Bizning badiiy muharrir
Mirvosil aka hali oʻzi ham “Gulxan”ni sevib oʻqib yurgan kezlarida, yaʼni 17 yoshida jurnalga ishga kelgan.
Butun vujudi bilan ishga kirishgan yosh texnik muharrir ustozi, jurnal badiiy muharriri A. N. Siglinsevning etagidan mahkam tutdi. Oʻz ishining barcha nozik tomonlarini puxta oʻrgandi. Badiiy muharrirlik chogʻida ham ishni ana shu ruhda davom ettirdi. “Gulxan”ga eng iqtidorli rassomlarni jalb qildi. Bahodir Jalolov, Javlon Umarbekov, Alisher Mirzayev, Temur Saʼdullayev, Feruza Basharovalar bilan ijodiy aloqalar samarasi oʻlaroq, jurnalimiz bolalar nashrlari orasida muntazam oʻtkazilgan qator tanlovlarda gʻolib boʻldi.
Masʼul kotiblik davrida esa oʻgʻli – bosh rassom Shuhrat Odilov bilan hamkorlikda jurnalning mazmunan va badiiy bezalishi jihatidan boyishi, uni jurnalxonlarga manzur boʻlishi uchun bor imkoniyatini, bilimi va iqtidorini ishga soldi. Mehnat qilgan elda aziz, deydi xalqimiz. Mirvosil aka Odilov ham “Gulxan” jurnalidagi qirq yillik ish faoliyatida el-yurtga tanildi, obroʻ-eʼtibor qozondi, “Shuhrat” medali sohibi boʻldi. Butun umr “Gulxan”ni sevib yashadi.
Tahririyat