Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Uzoq kelajakni oʻylab

Aziz muxlislar, ikkinchi chorak ta’tili hamda unga ulanib ketgan karantin kunlaridan so‘ng sinfdosh va ustozlarni sog‘inib, qadrdon maktabingiz quchog‘iga qaytganingizdan xursandmiz. Albatta, onlayn darslar davom etdi. Lekin internet imkoniyatlari yetib bormagan chekka tuman va qishloqlarda o‘qishlar deyarli bo‘lmadi. Bunday paytlarda o‘qishga, o‘rganishga, badiiy adabiyotlarga qiziqqan bolalar aslo bekor qolishgani yo‘q. Ular bizga qo‘ng‘iroq qilib, chizgan rasmlari, yozgan maqola va she’rlarini yuborib turishdi. “Gulxan”ga obuna bo‘lgan o‘quvchilar esa jurnalning yangi sonini so‘rab, qayta-qayta qo‘ng‘iroq qilishdi. Shundan ham bilsak bo‘ladiki, bu bolalar mutolaani, o‘z ustida ishlashni juda yaxshi ko‘rishadi, vaqtning qadriga yetishadi.

Prezidentimizning “2022–2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi Farmonida siz o‘quvchilarning yorug‘ kelajagingizni o‘ylab ta’lim sifatini oshirish, yangi maktab va bog‘chalar qurish, maktablarni yangi darsliklar bilan ta’minlash, bolalarning ijtimoiy himoyasi masalasiga alohida urg‘u berdilar.

Fevral oyining 2-sanasida Prezidentimiz raisligida ekologik holatni yaxshilash, “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish borasida dolzarb vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Yig‘ilishda mamlakatimiz rahbarining kuyunchaklik bilan aytgan quyidagi so‘zlarini siz o‘quvchilar ham qulog‘ingizga quyib olishingiz kerak bo‘ladi deb o‘yladik.

“... Yoshligimizdan bilamizki, ota-onalarimiz hovlini, atrofni pok saqlash kerakligini aytardi. Xalqimiz azaldan tuproqni, suvni, tabiatni muqaddas deb bilgan. “Birni kessang, o‘nni ek”, – degan dono maqol ham bejiz aytilmagan. Daraxt ekkan odamga uning savobi tegib turadi, deyilgan. Oilada farzand dunyoga kelsa, unga atab nihol ekilgan.

Dunyo miqyosida sanoat yuqori darajada rivojlangan XXI asrda ekologiya bilan bog‘liq muammolar birinchi darajali muammo sifatida kun tartibiga chiqmoqda. Avlodlarimiz bizdan keyin ham munosib tabiiy muhitda yashashi kerak. Buning uchun biz tabiatga e’tibor berishimiz, faqat bugunni emas, yaqin va uzoq kelajakni o‘ylab, ish tutishimiz zarur.

Eng muhim masala – aholining ekologik madaniyatini oshirish. Bugun ko‘chaga yoki istalgan joyga qarang. Hamma joyda odamlar tashlab ketgan chiqindilarni ko‘rasiz. Biz ona yurtimizni muqaddas deymiz. Nima uchun uni toza-ozoda saqlamaymiz? Axir, muqaddas kitoblarimizda ham “Poklik iymondandur” deyilgan...

Ma’lumki, 2021-yil noyabrda “Yashil makon” umummilliy loyihasi e’lon qilinib, 200 ming tup daraxt ko‘chati ekish rejalashtirilgan edi. Bunga muvofiq kuzda 85 million dona ko‘chat o‘tqazildi. Ko‘plab tashkilotlar, mahallalar, umuman keng jamoatchilik bu savobli ishda jonbozlik ko‘rsatdi. Bu yil bahor mavsumida yana 125 million dona daraxt ko‘chatlarini ekish mo‘ljallanmoqda...

1-martdan “Yashil makon” umummilliy tadbiri boshlanishi e’lon qilindi. Har bir hududning iqlimiga mos, kam suv talab qiladigan ko‘chatlarni tanlab ekish zarurligi qayd etildi.”

O‘ylaymizki, Prezidentimizning ona tabiat va uni asrab-avaylash, yangi nihollar bilan ko‘kalamzorlashtirish to‘g‘risidagi “Yashil makon” loyihasida siz o‘quvchilar ham faol ishtirok etasiz. Chunki ona tabiat qanchalik ko‘rkam bo‘lsa, biz shunchalik sog‘lom bo‘lamiz.

 

Zahro Hasanova

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.