Tanishing gʻoliblar
Xabaringiz bor, joriy yilning 12-yanvaridan 22-yanvariga qadar o‘quvchilarning ta’til vaqtini mazmunli tashkil etish, ularning o‘zbek bolalar adabiyotiga bo‘lgan qiziqishlarini oshirish maqsadida Respublika “Kamalak” bolalar tashkiloti O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi va “Gulxan” jurnali tahririyati bilan hamkorlikda O‘zbekiston xalq yozuvchisi, bolalarning sevimli adibi Xudoyberdi To‘xtaboyev xotirasiga bag‘ishlangan II Respublika insholar tanlovini e’lon qilgan edi.
Insho o‘quvchilar ko‘nglidagi mavzu bo‘lgani bois ular yeng shimarib ishga kirishishdi. Va hash-pash deguncha, tanlovga 9000 ta insho kelib tushdi. Garchi shuncha inshoni tekshirish hay’at a’zolariga oson bo‘lmasa-da, rosa quvontirdi. Chunki, bu adad respublika bolalarining kitobxonligini, Xudoyberdi To‘xtaboyev ijodining muxlislari juda-juda ko‘pligining namoyishi edi-da.
Talabchan hay’at a’zolari insholarni o‘sha sizga tanish tanlov talablari asosida tekshirdi. Insholarda keltirilgan ayrim jumlalar taniqli olimlar, adabiyotshunoslar fikrining takrori bo‘lsa-da, xatoga yo‘ymadik. Chunki shunday o‘rinli qaydlarni topish uchun ham ular kitob o‘qigan, ko‘plab adabiyotlarga murojaat qilishgan. Tanlov yakunlandi. G‘oliblar nomi ham allaqachon aniqlanib, ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan. Yodingizda bo‘lsa, tanlov nizomida g‘olib insholar “Gulxan” jurnalida e’lon qilinishi aytilgan edi.
Jurnal imkoniyatidan kelib chiqib, ulardan ba’zilarini ayrim qisqartirishlar bilan chop etishni boshladik.
Respublika “Kamalak” bolalar tashkiloti Xalq ta’limi vazirligi va “Gulxan” jurnali tahririyati bilan O‘zbekiston xalq yozuvchisi, bolalarning sevimli adibi Xudoyberdi To‘xtaboyev xotirasiga bag‘ishlangan Respublika insholar tanlovini an’anaviy tarzda o‘tkazishga kelishib olishdi.
Ishonamizki, ijodkor, kitobsevar bolalar bilan hamkorligimiz davom etadi.
“NOBEL” mukofotiga arzigulik umr
Umr o‘tkinchi. Hayot qisqa. Ana shu qisqa umr ichida har bir odam qandaydir sabab bilan yashaydi, olg‘a intiladi. Kimdir o‘yin-kulgi, kayf-u safo uchun, kimdir pul, boylik uchun, yana kimdir shon-shuhrat, mansab uchun. Lekin shunday insonlar borki, ular nafaqat o‘zlari va yaqinlari uchun, balki kelajak avlod uchun yashaydi. Ulardan biri O‘zbekiston xalq yozuvchisi Xudoyberdi To‘xtaboyev edi.
Xudoyberdi To‘xtaboyev... Ushbu ism tilga olinganida barcha kitobxonlar ko‘z o‘ngida ko‘zlari bolalarnikiday beg‘ubor, yuzlaridan nur yog‘ilib turgan, otashin qalbidan mehr-muhabbat arimaydigan jannati inson keladi. Yoshligidan qalbiga savob-u mehrni joylagan jajji Xudoyberdining og‘ir o‘tgan bolaligi uni mashhurlikka olib keldi. Adibning o‘zi bolaligini shunday eslaydi: “Bolaligimdan yetim qoldim, ota-ona mehriga zor, qiynalib yashadim. Enam “Yoshliging qiyin kechyapti, bolam, ilohim, kelajaging unday bo‘lmasin”, – deb duo qilardi.
Mitti Xudoyberdi momosidan ertak eshitib charchamasdi. Ehtimol, o‘sha bag‘ri qon qorong‘u tunlardagi ertaklar uning nurli kelajagi uchun poydevor bo‘lgandir.
Ko‘p o‘tmay Xudoyberdining mehribon bobosi, ertakchi momosi Robiyabibi ham bu dunyoni tark etdi. Nachora, boshqa iloj yo‘q, taqdir uni o‘gay ota uyiga boshlab keldi. U yerda besh ukasi bilan qanday yashagani menga qorong‘u. Achinarlisi, tez orada onasi ham vafot etdi. Endi bu yetimchalarning hech kimi yo‘q. “Bolalar uyi”dan boshqa borar manzillari ham yo‘q edi.
Adibning o‘zi o‘sha kunlarni shunday eslaydi: Onamdan so‘ng “Bolalar uyi”ga bordik. Lekin hech qaysi “Bolalar uyi”da ko‘p yashamadik. Hali u yerga, hali bu yerga borib ancha sarson bo‘ldik. Keyin esa olti jon birga yashab, birovning uyini tozalab, dehqonchilik qilib, amallab ulg‘aydik.
Yosh Xudoyberdini o‘z sinovlari bilan qiynagan taqdir uning vujudida g‘oyat samimiy, ezgulikni kuylovchi pokiza qalb va ilmga chanqoq o‘tkir zehnni yaratdi. Robiyabibining duolari besamar ketmadi. Yana qancha qiyinchiliklarni boshidan kechirsa-da, avval Qo‘qon pedagogika bilim yurtini, so‘ngra Toshkent davlat universitetini tamomlashga muvaffaq bo‘ldi. Faoliyatini maktabda – beg‘ubor qalbli bolalar orasida boshladi. U boshqalardan bolajonligi bilan ajralib turar edi. Aynan shu sababli ham maktabda benazir hurmatli ustoz, so‘ngra esa direktorlik darajasiga yetdi. Uning armonlarga to‘lgan yuragi nimalarnidir yozgisi, barcha haqiqatlarni insonlarga bayon etgisi kelardi. Shunday bo‘ldi. O‘zbek adabiyotida yana bir yangi – armonli yuragi faqat ezgulikni kuylovchi bir ijodkor yaraldi. Uning o‘tkir qalamidan jon olgan felyetonlar jamiyatning qora kunlaridan hikmat izladi, jamiyatning taraqqiyotiga rahna soluvchi illatlariga qarshi isyon ko‘tardi.
“O‘n to‘rt yil davomida uch yuzdan ortiq felyeton yozdim. Yo‘q, baribir ko‘nglim to‘lmadi. Bostirib kelayotgan tankka qarshi rogatkaga kesak solib otganing kabi jamiyatdagi illatlarga qaratilgan felyetonlarning ham hech qanday ta’siri bo‘lmayotgandek edi”, – degan edi adibning o‘zi.
O‘tmish xotiralaridan yiroqlasha olmagan adib bolalar dunyosida o‘z o‘rnini topdi. Bolalik onlarining zavqi bo‘lgan kishilarning siymolarini kitobxonlarga tanitdi. Yetimlik zahmatlari aro bir yog‘du kabi porlagan bolalik taassurotlari uni sevimli adibga, iste’dodli ijodkorga aylantirdi. Dunyoning yetuk shoir va yozuvchilari tahsiniga sazovor bo‘lgan, kitobxonlarning eng-eng-eng sevimli asariga aylangan “Sariq devni minib” romani qanotlarida dunyo kezdi, yoshlarning eng sevimli yozuvchisiga aylandi. Shunday qilib, Robiyabibi duolaridagi yorqin kelajak keldi – Xudoyberdi To‘xtaboyev o‘zining rangin hayotini beg‘ubor bolalar dunyosida topdi.
Adibning har bir asarida barchani ezgulikka chorlovchi, kishilarga ko‘mak beruvchi qahramonlarni uchratamiz. Sehrli qalpoqcha o‘z nomi bilan sehrlidir. Uni kiygan odam ko‘rinmas bo‘la oladi. Uning egasi kim bo‘lsa ham ko‘plab sarguzashtlarga duch keladi. Asarni o‘qiyotgan har bir bola xayolida aqalli bir marotaba bo‘lsa-da sehrli qalpog‘i bo‘lishini istaydi. Menda ham shunday bo‘ladi, asarni qayta-qayta o‘qir ekanman, Hoshimjonning o‘rnida bo‘lganimda unday qilar edim, bunday qilar edim, deb xayol suraman. Yoshim o‘n beshga to‘layotgan bo‘lsa ham hali-hanuz sehrli qalpog‘im bo‘lishini istayman.
Men adibning ko‘pgina asarlariga oshno bo‘ldim. Xayolan ulardagi qahramonlar bilan yashayman. O‘zimni ularning o‘rnida his etaman. “Sariq devni minib” asarining mantiqiy davomi “Sariq devning o‘limi”dir. Endilikda biz sevgan erka, sho‘x, tinib-tinchimas Hoshimjon – militsioner. Bu asarda ham sehrli qalpoqcha Hoshimjondan o‘z yordamini ayamadi. Bu safar endi ular qabih, g‘alamis bosqinchilarga qarshi kurashadi. Ezgulik yo‘lida hech narsadan tap tortmaydigan Hoshimjon oddiy sartarosh bo‘la turib, o‘qib, izlanib, polkovnik darajasiga yetadi. Bu borada unga polkovnik Salim aka ustozlik qiladi. Hoshimjon, sehrli qalpoq va Salim aka birlashib qabih guruhlarni fosh etib, shahardan yovuzlikni daf etadi.
“Shirin qovunlar mamlakati” asarining yaratilishida eng katta sababchi momosi Robiyabibidir. Yosh Xudoyberdi Shirin qovunlar mamlakati haqidagi bu ertakni momosidan eshitib juda ta’sirlangandi. Hoshim bilan sirk qo‘ygan bolani, ya’ni Akbarni taniysiz-a? Endilikda u asarning bosh qahramonidir. Qovunxo‘r, iste’dodli Akbar tasodifan Shirin qovunlar mamlakatiga tushib qoladi. Asar g‘oyat qiziqarli bo‘lib, undagi voqealar rivoji Handalak shahrida bo‘ladi. Asar o‘zining ijobiy va salbiy qahramonlari, Handalak shahri aholisi, turmush tarzi, transportlari va albatta, qovunlari bilan qiziqarli. Akbar u yerda ustozi Dar Daraja bilan o‘n ikki xil illatdan yaralgan Sehrgar Iblis bilan jang qiladi. Shu yerda ham sehrli qalpoqcha ularga yordam qo‘lini cho‘zadi...
“Besh bolali yigitcha” romanida adibning o‘smirlik yillari tasvirlanadi. Onasidan ayrilgan, otasi frontga ketgan, besh ukasi bilan “Bolalar uyi”dan ham qochib ketgan Orifning hayoti chindan ham qayg‘uli. U ne-ne azoblarni ko‘rmadi. Toshkentdan Qo‘qongacha piyoda kelib, och-nahor ishlab, pul topib, hayot uchun kurashgan bu bola bugungi kun yoshlari uchun katta ibratdir.
Adibning asarlari g‘oyat ajoyib ma’naviy boylik to‘plamidir. Agar mening sehrli qalpoqcham bo‘lganida edi, men Xudoyberdi To‘xtaboyevga eng baxtli bolalikni tuhfa etardim. Lekin bunday og‘ir, mahzun bolalik bo‘lmaganda bu asarlar ham yaralmas edi. Adibga qalpoqchaning marhamati zarur ham emas, chunki u sehrli qalpoqchaning asl sohibidir.
Shu o‘rinda ustozimdan eshitganim bir voqea yodimga tushdi. “Bolalar uyi”ning bolalari ko‘ngli o‘ksik bo‘ladi. Bir kuni yosh Xudoyberdi o‘z do‘stlari bilan ko‘chada keta turib mevalari g‘arq pishgan behi daraxtiga ko‘zi tushadi va bog‘ga kirib behilardan tera boshlaganida bog‘ egasi kelib qoladi. Xudoyberdi undan qocharkan qalpog‘i tushib qoladi. Bog‘bon to‘kilgan behilarni belbog‘iga soladi va haligi bosh kiyimni ham olib uyiga boradi. Onasiga bir to‘da bolalar bog‘ga o‘g‘irlikka tushganini, ularni tuta olmaganini, bir bolaning bosh kiyimi tushib qolganini aytib qo‘lidagi qalpoqni ko‘rsatadi. O‘sha bosh kiyimni ko‘rgan onaning fig‘oni chiqadi, chunki u bosh kiyimni faqatgina “Bolalar uyi”ning yetimlari kiyishidan ona xabardor ekan. Yetimga ilinmaydigan, yetim diliga ozor yetkaza oladigan o‘g‘il o‘stirganidan dili qattiq og‘riydi va o‘g‘lidan juda norozi bo‘ladi. Shu zaylda yillar o‘tadi. Onasi o‘limi oldidan ham o‘g‘lini kechirmaydi. O‘g‘lining iztirob va mahzunlikdagi hayoti davom etadi. Bu orada Xudoyberdi To‘xtaboyev taniqli adibga aylanadi va o‘sha voqea sodir bo‘lgan qishloqdagi maktabga uchrashuvga taklif qilinadi. Shunda adib boshidan o‘tgan voqeani va qalpoq haqida so‘zlab beradi. Bu hikoyani eshitgan o‘qituvchilardan biri o‘sha bog‘ egasining kechmishidan xabardor ekan. Adibdan eshitganlari haqida unga xabar beradi. U odam tezlikda bir qo‘lida bir xalta behi, bir qo‘lida o‘sha qalpoqcha bilan yuragi hapriqib adib huzuriga keladi va o‘shanda yuz bergan voqeani, onasi undan norozi bo‘lib ketganini, shuning uchun bir umr qiynalib yashayotganini aytib, u kishidan rozilik so‘raydi.
Adibning achchiq qismati, yorqin kelajagi va nurli, mazmunli hayotidan yaralgan asar qahramonlari bilan tanishar ekanman, unga bo‘lgan hurmatim va mehrim yanada ortadi. Uning o‘zi ham hayotini bolalarsiz tasavvur qila olmasligini ko‘p bora ta’kidlagan. Ijodkorning yutug‘i ham aynan shunda bo‘lsa kerak. Chunki bolalarni tushungan beg‘ubor qalb sohibigina unutilmas va ko‘ngilga yaqin asarlar yarata oladi.
Bu o‘tkinchi dunyoda barcha o‘zidan yaxshi nom qoldirgisi keladi. Afsuski, har doim qadrlagan insonlarimiz yonimizda bo‘lmaydi. Ularning kulib turgan ko‘zlari, mehr-u muhabbati, o‘gitlarga aylangan so‘zlarini hech qachon yoddan chiqarib bo‘lmaydi. O‘tgan yilgi bahor qanchalik quvonch, go‘zallik, tarovat, fusun olib kelmasin, bir noxushlik bilan qalbimizni jarohatladi. Chunki u o‘zbek xalqining buyuk yozuvchisi – o‘zbekning sodda, bolajon, samimiy, o‘ychan, shu bilan birga sinovda, ayriliqda, azobda qolib toblangan, o‘z kechmishini sarguzashtlar bilan boyitgan mohir so‘z san’atkorini olib ketdi. Ammo, shuni bilamanki, yaxshi insonlar hech qachon o‘lmaydilar. Yaxsi insonlarni hech kim unutmaydi. Xudoyberdi To‘xtaboyev ham yaxshilarning yaxshisi edi. U hamisha biz bilan yashaydi. U o‘z asarlarida bizga quvonch bag‘ishlab, o‘git aytib, nasihatlar berib yashaydi. Hoshimjon, Akbariy, Orifjon, Rahmonberdi, Omonboy va Davronboylar bilan yashaydi. O‘zbegimning sevimli yozuvchisi, mehribon bobosi yangi o‘zbek kitobxoni bilan abadiy qoladi.
Men bu inshoga “Nobelga arzigulik umr” deb nom berdim. Chunki uning umri davomida yaratgan asarlari “Nobel”dan ham kattaroq mukofotga arziydi.
Asal SULTONMURODOVA,
Toshkent viloyati
Bo‘stonliq tumanidagi
15-maktabning 8-“A” sinf o‘quvchisi