Buyuklar Bobur haqida
...U turli fazilatlar bilan bezangan va maqtovli xislatlarga ega boʻlgan bir podshoh edi. Ushbu barcha fazilatlaridan shijoat va muruvvati ustun turardi. Turkiy she’rni Amir Alisherdan keyin hech kim Bobur yozgan darajada yozgan emas.
Mirzo Muhammad Haydar,
“Tarixi Rashidiy”dan.
Bobur dilbar shaxs edi. Uygʻonish davrining ajoyib sultoni, kuchli, tadbirkor kishi boʻlib, san’atni, adabiyotni, goʻzallikni sevardi.
Javoharla’l Neru,
“Hindistonning kashf etilishi” kitobidan.
Bobur fe’li-sajiyasiga koʻra Sezarga qaraganda sevishga arzigulikdir. Uning manglayiga yuksak fazilatli inson, deb bitib qoʻyilgan.
Eduard Xolden, ingliz tarixchisi.
Saxovati va mardligi, iste’dodi, ilm-fan, san’atga muhabbati va ular bilan muvaffaqiyatli shugʻullanishi jihatidan Osiyodagi podshohlar orasida Boburga teng keladigan birorta podshoh topilmaydi.
Uilyam Erskin, “Boburnoma” tarjimoni.
Bobur haqida 10 ta fakt
1. Boburning otasi – Umarshayx Mirzo Farg‘ona viloyati hokimi, onasi – Qutlug‘ Nigorxonim Mo‘g‘ul xoni va Toshkent hokimi Yunusxonning qizi edi.
2. Asl ismi – Zahiriddin Muhammad ibn Umarshayx Mirzo. Dovyurakligi va jasurligi uchun u yoshligidan “Bobur” (“Sher”) laqabini oladi.
3. Otasi Axsida 39 yoshida fojiali halok bo‘lgach, oilaning katta farzandi, 12 yoshli Bobur valiahd sifatida taxtga o‘tiradi (1494-yil, iyun).
4. Bobur Afg‘onistonda “Bog‘i Shahroro”, “Bog‘i Jahonoro”, “O‘rtabog‘”, “Bog‘i vafo” va “Bog‘i Bobur” kabi oromgohlar bunyod ettirgan.
5. Boburning Humoyun, Gulbadanbegim, Komron va Hindol ismli farzandlari Kobulda tug‘ilgan.
6. Bobur 1526-yil aprelda (43 yoshida) Panipatda asosiy raqibi, Dehli sultoni Ibrohim Lo‘diyning yuz ming kishilik qo‘shinini 12 minglik askari bilan tor-mor qiladi hamda Dehlini egallaydi. Oradan ko‘p o‘tmay, ikkinchi yirik hind sarkardasi Rano Sango ustidan ham zafar qozonib, Shimoliy Hindistonning Bengaliyagacha bo‘lgan qismini o‘ziga bo‘ysundiradi.
7. Boburning “Mubayyin” asari masnaviy tarzida yozilgan bo‘lib, Islom huquqshunosligi va shariat aqidalariga bag‘ishlangan.
8. “Boburnoma” voqealari Andijon, Samarqand, Xo‘jand, Hirotdan boshlab Kobul va Agragacha bo‘lgan qamrovga ega. Unda O‘rta Osiyodan boshlab Hindistongacha bo‘lgan masofadagi deyarli 50 yillik voqealar haqqoniy ifoda va bahosini topgan.
9. Bir necha muddat oldin podsholikni Humoyunga topshirgan Bobur 47 yoshida o‘zi asos solgan saltanat poytaxti Agrada vafot etdi va o‘sha yerda dafn etildi, 1539-yil vasiyatiga muvofiq hoki Kobulga keltirilib, o‘zi bunyod ettirgan “Bog‘i Bobur”ga qo‘yildi.
10. Bobur asos solgan boburiylar sulolasi Hindistonda uch yarim asrga yaqin hukm surgan.