“Yulduzli tunlar” va men
Men kitob o‘qishni juda yaxshi ko‘raman. Mening eng yaqin sirdoshim, maslahatgo‘yim kitob. Odatda o‘zingdagi xato va kamchiliklarni hamisha ham sezavermaysan. Lekin kitob qahramonlariga qarab o‘zingni yaxshi, yomon jihatlaringni anglaysan.
Kitoblarim ko‘p. Dadam menga televizor ko‘rishni taqiqlaganlari uchun ulardan juda minnatdorman. Chunki teleekran qarshisida o‘tadigan vaqtlarimni kitob o‘qishga bag‘ishlayman. Kitoblarni esa, albatta dadam olib kelib beradilar. Uyimizda alohida kutubxonamiz bor. Ana shu kitoblar ichida menga eng yoqadigani “Garri Potter” romanlar turkumi, Pirimqul Qodirovning “Yulduzli tunlar” va “Avlodlar dovoni” romanlari. Dadam ham shu yozuvchining muxlisi bo‘lsalar kerak. Chunki kitob javonimizda Pirimqul Qodirovning ilk hikoyasidan tortib, saylanma asarlarigacha joy olgan.
3-sinf “O‘qish” kitobimizda shu yozuvchining “Yulduzli tunlar” romanidan parcha berilgan edi. O‘shanda bu kitobga qiziqib qolgandim. Lekin uyimizdagi kitob kirill alifbosida bo‘lgani uchun o‘qiy olmadim. Biroq uni judayam o‘qigim kelardi. Nihoyat dadamning yoniga kelib, dardimni aytmoqchi bo‘ldim-u, gapni uzoqdan boshladim.
– Dada, bugun matematikadan 3 ta besh oldim.
– Barakalla, lekin chaynalmasdan maqsadga o‘t, – dedi dadam fe’limni bilganlari uchun.
– “Yulduzli tunlar” romanini o‘qimoqchiman.
– Sal shoshmayapsanmi, hech bo‘lmasa 7-sinfga o‘t.
– Nega shuncha kutishim kerak. Yoshlik qilsam, unda nega o‘qish kitobimizda parcha berilgan?
– U kichkina bob, sening yoshingdagilarga mos voqea tanlab berilgan. Lekin romanni to‘liq o‘qishga ham, tushunishga ham hali yoshlik qilasan, – ko‘nmadi dadam.
Shundan so‘ng men astoydil kirill alifbosini o‘rganishga kirishdim. Va yozgi ta’tilgacha buning uddasidan chiqdim. Ta’tilda esa mazza qilib romanni o‘qidim. Bu kitob menga shoh va shoir Bobur mirzoning hayoti haqida to‘la tasavvur berdi. Uni azbaroyi yaxshi ko‘rib qolganimdan ruboiylarini hatto, ikki-uchta g‘azalini ham yodlab oldim. Ustozim – adabiyot o‘qituvchisi Dildora opa Atamurodova, “Sen ko‘p kitob o‘qiysan. Shuning uchun fikrlash doirang tengdoshlaringga nisbatan ancha keng, shundan xursandman. Kitobxonlikdan olgan ibrating albatta, hayotingda asqotadi”, – deydilar. Bu fikr qanchalik to‘g‘riligini o‘z boshimdan o‘tkazdim. 5-sinfda Bobur hayoti va ijodiga bag‘ishlangan kechada faol qatnashdim. Uning hayotidagi eng qiziqarli, esda qolarli voqealarni bayram ishtirokchilariga so‘zlab berdim. Bayramda ishtirok etgan buvijonim bundan juda xursand bo‘ldilar.
Biroq hech kimga aytmagan gapimni sizga aytaman, bu kitobni katta bo‘lgach yana bir karra o‘qib chiqmoqchiman. Chunki dadam haq ekanlar, romandan hali o‘rganishim kerak bo‘lgan fikrlar ko‘p ekan.
Xulosa: kitobni yoshiga qarab o‘qish kerak degan fikrni ma’qullayman. Kitobsevar do‘stlar, siz qanday kitob o‘qiyapsiz. Kitob tanlashda sizga kim maslahat beradi?
Odina Tohirboyeva,
Toshkent shahar Yashnabod tumanidagi
152-maktabning 6-sinf o‘quvchisi