Internet yoʻq zamonlarda
Qadrli jurnalxon, bugungi sahifamiz mehmoni O‘zbek Milliy akademik teatri aktyori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist “Alisher Navoiy” spektaklida Navoiy, “Mehrobdan chayon”da Anvar, “Mirzo Ulug‘bek”da Abdulatif, ko‘p qismli filmlar – “Buyuk Amir Temur”da Amir Temur, “O‘tkan kunlar”da Otabek, “Layli va Majnun”da Majnun, “Shaytanat”da Elchin, “Qo‘riqxona”da Behzod, “Ixtiyorsiz qotil”da Otabek, “Qodirxon” teleserialida Qodirxon kabi ko‘plab obrazlari orqali sizga yaxshi tanish, serqirra ijodkor, elimiz ardog‘idagi san’atkor, dublyaj ustasi Behzod Muhammadkarimov bo‘ladilar.
Bolaligimda hayajon bilan tomosha qilganim “Buyuk Amir Temur” filmi sabab bu san’atkorning chinakam muxlisiga aylanganman. Hanuzgacha u kishi ijro etgan har bir spektakl, har bir film va serialni zavq bilan tomosha qilaman. Behzod Muhammadkarimovning o‘ziga xos shirali ovozi va mahorati sabab jahonning ko‘plab mashhur filmlarini o‘zbek tilida miriqib tomosha qilamiz. Ishonchim komil, ularning bolalik xotiralari ham barchamizga manzur bo‘ladi.
Chang koʻchalar quvonchi
Men 1964-yilda Toshkent shahrida o‘qituvchilar oilasida dunyoga kelganman. Bolaligim Taxtapul mahallasida o‘tgan. Mahallaning chang ko‘chalarida yorug‘ni yorug‘, qorong‘ini qorong‘i demay, o‘rtoqlarim bilan varrak uchirganmiz, soqqa o‘ynaganmiz, tomma-tom yugurganmiz.
U vaqtlarda hozirgidek internet ham, qo‘l telefonlari ham yo‘q edi. Bo‘sh qoldik deguncha, o‘g‘il bolalar o‘z holicha, qiz bolalar o‘z holicha to‘planib berkinmachoq, quvlashmachoq o‘ynardik, yozda hovuzda cho‘milardik. Buning o‘zgacha gashti bor edi. Tunda tovushsiz uchib kelayotgan ko‘rshapalak ham, nogoh eshitilgan notanish qush ovozi ham bizni hayratga solaverardi. Balki shuning uchun ham bolalagimiz qiziqarli, sirli, sehrli o‘tgandir. Chamamda, hozirgi bolalarning hayoti biznikichalik rang-barang, hayajonli emas. Biz ancha sodda, ishonuvchan, xayolparast bo‘lganmiz. Ayniqsa, men juda xayolparast bo‘lganman. Yoz oqshomlari so‘rida osmonga tikilib yotib, yulduzlar orasida sayr qilardim, ular bilan suhbatlashardim. Ular ko‘zimga turli qiyofalarda ko‘rinardi. Ayniqsa, Oymomo, ishonasizmi u bilan birga osmonda suzar, qalbimni g‘alati hislar chulg‘ab olardi. Hozirgi tezkor axborotlar, internet manbalari bolalarni tez ulg‘aytirib qo‘yayapti, ularning fantaziyasini toraytirayapti, deb o‘ylab qolaman. Hozir hammaning uyida internet, telefon. Balki bugungi bola bobosiga, onasiga ertak aytib bering, deb iltimos ham qilmas. Ammo men ertaksiz bolalikni tasavvur qilolmayman. Yana bu zamon talabidir. Axir biz taraqqiyotga yuz burgan zamonda yashayapmiz, jalli nabiralarimizgacha kompyuterdan, telefondan foydalanishni biladi. Balki ular tilsimlar eshigini ochayotgandir, shu bois dunyolarga bo‘ylayotgandir, degan xayolga ham boraman. Biroq, erta-yu kech zararli nur chaqnayotgan ekranlarga tikilib o‘tirgan bolaning sog‘lig‘i-chi, sog‘lig‘i nima bo‘ladi, deb xavotirga tushaman. Biz chillak o‘ynab, kim o‘zarga yugurib, topishmoqlar topib vaqt o‘tkazardik. Bu mashg‘ulotlar bizni nafaqat jismonan chiniqtirgan, balki chaqqonlikka, hozirjavoblikka, fikrlashga ham o‘rgatgan-da.
Onam qattiqqoʻl boʻlganlar
Biz oilada to‘rt o‘g‘il edik. Odatda, o‘zbeklar orasida o‘g‘il bolaga qattiqroq tur, taltaytirib yuborma, ertaga u oila boshlig‘i bo‘ladi, degan gaplar yuradi. Balki shuning uchun ham onamiz bizni ortiqcha erkalatmagandir. To‘g‘risi, onam juda talabchan ayol edilar. Qilayotgan ishimizga, xatti-harakatimizga, hatto o‘ynayotgan o‘yinlarimizgacha e’tiborli edilar. Aka-ukalar onamizdan qattiq qo‘rqardik. Ba’zan onam ustidan otamga shikoyat ham qilardik. Chunki otam ancha halim, ko‘ngilchan edilar-da. Biroq hech qachon, onam qilgan ishni xato demaganlar. To‘g‘ri qilganlar, aslida. Negaki kelajagimizni o‘ylab, hayotda qoqilib qolmasin, deb qattiqqo‘llik qilganlar. Tag‘in siz, oyisi Behzod akamni, aka-ukalarini ham kaltaklagan, qattiq koyigan deb o‘ylamang. Unday bo‘lmagan. Qilgan xatomizni oqibati nima bilan tugashi mumkinligini to‘g‘ri, biroz keskin ohangda tushuntirib berardilar.
Otam ham, onam ham ikkitadan joyda – kunduzi bir joyda, kechqurun boshqa joyda ishlashardi. Ko‘pincha, kechasi akam bilan bekatga chiqib, onamni kutib olardik. Onam bizni ko‘rgach quvonchdan ko‘zlari charaqlab ketardi, hech qachon charchadim, bugun ish ko‘p bo‘ldi, deb shikoyat qilmagan. Shuncha bandliklariga qaramasdan tarbiyamiz bilan shug‘ullanishga ham vaqt topishardi. Hozir shularni eslasam, ularga mehrim yanayam tovlanib ketadi. U paytda, ota-onam nega o‘zlarini buncha qiynaydi, ularga nima yetmayapti, deb o‘ylab ham ko‘rmagan, ota-onalar shunday bo‘lishi kerak, deganmiz-da. Endi bilsam, ular, bolalarimiz kam-ko‘stlik ko‘rmasin, ko‘ngli o‘ksimasin, deb jidd-u jahd bilan ishlashgan ekan. Balki bu hamma o‘zbek ota-onasiga xos kamchilikdir, ular farzandlarini o‘ylab, o‘zlarini esdan chiqarib qo‘yar ekan. Kimdir hamisha, unim yo‘q, bunim yo‘q, deb nolib yashaydi. Biroq mening ota-onam hech qachon nolimagan. Hamisha shukr qilib yashagan. Shu yoshga kelib bir narsani angladim, ota-onadagi yaxshi fazilatlar ham, kamchiliklar ham qisman bo‘lsa-da farzandlariga o‘tar ekan. Buni o‘z tajribamda sinadim.
Oʻzimga baho bera olmayman
Men Glier nomidagi musiqa maktab-internatida o‘qiganman. O‘zimni yaxshi yoki yomon o‘quvchi bo‘lganman, deya olmayman. Chunki o‘zimga o‘zim baho bera olmayman-da! Balki yaxshi o‘quvchi bo‘lgandirman, nega desangiz, ustozlar meni yaxshi ko‘rishardi, sinfdoshlarim bilan ahil edik. Bizni san’at birlashtirib turardi. Tinglagan musiqamiz, chalgan sozimizdagi kamchiliklar haqida ochiqchasiga gaplashardik. Drama to‘garagiga ham qatnardik. Ustoz menga ko‘pincha bosh rolni berardi. Yana, men yaxshigina rasm ham chizardim. Rassomlikni yoqtirardim, biroq bu haqda hech kimga aytmaganman. Ammo, maktabni yaxshi baholarga bitirganim rost.
Aqllidan dononing farqi
– O‘zingiz ta’kidlaganingizdek, internet asrida yashayapmiz. Biror fakt yoki ma’lumot kerak bo‘lsa, darrov internetga kiramiz, qo‘ltelefonimizni titkilaymiz. Siz bolaligingizda biror manbani topishda kitobga suyanganingiz aniq. Ilk o‘qigan kitobingizni eslaysizmi? Umuman, kitob, kitobxonlik haqidagi fikringiz?
– To‘g‘ri, bizning do‘stimiz, maslahatgo‘yimiz, sirdoshimiz kitob bo‘lgan. Hozirgacha ham shunday. Kutubxonachini eng ko‘p yo‘qlaydigan men edim. O‘zbek xalq ertaklari, Bellada qahramonlari, Sherlok Xolmsning sarguzashtlari, eh-he... Ammo, uzr birinchi o‘qigan kitobim yodimda yo‘q. Biroq u ertak kitob bo‘lganligi aniq. Bolalikning do‘sti, xayolini o‘stiruvchi, g‘aroyib olamlarga yetaklovchi ertaklar. Boya aytdim-ku, ota-onaning fazilati bolaga o‘tadi deb. Mana hozir hamma narsa internetda bor, kitoblarning elektron variantlari ham... Ammo, shularga qaramay bolalarim ham kitobxon. Shu narsa meni shodlantiradi. Kuni kecha o‘g‘limning yostig‘i tagida Teodor Drayzerning “Amerika fojiasi” kitobini ko‘rib qoldim. Bir paytlar onam mening ko‘rpam, yo yostig‘im ostida qolgan kitoblarimni terib yurardilar. Kitob bu – bilimlar xazinasi. Donolar hayotiy tajribalaridan kelib chiqib ko‘plab asarlar yaratishgan. Dono bilan aqllining farqi nimada, bilasizmi? Aqlli xato qiladi va ikkinchi bor takrorlamaydi. Dono aslo xato qilmaydi. Sababi, u qilgan xatosini allaqachon to‘g‘rilab bo‘lgan, boshqalar shu xatoni takrorlamasligi uchun kitob yozgan. Xudoga shukr, davrimizning ana shunday donolari, buyuk shaxslar Abdulla Oripov, Erkin Vohidovlarga zamondoshgina emas, qadrdon uka bo‘la olganman. Bu borada o‘zimni baxtli sanayman.
Salom, kino
Maktabni tamomlab, omadim chopib, Teatr va rassomlik institutiga o‘qishga kirganman. Imtihonlardan keragidan ortiq natijaga erishganim uchun meni ikkinchi kursga qabul qilishgan. O‘qishni-ku, sizlarni tilingiz bilan aytganda “sindirganman”. Biroq kinoga kirib kelishim juda qiyin bo‘lgan. Rejissyorlar meni kinoaktyor sifatida tasavvur qilolmagan shekilli! Lekin men ham qo‘l qovushtirib turmadim. O‘z oldimga albatta aktyor bo‘laman, bo‘lganda ham zo‘r aktyor bo‘laman, deb maqsad qo‘ydim. “O‘zbekfilm” atrofidan deyarli har kuni bir bora o‘tardim. Shu orada “Oq bino oqshomlari” filmi uchun kasting e’lon qilishdi. Eng muhimi, rejissyorga, bosh rol ijrochisi hali hech kim tanimagan yangi qiyofa, yangi aktyor bo‘lsin, degan talab qo‘yishibdi. Men yeng shimarib Avazbek roli uchun kastingda ishtirok etdim. Ishonasizmi, fotosinovdan o‘tdim. Ichimda, agar kinoprobadan ham eson-omon o‘tib olsam, ularga haqiqiy aktyor qanaqa bo‘lishini, obrazni qanday yaratish kerakligini ko‘rsatib qo‘yaman, deb ahd qildim. Va...to‘g‘ri topdingiz, sinovdan o‘tdim. Ana endi ko‘ring, hayajonni. O‘sha tasvirni o‘zim ham orqada turib tomosha qildim. Ochig‘i, o‘zimga ma’qul bo‘ldi. Demak, kinoaktyorlik qo‘limdan keladi, deb o‘yladim. Bu o‘ziga ishonch tuyg‘usi edi. O‘shanda nafaqat menda, boshqalarda – rejissyor, operator, kinoijodkorlarda ham menga nisbatan ishonch uyg‘ongan ekan. Ertasi kundan suratga olish ishlari boshlanib ketdi. Va men “Oq bino oqshomlari” filmi qahramoni Avazbek bo‘lib har bir o‘zbek xonadoniga kirib bordim. Maqsadim ham aktyor sifatida tomoshabinlar qalbini zabt etish edi... ana shunaqa gaplar.
Men ustoz san’atkor bilan, nafaqat kattalar, balki bolalar ham u kishidan betakror obrazlar kutayotganini aytib, xayrlashdim.
Ibrohim RIXSIBOYEV suhbatlashdi.