Bizning toʻgarak
Toshkent shahar Uchtepa tumanidagi 283-maktabda 2012-yilda Muhiba Rajabova tashkil etgan “She‘riyat gulshani” to‘garagi hamon muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatmoqda. To‘garak a’zolari shahar va Respublika tanlovlarida ko‘p marotaba g‘olib bo‘lishgan.
Quyida to‘garak a‘zolari ijodidan namunalar o‘qiysiz.
Adabiyot
Ilm-xazina. Qancha ko‘p olmang, tugamaydi. Olgan saring uning tubiga yetolmaysan. Hech bir zamonda eshitganmisiz, ilmi ko‘p odamning xor bo‘lganini? Ilm shunday nurki, u qorong‘u yo‘lni nurafshon qiladi, ilm shunday durki, u sizni har doim to‘q, badavlat tutadi. Ilm shunday huzurki, uni egallash bilan siz ikki dunyo saodatiga erishasiz. Adabiyotning yo‘li juda qiyin, lekin uni bosib o‘tish uchun sizda uquv bo‘lsa bo‘lgani. Sevimli shoirimiz: “Adabiyot – abadiyatdir”, deganda qanchalar haq edi. Abadiyatga muhrlanadigan yagona yo‘l – adabiyot yo‘lidir. Adabiyot shunchalar ulug‘vorki, u qalblar uchun o‘rnak va ibrat yo‘li bo‘lib xizmat qiladi.
Begoyim NASULLAYEVA,
11- “A” sinf o‘quvchisi
Yomgʻir
Yomg‘ir, barokatlar olib kel yurtga,
Zamin qonib-qonib mehringni ichsin.
Vatanim bag‘rini, ostonasini
Tinchlik chappar urib, quvonib quchsin.
Sen mo‘lroq yog‘aver, to‘xtama yomg‘ir,
Shiddatingni ko‘rib, chekinsin gardlar.
Ona yurtim bog‘i gullarga to‘lsin,
Bag‘rida yayraylik, yo‘q bo‘lsin g‘amlar.
Shirinbonu Rashidova,
8-sinf o‘quvchisi