 50, 30 foizini to‘laydi yoki umuman to‘lamaydi. Bu orqali talabalarga yaxshi o‘qish uchun rag‘bat beriladi va hamma astoydil o‘qishga harakat qiladi. 2021-yil qizim Polsha davlatidagi universitetga hujjat topshirdi. Hech qanday firmaga murojaat qilmadik. Hujjatlarining barchasini o‘zi tayyorladi. Universitet hujjatlarini ko‘rib chiqishi uchun bank orqali application fee-10 yevro miqdorda to‘lov to‘ladik. Qizim hozir Varshavada o‘qiyapti. Firmalar xorijga o‘qishga topshirish bo‘yicha mutlaqo tajribasi yo‘q odamlar uchun foydali bo‘lishi mumkin. Lekin abituriyent agar xorijiy tilni yaxshi bilsa,  internet orqali hujjat topshirish jarayonini bemalol o‘zi o‘rganishi, o‘sha universitetga o‘zidan oldin o‘qishga kirgan talabalardan maslahat olishi mumkin.

Bo‘lajak talabalar! Mana, siz bilan turli yoshdagi kishilarning  hikoyalarini tingladik. Xulosa esa o‘zingizdan! Hech narsani o‘rganmay turib ham talaba bo‘laman, deyayotgan bo‘lsangiz, ana shu bilimsizlik sizga, aniqrog‘i, ota-onangizga anchagina qimmatga tushishi mumkin. Bilimli o‘quvchilar esa, har yerda hurmatga sazovor, ular uchun grantlar, stipendiyalar bisyor. Ayting-chi, siz ulardan biri bo‘la olasizmi? Unday bo‘lsa, keling, tayyorgarlikni bugundan boshlaymiz. Keyingi sonlarimizda xorijiy universitetlarga hujjat topshirish, ta’lim tizimi haqida ma’lumotlar berib boramiz! Toki, duch kelgan odam sizni shundoq ham imtihonsiz kirish mumkin bo‘lgan oliygohlarga “imtihonsiz kiritib qo‘yaman”, deb chuv tushirmasin!!!

 

Sahifani Dilnavoz tayyorladi.

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.