Opa-singil gandbolchilar
Mamlakatimizda yoshlarning jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishlari uchun yetarli shart-sharoit va imkoniyatlar yaratilgan. Buni ko‘ngildan his qilgan o‘g‘il va qizlarimiz o‘zlari mehr qo‘ygan sport turlarini qunt bilan o‘rganishyapti, ko‘zlagan maqsadlarining ushalishi yo‘lida mashg‘ulotlarni maromiga yetkazishayapti.
Sarvinoz va Asaloy Saparboyevalar Xorazm viloyati Urganch tumanidagi G‘alaba qishlog‘ining “Obod” mahallasida yashaydi. Dadasi Azamat aka va oyisi Zamira opa – tibbiyot xodimlari. Ayni damda opa-singillar 19-son umumta’lim maktabida tahsil olishadi. Sarvinoz 6-sinfda, Asaloy esa 4-sinfda o‘qiydi. Qizlar a’lo baholarga o‘qish bilan birga iqtidorli sportchi sifatida ham tumanning faxriga aylanishgan.
Uch yildirki, sport o‘yinlari va yengil atletikaga ixtisoslashtirilgan bolalar va o‘smirlar sport maktabida tajribali murabbiy Mansur Bobojonovdan gandbol o‘yini, uning taktik va texnik jihatlarini mukammal o‘rganishmoqda. E’tiborlisi, qizlar shu fursat ichida o‘z qobiliyatlarini to‘la namoyon etishdi. Yosh toifasida avvaliga maktab jamoasi, so‘ngra tuman va viloyat terma jamoalarining asosiy o‘yinchisiga aylanishdi.
Gandbolchi qizlar dastlabki katta yutug‘ini 2020-yilda SO‘EAIBO‘ SM jamoasi safida qo‘lga kiritishdi. Xorazm viloyati chempioni bo‘lishdi. 2021-yili viloyat terma jamoasi safida O‘zbekiston gandbol federatsiyasi kubogi sohibasiga aylanishdi. 2022-yil ham opa-singillar uchun zafarli boshlandi. 3-8-fevral kunlari Urganch shahrida 16 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il-qizlar o‘rtasida o‘tkazilgan navbatdagi viloyat chempionatida g‘olib bo‘lishdi. Opa-singillarning respublika miqyosidagi debyuti ham omadli keldi. Sarvinoz va Asaloy 14-20-fevral kunlari Sirdaryo viloyatining Guliston shahrida 2007-yilda tug‘ilgan va undan kichik yoshdagi o‘smirlar o‘rtasida tashkil qilingan O‘zbekiston chempionatida ham yuqori ko‘rsatkichlarga erishishdi.
– Shogirdlarimning maydondagi harakatlaridan, mashg‘ulotlar vaqtidagi izlanishlaridan juda xursandman. Eng muhimi, opa-singillarda gandbolchi uchun kerak bo‘lgan tezkorlik va chaqqonlik shuningdek, soniyalar ichida qaror qabul qilish fazilatlari mujassam. Bir so‘z bilan aytganda, nafaqat murabbiylar, balki ota-onalari ham ularga umid ko‘zini tikishgan, – deydi murabbiy Mansur Bobojonov.
Sarvinoz va Asaloy Saparboyevalarning orzusi kelajakda xalqaro musobaqalarda, Osiyo chempionatlarida Vatanimiz sharafini munosib himoya qilish. Intilganga tole yor. Sportchi opa-singilga niyatlari ijobat bo‘lishini tilab qolamiz.
Ikrom XUDOYBERGANOV