Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Nodirbekning nodir gʻalabasi

Nodirbek Abdusattorov – dunyo shaxmati tarixidagi eng yosh grossmeysterlardan biri. 2012-yilda 8 yoshgacha bo‘lgan shaxmatchilar o‘rtasida jahon chempioni bo‘lgan. Ikki yildan so‘ng 2014-yilda 9 yoshida G. A’zamov memorialida mashhur grossmeysterlar Andrey Jigalkov va Rustam Husnutdinovlarni mag‘lub qilgan.

2015-yil 11 yoshida FIDEning jahonning 20 yoshgacha bo‘lgan  eng kuchli 100 ta shaxmatchisi ro‘yxatidan o‘rin olib, jahon rekordini o‘rnatgan.

13 yoshida  xalqaro   grossmeysterlik unvoniga sazovor bo‘lgan. O‘smirlar o‘rtasida  Jahon terma jamoasi safiga qabul qilingan.

2018-yilda  Butunjahon  shaxmat Olimpiadasida  1-o‘rinni qo‘lga kiritgan  va mamlakatimiz   Prezidenti  sovg‘asi “Spark” avtomobili bilan taqdirlangan.

14 yoshida O‘zbekiston terma jamoasida kattalar o‘rtasida Jahon shaxmat olimpiadasida ishtirok etgan.

“Georgiy A’zamov xotirasiga bagishlangan turnirda 9 yashar iqtidor egasi Nodirbek Abdusattorovning grosmeyssterlarni maglub etgan ikki partiyasini kuzatdim. Shunga amin boldimki, u mening 9 yashar paytimdagiga nisbatan kuchliroq oynadi”.

Rustam Qosimjonov,

Shaxmat boʻyicha jahon chempioni

 

Yangi yil arafasida dunyo bo‘ylab juda yoqimli,  har bir o‘zbekistonlikning ko‘nglini faxr-iftixorga to‘ldiruvchi xushxabar tarqaldi:  o‘zbek o‘g‘loni – 17 yoshli shaxmatchi   Nodirbek Abdusattorov Polsha poytaxti Varshavada bo‘lib o‘tgan tezkor shaxmat (rapid) bo‘yicha jahon chempionatida  besh karra jahon chempioni norvegiyalik shaxmatchi Magnus Karlsenni mag‘lub etib, musobaqa tarixida eng yosh chempion bo‘ldi. G‘olib sharafiga  O‘zbekiston Davlat madhiyasi yangradi. Dunyo  O‘zbekistonga, uning iste’dodli farzandlariga yana bir karra tan berdi.

2021-yilda juda  ko‘plab muvaffaqiyatlarni qo‘lga kiritgan Vatanimiz uchun  navqiron dilbandining bu yutug‘i juda salmoqli  Yangi yil  sovg‘asi bo‘ldi! Garchi bu g‘alabani chempionimiz kamtarlik bilan “omad kulib boqdi”, deb baholagan bo‘lsa-da, uning juda katta mashaqqatlar, tinimsiz izlanishlar evaziga qo‘lga kiritilgani hech kimga sir emas.

–  Erishgan muvaffaqiyatim uchun  birinchi navbatda ota-onamga, murabbiylarimga  va  meni qo‘llab-quvvatlagan barcha insonlarga minnatdorlik bildiraman. 

Yangi yil arafasidagi ushbu  yutug‘imni butun O‘zbekiston xalqiga bag‘ishlayman. Biz bu natija bilan to‘xtab qolmasdan, kelajakda yanada yuksak marralarga erishamiz. O‘zbekistonda shaxmatni rivojlantirishga  qaratilayotgan ulkan e’tibor uchun davlatimiz rahbariga chuqur minnatdorlik bildiramiz va bizga bildirilgan ishonchni oqlash uchun bor kuchimiz bilan harakat qilamiz, – deydi jahon chempioni.

Biz ham Nodirbekni ulkan muvaffaqiyat bilan qutlar ekanmiz, uni “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti bilan muborakbod etamiz, yutuqlar bardavom bo‘lsin, deya tilak bildiramiz.

Nodirbek Abdusattorov safida ushbu  chem­pionatda qatnashib, yaxshi natijalarga erishgan  yosh shaxmatchilarimiz  Shamsiddin Vohidov (u 2016-yilda  Sankt-Peterburgda  bo‘lib o‘tgan chempionatda o‘sha mashhur jahon chempioni Magnus Karlsenni mag‘lub qilgan), Javohir  Sindorov, Jahongir Vohidovlar ham  Nodirbekning fikrlariga to‘la qo‘shilishlariga va navbatdagi  chempionatlarda  Vatanimiz sha’nini munosib himoya qilishlariga ishonch bildiramiz.

Muhabbat HAMIDOVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.