Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Zamira Ibrohimova

Z.Ibrohimova adabiyotshunos olima, bolalar adibasi.  U 1953-yil 20-dekabrda  Namangan shahrida  xizmatchi oilasida tug‘ilgan. ToshDU (hozirgi  O‘zbekiston Milliy Universiteti)ning filologiya fakulteti sirtqi bo‘limida o‘qib, Toshkentdagi 113-maktabda yetakchi bo‘lib ishladi. 1973-2008-yillarda   O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Navoiy nomidagi Til va adabiyot institutida katta ilmiy xodim sifatida faoliyat ko‘rsatdi.

Z.Ibrohimovaning ijodiy faoliyati bolalar adabiyoti bilan chambarchas bog‘liq. Olima bu yo‘nalishda qator dolzarb muammolarni tadqiq va tahlil etdi. 1990-yilda  “Maktabgacha tarbiya yoshidagi bolalar nasrining g‘oyaviy-badiiy xususiyatlari” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi.  Uning  ilmiy izlanishlari “Kichkintoylar adabiyotining xususiyatlari”, “Quvnoqlikka yashiringan iztiroblar. A.Obidjon portretiga chizgilar”, “Musaffo olam hayratlari”, “O‘zbek bolalar adabiyotiga nazar” kabi kitoblarida jamlangan.

1980-yildan boshlab  uning bolalar uchun yozgan hikoya va ertaklari matbuot sahifalarida ko‘rina boshladi. “Uyqu nega xafa bo‘ldi?”  kitobi 1990-yilda “Yulduzcha” nashriyotida chop etildi. Oradan vaqt o‘tib  “Tish qurti haqida ertak” (o‘zbek va rus tilida), “Gulbahorning do‘stlari”, “Onasini qidirgan jo‘ja” (o‘zbek, rus va ingliz tilida),  “Hisobda adashgan bola” kabi  kitoblari ham bolalarning sevimli asarlariga aylandi.

Z.Ibrohimova pedagogika sohasida ham izchil shug‘ullandi. Uning “Kichkintoylarga buyuk siymolar haqida” (1993) risolasi,  “Birgalikda o‘qiymiz”  (2018), “Maktabgacha ta’lim muassasalarida badiiy adabiyot” (2012) o‘quv qo‘llanmalarida badiiy adabiyot mashg‘ulotlarida kichkintoylarga she’r, hikoya va ertaklarni ifodali o‘qish va qayta so‘zlatish bilan cheklanib qolmasdan, maroqli “suhbat-munozara”lar o‘tkazish, turli o‘yinlar o‘ynash, hatto jismoniy mashq jarayonini badiiy adabiyot bilan uyg‘unlikda  tashkil etish yo‘llari ilmiy-metodik mushtaraklikda keng tadqiq etilgan va  shu soha mutaxassislari uchun amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan qimmatli manbalardan  bo‘lib qoldi.  

Olimaning ota-onalar, ustoz va tarbiyachilar uchun bolalar adabiyoti bo‘yicha salmoqli “Durdona”, “Gulgina” (ikki jildlik), “Ko‘zmunchog‘im” majmualari va MTMlarining barcha guruhlari uchun: “Qizil gul”, “Oq gul”,  “Sariq gul”, “Moviy gul”   v. b.  to‘plamlari e’lon qilingan.

Zamira Ibrohimova O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasining a’zosi, Xalq ta’limi a’lochisi.

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.