Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Har kim oʻz kitobini yozadi

Sahifamizning bugungi mehmoni kuni kecha tabarruk 70 yoshini nishonlagan taniqli yozuvchi, Oliy Majlis deputati Xurshid Dostmuhammad. U kishini “Yilning eng yaxshi kitobi” tanlovida  g‘oliblikni qo‘lga kiritganlari bilan tabrikladim. Keyin muddaoga ko‘chdim: Ustoz, odatda  odam yoshi ulg‘aygani sari  bolaligini sog‘inadi, o‘sha beg‘uborlik chog‘idagi sho‘xliklari, hatto, xatolarini ham kulib eslaydi. Bugun  elimiz sevgan taniqli  adib, olim, talabalarning  sevimli  ustozi  Xurshid Do‘stmuhammadga  ham  bu holatlar begona bo‘lmasa kerak. Siz ham goh-gohida  o‘sha mashhur Mahallangizni tor, tuproq ko‘chalarida bolakay Xurshid bilan sayr etishni  istaganmisiz?

Vaqt yordami bilan emas, balki xotiralar ko‘magida, albatta. Ha, deysizmi, unda  ketdik, men Sizga hamroh bo‘laman. Yo‘q demasangiz, sayohatimizga  “Gulxan”  o‘quvchilarini ham taklif qilamiz.

 

“HURRIYAT”ning hijolati

– 1951-yilda Toshkentning Eski shahar qismida dunyoga kelganman. Men tug‘ilib o‘sgan ko‘chaning nomi “Hurriyat” bo‘lgan. Bolaligimdayoq nega endi shunday tor, boshi berk ko‘chaga, “Hurriyat”  nomini berishgan, deb ajablanganman. Balki bu ham taqdirningmi, tarixningmi o‘yini bo‘lgandir. Bunga garchi bola aqlim yetmagan bo‘lsa-da baribir, g‘alati tuyulgani aniq. Oddiy  hunarmandning kattagina  o‘rtahol oilasida ulg‘aydim. Men  to‘rtta aka, to‘rtta opaning erkatoy ukasi edim.  Ota-onam ziyoli qatlam vakili bo‘lishgan.  Bizning oilada suhbatlarimizning asosiy mavzuyi kitob o‘qish,  bilim olish, ziyolilik, tartib, intizom bo‘lgan. Bu suhbatlar asnosida yaxshi odam bo‘lish sirlarinigina emas, dunyoni anglashga,  ma'rifatni tushunishga ham intilganmiz. Ota-onamiz shunga da’vat qilishgan. Pul top, boylik, kiyim-kechak orttir, hashamatga intil, degan gaplar umuman bo‘lgan emas. Birovning haqqiga xiyonat qilma, behuda olishma, tortishma, yoqalashma, deb bot-bot takrorlashardi.  Albatta, insonning hayotdagi har bir qilayotgan ishi, orzu-havasiga bog‘liq. Lekin!  Orzu-havasning amalga oshishi aqlning imkoniyati, jismoniy sog‘lomlik imkoniyati va moddiy imkoniyatga bog‘liq. Biri bo‘lmasa, qolgan ikkitasining kuchi yetmaydi. Aqlli bo‘lish bilan birga  jismoniy sog‘lom ham bo‘lish kerak. Aytishadiku, sog‘lom tanda – sog‘ aql, deb. Ammo, bu ham  odamning orzu-havasiga yetishi  uchun kamlik qiladi. Orzuga to‘kis erishish uchun u ma’naviy quvvatga ham  ega bo‘lishi kerak. Bizda  ko‘pincha ana shu narsa pand bergan. Yanayam boshqacha inson bo`lib voyaga yetishga imkoniyatimiz  u qadar yaxshi bo`lmagan. Ehtimol, bu borada  moddiy imkoniyatimiz to‘sqinlik qilgandir. Tomoqni yamab bo‘lmaydi, deyishadi. Balki otam bolalarini   sog‘lom bo‘lib voyaga yetishi,  qora qozoni har kuni bekami ko‘st qaynashi uchun andarmon bo‘lib qolgandir, yana bilmadim. Endi  o‘zimiz  ota bo‘lib, farzand boqib, nabira  o‘stirib, oila boshlig‘i mas’uliyatini his qilgach, ota-onam 9 ta farzandning qornini to‘q, ustini but qilishni qanday qilib uddalagan ekan, deb o‘ylab qolaman. To‘g‘ri, biz kiyim-kechak, ovqat tanlamasdik, shohona sharoitlar tanlamasdik. Boriga baraka, qilib ketaverar edik. Baribir, o‘sha paytdagi sharoitni  hisobga olsak, ota-onamga  oson bo‘lmagan ekan.

 

Azizning sinbodi

Men bolaligimdan kuzatuvchan bo‘lganman. Oiladagi voqealarni kuzatardim, chunki katta oilada gap ko‘p bo‘ladi. Katta gap bo‘ladi, kichik gap bo‘ladi. Mana shu ehtimol yozuvchilikka da’vat qilgandir. Beshinchi, oltinchi sinfdan kundalik tuta  boshlaganman. Mayda-chuydalar, o‘smirning xayoliga nima kelgan bo‘lsa yozaverganman. Kundalik juda sehrli narsa. O‘sha narsalar borib-borib yozuvchilikka olib kelgan bo‘lishi mumkin. “Onam, jiyanim va men” degan hikoyam bor. Menga qariyb tengdosh jiyanim bo‘lgan.  Otamning bosh nabirasi. Otam uni juda boshqacha yaxshi ko‘rar, bu meni rashkimni keltirardi. Kundaligimni ancha sahifasiga u bilan bo‘lgan munosabatlarni yozganman. O‘ziga xos, esda  qolarli  voqealar ko‘p bo‘lgan. Shu  o‘rinda ulardan birini  eslagim keldi. Bir  kuni jiyanim bilan kinoga tushib keldik. Uning kinodan qattiq  ta’sirlangani sezilib turardi.  Birinchi bo‘lib akam uni savolga tutdi:

– Qani Azizjon, qanday kino bo‘ldi? Aytib ber-chi?

– Ha, ha, qani! – qo‘shildi boshqalar ham.

Jiyanim kinoni bir boshidan hikoya qilishga tushdi. U ekranda ko‘rgan har bir odamning gap-so‘zini o‘xshatib, oqizmay-tomizmay aytib, yuz ifodasi-yu, oyoq, qo‘l harakatlarini ko‘rsatib bera boshladi. Mushtlashish va jang manzaralarini ko‘rsatayotganida supadan sakrab hovliga tushdi. Hamma qatori men ham Azizdan ko‘z uzmay, uning xatti-harakatlarini tomosha qilib o‘tirardim.

– Sinbod yonidagi qilichini shartta sug‘urib olib, anuv tomday devning oldiga bostirib bordi. Keyin shaqira-shuqur, shaqira-shuqur, shaq-shuq!... shaqira-shuqur...

Supadagilar miriqib, ko‘zlaridan yosh tirqirab chiqquncha kulishdi. Men ham ularga qo‘shilib kuldim. Aziz nafasi yetguncha  “shaqira-shuqur”lab, hikoyada davom etardi. Skelet bilan qilichbozlik qilgan joyini jiyanim butunlay to‘qib-chatidi. Chekkada o‘tirgan joyimdan gap qo‘shdim;

– Yo‘q, y-o‘-q, unday emasdi. Sinbod...

–  Sen jim! Azizjon o‘zi yaxshi gapirib berayapti, – otam bilan onam  menga o‘qrayib, og‘iz ochgani qo‘yishmadi. Jimib qoldim.

Aziz panjalarini yoyib, ikki qo‘lini ikki yonga tarvaqaylatganicha devning hamla qilishini ko‘rsatayotib, yana yolg‘on qo‘shdi. O‘sha joyda dev hech narsa demagan, faqat o‘kirgan edi, xolos. Aniq esimda! Aziz esa og‘ziga kelganini qo‘shib yuborayapti.

– O‘, Aziz aldama, dev hech narsa...

–  Aralashmay o‘tir! Azizni adashtirib yuborasan!

Bu safar onam bilan otam meni baravariga jerkib berishdi. Nafasim ichimga tushib ketdi. Ko‘zim g‘ilt-g‘ilt yoshlanganini sezdirmaslik uchun boshimni egib, churq etmadim. Kattalar buni payqashmadi. Aziz Sinbodning sayohatlarini yana uzoq  hikoya qildi.

Kattalar oxirigacha undan ko‘z uzmay  tinglashdi.  Mening ichimda esa og‘riqli  g‘alayon  kechardi...

Bolaning iztirobi boshqacha bo‘ladi. Bola iztirobini ayta olmaydi. Ichida ko‘milib yotadi. Menda ham ehtimol shunday bo‘lgandir.

Mana o‘tgan yili “O‘yin” degan romanim nashr etildi.  Romanda bolalik taassurotlarimni yozganman. Qo‘shnilar, qo‘ni-qo‘shni o‘rtoqlar har kuni ertadan kechgacha o‘yin, o‘yin, o‘yin o‘ynaymiz, o‘ynayveramiz. Go‘yo dunyo o‘yindan iboratdek, boshqa narsa yo‘qdek.  O‘ynasak, quvlasak, tutsak, yutsak, yutqizsak, yarashsak, arazlashsak. Bu dunyoni o‘yin orqali ko‘rar ekanmiz. Lekin endi-endi o‘ylasam, hayot  chindan ham  juda katta o‘yin sahnasi ekan. Bolalik o‘yinlari boshqa, bolalikdagi o‘yinlar insonni katta bo‘lgandagi o‘yinlarga tayyorlar ekan. O‘yin faqat o‘yin emas. Uning ortida musobaqalar, to‘qnashuvlar, ziddiyatlar, xatoliklar, g‘irromliklar bor ekan. Bolalikdagi o‘yin katta bo‘lgandagi o‘yinlarga tayyorlar ekan, odamni. Biz buni bilmaganmiz, o‘ynayverganmiz.  Hozir ham bolalar bilmaydi. Yoshingiz ulg‘aygan sari bilasiz. Beixtiyor bolalik o‘yinlari bilan keksalik o‘yinlarini, kattalar o‘rtasidagi o‘yinlarni solishtiraman. Hamma narsa mujassam: adolat ham, halollik, g‘irromlik ham, tuhmat ham, odobsizlik ham, odob ham. Bari - bari mujassam ekan. Mana shuni eslayman. Afsuski, bolalarga buni uqtirish qiyin.  Yosh bolaga gapirsak qabul qilmaydi. “Gulxan” o‘quvchilariga  aytsangiz  ham qabul qilmaydi. Ularning o‘z dunyoqarashi bor. Lekin ana shu o‘yinlarni unutmaslik kerak. Ularni  hayot o‘yinlariga tayyorgarlik ekanligini unutmasliklari kerak.  Men ham  Azizning  o‘sha  o‘yinini hanuz  unutganim  yo‘q. To‘g‘risi, undan  saboq olganman,  yozuvchilik, voqealarni rivojlantirish,  qo‘shib-chatish, tasavvurlarini  qo‘shib   gapirish  sabog‘ini...

 

Opam bergan saboq

Bugun  hech  uyalmay,  xijolat bo‘lmay ayta olamanki, men juda o‘yinqaroq bo‘lganman, ko‘chadan beri kelmaganman. Lekin kitob o‘qiganman. Nima sabab bo‘lgan? Akalarim, opalarim sabab bo‘lganmi, yoki oiladagi muhit, bilmadim. Opalarim ko‘proq rus tilidagi adabiyotlarni o‘qishgan. Akalarim esa o‘zbekcha kitoblar o‘qishardi. Rus tilidagi kitoblarda nimalar bitilgani meni rosa qiziqtirardi. Shunga opalarimni holi joniga qo‘ymasdan:   ichida nimalar yozilgan, asarda qanday voqealar kechadi, deb so‘roqlayverardim. Opalarim esa: – o‘zing o‘qi, o‘zing o‘rgan, – deb qiziqishimni battar orttirishardi. Afsuski, rus tilini yaxshi bilmaganman. Hozir nabiralarimga aytaman, rus tilini, o‘zbek tilini, ingliz tilini bilasiz. Mazza  qilib uchta tildagi adabiyotni o‘qing. Mendan ham ko‘proq xulosa olasiz,  deyman. Hozir zamon o‘zgargan. Hayot o‘zgardi. Men yetmish yoshda bilgan haqiqatlarni bugun “Gulxan”  o‘quvchisi bilib olayapti. O‘n-o‘n besh yoshdagi bola bilib olayapti. Eng qiyini, to‘g‘ri xulosa chiqarish va uni amaliyotga tadbiq etish. Ko‘rayapsizmi Ibrohimjon, hayotning o‘zi insonni seki-i-in tarbiyalab boradi. Yo‘lga soladi. Birinchi navbatda, adashib qolmaslik darkor. Uncha-muncha juz’iy kamchiliklar bo‘ladi, qoqilishlar bo‘ladi. Ana  shunday paytda yiqilgan joyda,  oyog‘im  lat yedi, jonim og‘riyapti, deb  yotaverish  kerak emas.  “Ehe,   shunga  shunchami, hali butun  boshli  hayot oldinda-ku”, demog‘i kerak.

Bugungi “Gulxan” o‘quvchisi yana sakson yil yashayman, deb mo‘ljal olishi kerak. Mo‘ljallab olib, o‘sha yo‘l bo‘yicha yashashi kerak. Shundagina manfaatli umr bo‘ladi. Hozirda hamma sharoit bor. Yuz foiz, yuz ellik foiz sharoit bor. Mazza qilib o‘qib, hayotda o‘z yo‘lingni top. Manzil topilsa, uyog‘i ketaveradi.

Lekin yana bir narsa – aslo tushkunlikka tushish kerak emas. Aybni boshqalardan qidirish kerak emas. “Falonchi sabab bo‘ldi. Sharoit sabab bo‘ldi”, deyishi kerak emas. “Men sababchiman. Nimaga erishgan bo‘lsam, o‘zim erishdim. Nimagaki erisholmagan bo‘lsam, o‘zim tufayli erisha olmadim”, deb mardona tan olish kerak. Hayotning achchiq haqiqati shu. Bunga tayyorgarlik ko‘rmoq lozim.

Ustoz, hayotni bir kitobga o‘xshatsak, unga har kim o‘z taqdirini  yozadi. Misol uchun, ota umr kitobini bo‘sh varaqlarga to‘ldirib tashlasa, o‘z avlodlariga nima deya oladi?   Eng yomoni, o‘sha bo‘sh sahifalardan iborat kitobni qo‘liga oladiganlar – avlodlaridir. Farzand bunday otaning umr kitobidan nimani o‘qib, nimani tadbiq etib, hayotda to‘g‘ri yashay oladi, hayronman.

 – Juda to‘g‘ri aytding. Har kim o‘z umr kitobini o‘zi yozadi. Umr bo‘yi, kun bo‘yi,  lahzama-lahza yozadi. Bugungi qilingan ish ertaga o‘z javoblarini ko‘rsatadi, aks sadosini beradi. Mana shu so‘zingni o‘zi suhbatimizga xulosa bo‘ldi,  Ibrohimjon.

–  Suhbatimizda bolalikning betashvish ko‘chalarida ham kattalarning tashvishlarini, bolalik zimmasidagi yukni anglatganingiz uchun sizga katta rahmat, ustoz.

 

Ibrohim RixsiboYev suhbatlashdi.

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.