Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Jon shirinmi yo amal

O‘zbekiston xalq shoiri, o‘zbek adabiyoti xazinasiga munosib hissa qo‘shgan ustoz Anvar Obidjon hayot bo‘lganida bu yil 75 yoshga to‘lgan bo‘lardi. Lekin Ona Vatani va xalqi suygan, ardoqlagan shoir va yozuvchilar hech qachon o‘lmaydilar. Ular o‘z asarlari bilan kitobxonlar, muxlislari qalbida ikkinchi umrini yashaydilar. Ustoz Anvar Obidjon ham xuddi ana shunday ijodkorlar sirasiga kiradi. Uning o‘nlab she’rlarini o‘quv darsliklari orqali yod olgansiz, bolalar uchun chop etilgan ko‘plab kitoblari maktab va oilaviy kutubxonangizdan joy olgan. Adibning bir-biridan qiziq qissa va hikoyalari bolalar nashrlarida chop etilgan.

Quyida biz Anvar Obidjonning “Ajinasi bor yo‘llar” kitobidan ayrim lavhalarni e’tiboringizga havola qilmoqdamiz. Muallif bu asarda eski tuzum davrida kechgan bolaligi va zamonning qusurlarini, hayotimizga kirib kelgan noxush manzalarni hamda ma’naviy tarbiyamizga yetkazgan salbiy oqibatlarini yorqin bo‘yoqlarda ko‘rsatib bergan. O‘ylaymizki, ushbu lavhalar siz o‘quvchilarda ham katta taassurot qoldiradi.

 

Ikkinchi sinfga o‘tganimda kitoblarni sharillatib o‘qiydigan bo‘ldim. Goh opalarim, goh dadam bolalarga atalgan badiiy asarlarni onda-sonda topib kelib berishardi. Ko‘pincha opalarimning kitobiga yopishardim, yuqori sinfda o‘qiydigan qo‘shnilardan “tishim o‘tmaydigan” adabiyotlarni tilab olib, erinmay hijjalashga tushardim.

A’lochiligim tufaylimi, katta janjallarga uncha hojat qolmay barcha sinfdoshlarim bilan inoqlashib olganim uchunmi, meni sinfboshi etib saylashdi. Aslida, o‘qituvchimiz Ahmadali Obidov tomonidan tayinlandim, bolalar qo‘l ko‘tarib tasdiqlashdi xolos. Bu mansab menga o‘ziga xos zavq bag‘ishlardi. Kimlardir o‘zaro yumdalasha boshlasa tezda ajratib, pala-partish ajrim chiqargan bo‘lardim-u, o‘sha zahoti yarashtirib qo‘yardim. Uy vazifasini bajarmay kelgani uchun o‘qituvchimiz “ikki” qo‘ymoqchi bo‘lsa, “bu safarga kechirib turing, aytaman, ertaga hammasini tayyorlab keladi”, – deb o‘rtaga tushardim. Mabodo bajarmay kelgan bo‘lsa, xijolat tortmasin debmi, o‘qituvchimiz mening uy vazifamni ortiqcha surishtirmasdi, yengilroq savollar berib, baland baho qo‘yaverardi. Navbatchilardan xattaxta ostida doimo bo‘r bo‘lishini, yozuvlarni tanaffusda artib turishni; tozalik bo‘yicha o‘rinbosarimdan bolalarning tirnog‘i olingan-olinmaganini, qo‘l-yuzi yaxshiroq yuvilgan-yuvilmaganini birma-bir tekshirishni talab qilardim.

Amaldorlikning gashtini endigina sura boshlaganimda, o‘z izzatimni o‘zim rasvo qildim. Bir kuni tanaffusda o‘qituvchimiz meni yoniga imlab, oxirgi to‘rtinchi dars chog‘ida do‘xtirlar kelib, o‘quvchilarni qandaydir kasallikka qarshi emlashini aytdi, qo‘rqqanlarni sal hay-haylab tur, deb tayinladi. Birinchi bo‘lib o‘zimning etimni qaltiroq qopladi, o‘qituvchining ko‘zini shamg‘alat qilib, sekin juftakni rostladim, ikki-uchta yaqinlarimga shipshitib ulgurganim uchun ular ham menga ergashishdi. Ertasi kuni o‘qituvchimizdan rosa gap eshitdim, tag‘in shunaqa qilsang, sinfboshilikdan haydalasan, deb ogohlantirdi. Ko‘p o‘tmay do‘xtirlar yana paydo bo‘lib dars vaqtida sinfga bostirib kirishdi. O‘tgan gal ukol olganlarning ko‘pchiligi isitmalab qolgani, ba’zilarining kuragi shishib ketgani esimga kelib, talvasaga tushdim. Avvaliga amal shirin ko‘rinib, miq etmay o‘tirdim, keyin jonim amaldan lazizroq tuyuldi-yu, partamning yonginasidagi derazani shartta ochib, tashqariga otildim. Zarb bilan ochilgan derazaning tutqichi devorga qattiq urilib, oynalari singani ortiqcha bo‘ldi.

O‘shanda amal qo‘limga bir qo‘nib uchgan ekan-da, keyinchalik nechta maktabga ko‘chib yurib o‘qimayin, bu lavozimni menga qaytib ravo ko‘rishmadi. Ravo ko‘rishganda ham, baribir yana ko‘pga cho‘zilmasdi. Nechta maktabda o‘qigan bo‘lsam, har yili 2-3 martadan do‘xtir oralab turishiga qaramay, muallimlardan kaltak yesam yedimki, biror marta ham ukol qildirmadim. Beshinchi sinfda o‘qiyotganimizda yomo-o-n qo‘lga tushganim esimda. Jismoniy tarbiyadan dars beradigan sinf rahbarimiz Rahimov dars chog‘ida ikkita o‘qituvchini boshlab kirib, ularni derazalar yoniga poyloqchi qilib qo‘ygach, o‘zi eshikka qorovul bo‘lib oldi. Keyin do‘xtirlar kirib, bolalarni emlash boshlandi. Bir qaraganda, qutulib ketishning imkoni yo‘qdek edi, lekin iloj topildi. Bolalardan to‘rt-beshtasini turtkilab, bu safar ignada ukol qilmay bilakni salgina tilib qo‘yishyapti xolos. Nimadan qo‘rqasan, deya bolalarni oldimga solib borib do‘xtirning yoniga to‘pladim, sun’iy tiqin hosil qildim. Do‘xtir yonimdagilarning bilagini qandaydir doriga botirilgan mitti nashtarda tilishga tushganida, stoldagi toza paxtadan ozgina olib, bilagimga ishqab “uh-uh”laganimcha, sheriklarim bilan tashqariga yo‘naldim. Eshik oldida turgan Rahimov: “Sen battolni qo‘lga tushirish manavinaqa bo‘pti”, – deya shaqillab kuldi...

Qo‘shnilarnikiga kirganda biron ishning ustidan chiqsam, suyunib, g‘ayratlanib ketardim. Birinikida kattalar yoniga cho‘nqayib olib, quritiladigan o‘riklarni poxol to‘shamalar ustiga avaylab terishni boshlardim. “O‘rikning pindigini tepaga qilib ter, shunda shirasi oqib ketmaydi”, deb o‘rgatishardi. Yana birinikida sabzi, boshqasinikida piyoz yoki kartoshka qazish hasharida qatnashardim. Hatto qishda sovuqdan dildirayotganimni sezdirmaslikka tirishib, qo‘shnilarning turupini hovuzchada yuvishga ko‘maklashardim. Ba’zan sinfdoshim Rahimlarnikida otasi Ahmadali temirchining o‘chog‘iga dam bosib berib, olqishini olardim. Qo‘shni xonadonlar men uchun bir mamlakat edi. Dunyoda yalma, umoch, nonpalla, yovg‘on sho‘rva, piyoz va pomidorga un aralashtirib, qaymoqda qovurilgan bulamiq singari taomlar ham borligini o‘sha qo‘shnilarnikida ko‘rib bilganman. Ular go‘shtsiz bo‘lishiga qaramay, ishlashdan ishtaham ochilgan chog‘da shunaqayam mazali tatirdiki!

Dadamga ergashib paxta punktiga borganda ham kishilarga dastyorlik qilishga oshiqardim.

– Yoshligimda ho‘kizni urib yiqitadigan polvon edim, sigaret tamom qildi meni, – yosh bola deb o‘tirmay, tengdoshi bilan so‘zlashayotgandek arz qildi bir kuni Qo‘chqor mo‘ylov degan yoshi o‘tinqirabroq qolgan kishi. – Odam bo‘laman desang, shu savilga yaqinlashma, Anvarvoy. Ilonni ko‘rsang, zing‘illab qochasan, to‘g‘rimi? Sigaret deganiyam zaharli ilon, og‘ritmasdan chaqib, sekinroq o‘ldiradi, xolos.

...Biron-bir ish bilan shug‘ullanishga o‘chligim, birovlarning xizmatiga shayligimdan ba’zilar chakkiroq foydalangan paytlar ham bo‘lgan. Shularni eslasam yuragim orqamga tortib ketadi...

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.