Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Robot oʻt oʻchiruvchi, ham bemorga koʻmakchi

Bolalar, o‘tgan sonda xabar berganimizdek, noyabr oyida Toshkent shahrida maktab o‘quvchilari o‘rtasida “Turk dunyosi bola­larining 5 – Bilim va madaniyati” festivali bo‘lib o‘tgan edi. Unda buxorolik tengdoshingiz Jahongir Ramazonov oliy o‘rinni egallab, Turkiya davlatining Anqara shahridagi Ostin universitetiga grant asosida o‘qishga qabul qilinganlik imtiyozini qo‘lga kiritdi. 

Jahongir Romitan tumanidagi 24-maktabning 11-sinf o‘quvchisi. Maktabdagi texnologiya o‘qituvchisi Davlat Yovqochdiyev va tuman “Barkamol avlod” bolalar maktabidagi to‘garak rahbari Muhayyo Mo‘minovalardan uch yildan buyon robototexnika sirlarini o‘rganmoqda. Festivalda uning “Ofitsiant robot”, “O‘t o‘chiruvchi robot” va “Yo‘l tanlamas avtomodel” loyihalari hakamlarning e'tirofiga sazovor bo‘ldi. Biz yosh ixtirochining loyihalari nimalarga xizmat qilishi bilan qiziqdik.

–    Hozirda ko‘pchilikni tashvishga solayotgan mu­am­mo bu koronavirus, – deydi Jahongir. – “Ofitsiant robot” kasalxona, restoran va xonadonlar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, muassasalarda xizmat qiladi. Bu esa virus tarqalishining oldini oladi. Ya’ni, bemorga yoki restoran xo‘randalariga odamlar emas, balki robot xizmat qilsa, sog‘lom insonning kasallik yuqtirish xavfi kamroq bo‘ladi-da.

“O‘t o‘chiruvchi robot” esa yong‘in chiqqan binoning tashqi tomoni bilan birga ichidagi kuchli olovni ham o‘chirib, yong‘inda qolib ketgan odamlarni olib chiqadi.  U ikki km. uzoqlikdan boshqariladi. Binoning ichiga kirgach, jihoz bilan to‘ldirilgan yoki tor xonalarning eniga, bo‘yiga, uzunligiga moslasha oladi. Robotda kamera, suv va ko‘pik solinadigan alohida idishlar va boshqa funksiyalar bor.

“Yo‘l tanlamas avtomodel” Vatanimiz chegaralari xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiladi. U suvda, yerda, havoda turib ham dushmanga hujum qila oladi. Ma’lumki, chegaralarimiz asosan cho‘l hududlarida joylashgan bo‘lib, bunday joylarda issiqlik yuqori bo‘ladi. Shularni hisobga olgan holda, o‘zini o‘zi quvvatlab turishi uchun avtomodelga quyosh batareyalarini joylashtirdim. 

Jahongir qo‘l mehnatini yengillashtiradigan 60 dan ortiq ixtirolar muallifi. Bo‘sh vaqtlarida ingliz va turk tillarini o‘rganadi.

– Kelajakda yurtimizda texnika va robototexnikani ri­vojlanishiga hissa qo‘­shadigan yetuk mu­taxassis bo‘lmoqchiman, – deydi u.

Dekabr oyida “Kelajak bunyodkorlari” Respublika ko‘rik-tanlovining viloyat bos­qichida ham faxrli birinchi o‘rinni egallab, Respublika bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Biz yosh ixtirochiga maqsadi sari qo‘ygan qadamlari doimo yutuqlarga boy va shahdam bo‘lishini tilab qolamiz.     

    

Dilafro‘z  ZAYNIYEVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.