Buvim adashdimi?
Maktabimizda tashkil qilingan “Yosh qalamkash” to‘garagining yarmidan ko‘pi mening sinfdoshlarimdan iborat. Chunki adabiyot ustozimiz Zumrad opa Qurbonova hammamizni badiiy asarlar o‘qishga, ijod qilishga qiziqtirib qo‘yganlar. Sinfdoshim Zuhra ko‘p kitob o‘qigani uchunmi allaqachon she’r, hikoyalar yozishni boshlab yuborgan, to‘garak rahbarimizning o‘ng qo‘li. Ikkita she'ri bolalar gazetasida chiqqan.
Yil yakunida ustozimiz yosh qalamkashlar orasida “Mening Prezidentim” mavzusida insholar tanlovi e’lon qildilar. Aynan tanlov o‘tadigan kuni Zuhra negadir mashg‘ulotga kelmadi. Ustoz biroz kutib turishimizni, Zuhra bu tanlovda qatnashishni juda-juda xohlaganligini aytib, “Ehtimol inshoni vaqtliroq yozib ham qo‘ygandir”, – deb qo‘shib qo‘ydilar.
– Ularning uyi shundoqqina maktabimiz yonida. Chaqirib kelaymi? – so‘radim ustozni xursand qilish uchun.
– Mayli boraqol, – sevinib ketdi ustoz...
Darvozani uning onasi ochdi. – Zuhra nega mashg‘ulotga chiqmadi, ustoz so‘rayotgandi, – dedim qo‘limni ko‘ksimga qo‘yib salom bergach.
– To‘garakka chiqish majburiy emas-ku. Nega so‘raydi. Qizimning tomog‘i og‘riyapti. Ikki-uch kun maktabga borolmaydi, – dedi oyisi menga boshdan oyoq razm solib qovoq uygancha...
Oradan ikki kun o‘tib dushanba kuni sinfdoshim maktabga keldi.
– Tuzalib qoldingmi? – dedim unga peshvoz chiqib. U menga bir zum qarab turdi-da, indamay o‘tib ketdi. Shu kuni ham, ertasiga ham u men bilan gaplashmadi. Dugonasi Muxlisaning aytishicha, o‘sha kuni onasi uni “nega seni o‘g‘il bola uygacha qidirib keladi”, – deb rosa koyibdi. Va o‘g‘il bolalar bilan iloji boricha kam gaplashishi kerakligini, aks holda boshqa maktabga o‘tkazib yuborishini aytibdi.
Balki uyiga borib xato qilgandirman. Endi bunday qilmayman, nafaqat uning, boshqa sinfdosh qizlarning ham uyiga bormayman. Ammo, bitta sinfda o‘qib turib qanday qilib gaplashmaslik mumkin. Sezyapman, bundan Zuhra ham xafa. Axir biz do‘st edik-da.
Gulxanjon, shu to‘g‘rimi? Biz 6 yildan buyon birga o‘qiyotgan bo‘lsak. Sinfdosh o‘g‘il bola bilan qiz bola gaplashishi mumkin emasmi? Qolaversa, bitta mahallada yashasak, bitta maktab, bitta sinfda o‘qisak. Buvim, mahalladagi qizlarning biri opa, biri singil bo‘ladi. Ularni hurmatini joyiga qo‘y, og‘irini yengil qil, deb tayinlaydilar.
Kim haq o‘zi, sinfdoshimning oyisimi, mening buvimmi?
Azizbek Ibrohimov,
Yashnobod tumanidagi 341-maktab o‘quvchisi