Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Xush kelding, yangi yil

Ko‘ngillarga quvonch bag‘ishlab, yangi orzu, yangi rejalar, ulug‘vor g‘oyalar bilan 2022-yil kirib keldi.  Muhtaram Prezidentimiz Yangi yil  tabrigida  2022-yilni “Inson qadrini ulug‘lash  va faol mahalla yili” deb e’lon qilishni taklif etdilar. Yurtimizda yashayotgan har bir odamning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini ta’minlash ustuvor ahamiyat kasb etishini ta’kidladilar. Barchamizga ushbu ezgu niyatlar va ulug‘ rejalar bilan kirib kelgan “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili” muborak bo‘lsin.

Bayram bayramga ulandi – 14-yanvar kuni O‘zbekiston Qurolli Kuchlari tashkil etilganiga 30 yil to‘ldi. Shu munosabat  hamda Vatan himoyachilari kuni bilan Prezidentimiz yurtning barcha harbiylari va soha faxriylarini shonli sana bilan tabrikladilar. Ularning bir guruhi harbiy unvonlar, orden va medallar bilan taqdirlandi. Tabrikdagi quyidagi satrlarni o‘sib kelayotgan o‘smir yoshlarimiz – bo‘lajak Vatan posbonlari qulog‘iga  quyib olishi kerak, deb o‘ylaymiz.

“...buyuk tarixiy jarayonda xalqimizning harbiy sohadagi boy merosiga tayanib, Jaloliddin Manguberdi, Sohibqiron Amir Temur, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi buyuk sarkarda bobolarimizning jangovar an’analarini munosib davom ettirib kelayotgan, jismoniy va ma’naviy yetuk, zamonaviy bilim, qurol-yarog‘ va texnikalarni puxta egallagan, davlat va xalq manfaatlari uchun har qanday sinov va mashaqqatlarni yengib o‘tishga tayyor bo‘lgan harbiylarimiz faol ishtirok etib kelayotganlari har qanday  e’tirofga munosibdir. Shu ma’noda muqaddas qasamyodiga hamisha sodiq, el-yurt himoyasi yo‘lida metin qalqon bo‘lgan mard va jasur harbiylarimiz O‘zbekistonning chinakam vatanparvar bahodirlari, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz. Xalqimiz o‘zining sizlar kabi botir va dovyurak farzandlari – Vatanimizning haqiqiy posbonlari bilan haqli ravishda faxrlanadi”...

Yangi yil munosabati bilan har birimiz qanday ishlarni amalga oshirishimiz kerakligi haqida o‘ylay boshladik. Sizning ham yil davomida maktabda, oilada, to‘garaklarda bajarishingiz zarur bo‘lgan vazifalarni re­jaga solganingizga ishonamiz. Shu rejaga “Gulxan” jurnalining 2022-yilda chop etiladigan 12 ta sonini o‘qib borishni ham kiritgan bo‘lsangiz, demak siz O‘zbekistondagi eng ilg‘or, ma’rifatga intiluvchi, bilim olishga tashna o‘quvchi ekansiz.                           

Tahririyatimiz ijodkorlari hamda mual­liflarimiz Yangi yilda jurnalni yanada sermazmun, qiziqarli, rang-barang,  o‘quv­chilarni mulohazaga chorlaydigan sahifalar bilan boyitishga  qaror qilishgan. O‘ylaymizki, siz ham jurnal bilan tanishgach, o‘z fikr-mulohazalaringizni bildirasiz, erishayotgan yutuq va natijalaringiz haqida bizga xabar yo‘llaysiz.

Ma’lumki, hozirda yurtimizdagi barcha maktablarda ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha ijodiy targ‘ibotchilar faoliyat yuritishmoqda. Ular maktablardagi iste’dodli bolalarning ilk mashqlarini o‘qib, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib, ayrimlarini jurnalimizga ham jo‘natmoqdalar. Biz esa ularni yana bir qur ko‘zdan kechirib, tahrir qilib, munosiblarini “Gulxan” sahi­falarida yoritmoqdamiz.

Demak, yil bo‘yi siz ziyrak, ijodkor, bilimdon muxlislarimiz  bilan hamkorlikni davom ettiramiz.

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.