Igna bilan quduq qazishga tayyormisiz?
Talabalikning oltin davrini orzulayotgan tengdoshim, esingizda bo‘lsa o‘tgan sonda jidd-u jahd bilan bilim olishga kelishib olgandik. Ammo, buni nimadan boshlashni, qanday kitoblar o‘qishni bilmayapman, deysizmi? Keling, unda bugun talabalik maqomiga erishgan aka-opalarimizning tajribalariga quloq tutamiz. Ko‘pchilik abituriyent – tolibi ilmlar repetitorga borish oliy o‘quv yurtiga kirish garovi, deb hisoblaydi. Biroq haqiqatan ham shundaymikin? Ta’lim biznesga aylanib ulgurgan bugungi kunda bu turdagi qo‘shimcha kurslarsiz ham bilim egallash mumkinmi? Aslida, bilim o‘rganishda qay biri ahamiyatliroq: qat’iyatli, irodali o‘quvchimi yoki talabchan ustoz? Bugun shu kabi savollarga javob topamiz.
Jaloliddin Abduraimov, Namangan muhandislik-texnologiya instituti Buxgalteriya hisobi va audit yo‘nalishi 1-kurs talabasi
Oliy o‘quv yurtiga matematika, ingliz tili va tarix fanlaridan g‘ayrat qilib tayyorlanganman. Talabalik baxtiga erishishimda repetitorlarimning xizmati katta. Masalan, ingliz tilidan IELTS uchun 4 oy, umumiy hisobda bir yarim yil davomida tayyorlandim. Ustozim Farrux Valijonov time management – vaqtdan unumli foydalanish, nimani qanday o‘qish bo‘yicha aniq yo‘nalishlar berdilar. Maktabda ikki yil qattiq shug‘ullanganimda ham o‘qish ko‘nikmasi (reading)dan 40 ta savolning 19 tasiga arang javob topolgan bo‘lsam, repetitorimning tog‘ri yo‘nalish berishi tufayli natijamni 35 taga yetkazdim. Bizda imtihon 5 ta fandan iborat edi. Ona tilidan oxirgi bir oyda test yechish va yodlash orqali ko‘nikma hosil qildim deb ayta olaman. Qars ikki qo‘ldan chiqadi. O‘quvchiga ham ko‘p narsa bog‘liq. Har qanday kuchli ustoz ham o‘qishga qiziqmaydigan o‘quvchining miyasiga bilimni quyib qo‘ya olmaydi. Dastlab, o‘qishni boshlagan paytda fanlar zerikarli tuyulishi, o‘qish yoqmasligi mumkin. Ammo, sabr va qunt bilan harakat qilinsa albatta, yaxshi natijaga erishish mumkin. Bekorga ilmni igna bilan quduq qazishga o‘xshatishmagan. Buning mas’uliyati va qiyinchiligini bo‘yniga oladiganlar albatta maqsadiga yetadi. Ingliz tilidan tayyorlanayotganlarga Cambridge materiallari, so‘z boyligi va dunyoqarashni oshirish uchun “The economist” jurnalini o‘qishni tavsiya qilaman. O‘zim hozir ham bu jurnalni muntazam o‘qib boraman.
Shahzod Uskanov, Toshkent Irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutining “Texnologik jarayonlarda ishlab chiqarishni avtomatlashtirish va boshqarish” ta’lim yo‘nalishi talabasi
Oliy o‘quv yurtiga kirish o‘quvchining salohiyatiga, qiziqishiga bog‘liq. Ba’zan yillab repetitorlarga borganlar ham imtihondan yetarli ball to‘play olmaydi. Men qo‘shimcha kursga bormaganman. Maktab va kollejda yaxshi o‘qidim va kollejdagi yo‘nalishimga qiziqqanligim bois universitetda ham shu sohani tanladim. Qo‘shimcha kurslarga borayotgan do‘stlarim foydalanayotgan kitoblar bilan mustaqil ishladim. Ayni damda magistratura bosqichi talabasiman. Lekin ba’zi bir o‘quvchilardan talab qilib turmasangiz, mustaqil ishlashga irodasi yetmaydi. Maqsadi aniq inson iroda, qunt bilan harakat qilsa, albatta, talaba bo‘ladi.
Mahliyo Shuhratova, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti talabasi
Talaba bo‘lishni maqsad qilganlar qo‘shimcha darslarga borishi kerak. Chunki hamma maktab ham yetarlicha bilim bera olmaydi. O‘quv markazlariga kelsak, Toshkent shahrida o‘quv markazlari faqat berilayotgan bilim uchun emas, yaratilgan sharoit uchun ham pul oladi. Masalan, o‘zim yaqinda oyiga olti yuz to‘qson ming so‘mdan to‘lab Cambridge o‘quv markazida o‘qidim. Markazda o‘quv materiallaridan tortib qahva mashinalarigacha bor edi. Tabiiyki, biz to‘laydigan mablag‘ning ma’lum bir qismi binoning ijarasiga to‘lanadi. O‘z uyida dars o‘tadigan ustoz ijara haqida qayg‘urmaydi. Dars uchun sharoit bo‘lmaydi. Deylik, kitoblarni o‘zingiz chiqarib olasiz. Shuning hisobiga xizmat haqi ham ancha arzon bo‘ladi. O‘quvchining maqsadi til o‘rganish bo‘lsa, ilmga chanqoq o‘quvchi you tube platformasi, turli saytlar orqali tilni bemalol o‘zi o‘rganishi mumkin.
Davron Tadjiyev, Toshkent Irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti, Milliy tadqiqot universiteti talabasi
Men bugun yoshlarning yoppasiga talaba bo‘lishni hayotining bosh maqsadi qilib qo‘yishiga qarshiman. Aksariyat o‘quvchilar maktabda yaxshi o‘qimaydi. Darslarga ham bormay repetitorda cheklangan fanlarga tayyorlanadi va dunyoqarashi haminqadar bo‘lib qoladi. Asosiysi, o‘qishga kirib olsa bo‘ldi, qolgani muhimmasdek. Bu xato yo‘l. Inson, avvalo, nimaga qiziqishini bilib olishi kerak. O‘zi orzu qiladigan, qiziqadigan kasb vakilini topib, ish jarayonini o‘rganib, tajriba orttirib ko‘rishi va shunga qarab tayyorlanishi kerak. Universitetga kirishim bilan startap tanlovlari haqida ko‘plab e’lonlarni ko‘rdim. Beshta fanni o‘qib, sohani tushunmaydigan talaba startap qila oladi deb o‘ylamayman. Chunki u universitetdagi darslarni o‘qiydi, lekin unda amaliy bilimlar yetishmagani sabab oldinda uni nima kutyapti, bitirgach kim bo‘ladi, bu haqida o‘ylamaydi. Masalan, men o‘z soham bo‘yicha tajriba orttirdim. Keyin fizika, matematika, ingliz tiliga oid bilimlarni astoydil oshirishga harakat qildim va davlat granti asosida o‘qishga kirdim.
Malika Rajabova, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti talabasi
Ochig‘i, men abituriyent sifatida repetitorga bormaganman. Lekin maktab yoki kollejdagi vaziyat yaxshi bo‘lmasa qo‘shimcha darsga borish kerak deb hisoblayman. 7-sinfdan ingliz tili bilan shug‘ullanganman. Ingliz tili grammatikasi bilan bog‘liq bilimlarimning 95% i “Grammar in use” kitobiga borib taqaladi. Men tushunmagan savollarni ustozdan so‘rar edim va imkon boricha ustoz bergan topshiriq bilan chegaralanmay, o‘zim qo‘shimcha vazifalar bajarishga intilardim. Masalan, yuqoridagi kitobdagi matnlarni tarjima qilardim. Bu orqali so‘zlarni, gaplardagi grammatika, strukturaga e’tibor berardim. Lug‘at izlashda bitta so‘zni bir necha lug‘atdan ko‘rib ma’nolarini solishtirardim. Til o‘rganayotgan odam o‘ziga oson yo‘lni izlasa, yutqazadi. So‘z ustida, til ustida qancha ko‘p vaqt sarflasa, natija shuncha yaxshi bo‘ladi. Bundan tashqari, xorijiy tilda kino ko‘rish, musiqa tinglash va asosiysi, tilni o‘rganishdan zavqlanish kerak. Aslida, faqat tilda emas, boshqa sohalarda ham kim ko‘p fan ustida ishlasa, o‘sha yaxshi natijani qo‘lga kiritadi.
Barchinoy Keldiyorova, ingliz tili o‘qituvchisi, repetitor:
Repetitor narxlari hamma yerda har xil. Lekin maktabda ishlaydigan pedagog sifatida aytishim mumkin, repetitorsiz universitetga kirish qiyin. Tan olish kerak, maktabda ayrim o‘qituvchilar yaxshi dars bermay qo‘ygan. Bunga sabab, o‘quvchilarning o‘zi, ular ustozdan talab qilmaydi. Bor bilimini ulashishni niyat qilgan ustoz ham o‘quvchilarda bilim egallashga ishtiyoq bo‘lmasa, dastlab ularni qiziqtirishga harakat qiladi. Ammo, befarq va loqayd o‘quvchilar bora-bora bu shashtni so‘ndiradi. Ko‘pchilik o‘quvchilarim qo‘shimcha darslarga kelishadi va binoyidek o‘qishadi. Balki pul to‘lab o‘qigani uchun mas’uliyatni his qilar? Yana bir masala, ko‘pchilik o‘quvchilar maktabdagi ustozidan sovub ketgan. Ularning bilimli ekaniga ishonmay qo‘ygan.
Ayrim o‘quvchilar to‘lov puli qimmat o‘quv markazlarida ta’lim sifati yaxshi bo‘ladi deb o‘ylaydi. Lekin bu xato fikr. Arzonmi, qimmatmi hamma yerda bir narsa o‘rgatiladi. Yondashuv har xil bo‘lishi mumkin. Lekin aytaylik, IELTS imtihonlariga tayyorlanayotganlar hamma joyda ham Cambridge kabi bir xil kitoblardan foydalanadi. Hatto, kitoblar ustiga o‘quv markazi brendi tushirilgani bilan ichi o‘sha an’anaviy kitoblardan iborat bo‘ladi. Ularning ichiga maxsus nimalardir qo‘shib, boshqacha kitob, o‘zgacha dastur yaratilmaydi. Yana bir turdagi o‘quv markazlar piar evaziga o‘quvchi to‘playdi. Zo‘r, deyilayotgan har qanday o‘quv markazida ta’lim sifatini bilimli ustoz ta’minlaydi. O‘quvchi reklamada o‘quv markaz maqtalyaptimi yoki o‘qituvchimi e’tibor qaratishi kerak. Ustoz tanlashda reklamaga ishonib qolmay, bir necha ustozning darsiga borib ko‘rish kerak. Chunki, deylik, IELTS darajasi 8 bo‘lgan ustozning pedagogik qobiliyati bo‘lmasa, u o‘zidagi bilimni yetkazib bera olmaydi.
Dilfuza Anvarova, o‘qituvchi:
Hozirda repetitorga ommaviy borish maktablardagi ustozlar saviyasi pastligini anglatmaydi. Ustozlarning aksariyati qo‘shimcha ish sifatida repetitorlik bilan shug‘ullanadi. Lekin bir narsani tan olish kerak, repetitorga borgan bola, men talaba bo‘lishim kerak, degan aniq maqsad bilan boradi, o‘qishga harakat qiladi. Lekin maktabdagi hamma o‘quvchi ham darsda bunaqa kayfiyatda o‘tirmaydi. Maktabda 45 daqiqa davomida 30 ta o‘quvchiga individual yondashib dars o‘tish imkonsiz. Lekin tirishqoq o‘quvchi repetitorsiz ham tayyorlana oladi. Abituriyentlar uchun maxsus kitoblar juda ko‘p. Bundan tashqari, “Abituriyent”, “Repetitor” degan gazetalardagi testlarni muntazam ishlab borishni tavsiya etgan bo‘lar edim.
Guvohi bo‘lganimizdek, yo‘llar ko‘p. Ammo har qanday yo‘lda ham iroda, qunt, xohish va harakat degan to‘rt unsur bo‘lmasa, maqsaddan chalg‘ib qolish hech gap emas. Xo‘sh do‘stim, siz bu yo‘ldagi mashaqqatlarga tayyormisiz? Nima bo‘lganda ham yoshlikda olingan bilim toshga o‘yilgan naqsh kabi bir umrga tatigulik bo‘ladi. Ilm yo‘lida sizga omadlar tilab,
Dilnavoz najimova